Yangilik 10.10.2021 519

Oltinsoy tumanida «Yoshlar innovatsion ishlab chiqarish zonasi» tashkil etilmoqda

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnobod” innovatsion texnoparki qoshida Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida «Yoshlar innovatsion ishlab chiqarish zonasi» tashkil etilmoqda.

Hududda internetdan foydalanish borasidagi muammolarni bartaraf etish maqsadida, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan Oltinsoy tumani markazini Wi-Fi Hotspot dasturi asosida bepul internet bilan taʼminlash yuzasidan zarur infratuzilmalar yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Oltinsoy tumani «Yoshlar innovatsion ishlab chiqarish zonasi»da bir necha turdagi innovatsion mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Xususan, «Bazalt minerali asosida yuqori darajada to‘ldirilgan yuqori haroratga chidamli va mexanik mustahkam kompaundlarni ishlab chiqarish», «Neft – gaz sanoati korxonalari chiqindi oltingugurti asosida modifikatsiyalashgan oltingugurtli beton mahsulotlarini ishlab chiqarish», «Neft –gaz sanoati chiqindisi bo‘lgan oltingugurt asosida avtomobil yo‘llari yo‘l chiziqlari uchun polisulfid polimer bo‘yoqlar ishlab chiqarish ”, «Mahalliy hom ashyolar asosida suv va mineral resurslarni tejovchi, yuqori bo‘kuvchan va bioparchalanuvchi gidrogellar ishlab chiqarish», «Viloyatda chorvachilikda yetishtiriladigan dag‘al junlarni kimyoviy va mexanik qayta ishlash orqali to‘qimachilik sanoati uchun sifatli mayin ip ishlab chiqarish» kabi loyihalar amalga oshiriladi.
Umuman olganda, ilm-fan, biznes va ishlab chiqarishning o‘zaro uyg‘unlashuvi natijasida Oltinsoy tumani hududida g‘oyalar tayyor tijoriy mahsulotga aylantiriladi. Bu, o‘z navbatida, tuman atrofidagi hududlarning ham innovatsion rivojlanishiga xizmat qiladi.
«Yoshlar innovatsion ishlab chiqarish zonasi» yoshlarning innovatsion g‘oyalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish kabi vazifalarni amalga oshiradi. Mazkur ishlab chiqarish zonasi uchun hozirda Oltinsoy tumani Ipok mahallasida joylashgan hokimiyat zahirasidagi 1,2 gektar yer maydoni ajratildi. Mazkur hududda innovatsion mahsulotga ega bo‘lgan yosh tadbirkorlar uchun alohida hudud tashkil qilinadi, shuningdek, “Yashnobod” innovatsion texnoparkining «Biznes inkubatori» – innovatsion g‘oyalarni qo‘llab–quvvatlash dasturi amalga oshiriladi.