Yangilik 08.10.2021 458

Hamdo‘stlik 30 yoshda!

     Minsk shahrida “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining 30 yilligi: natijalar, istiqbollar” mavzuidagi Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z nihoyasiga yetdi. Unda 11 mamlakatdan 300dan ortiq davlat organlari, MDH organlari vakillari, diplomatlar, yetakchi olim va mutaxassislar, yirik ilmiy va o‘quv tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdilar. O‘zbekiston delegatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti akademik Baxtiyor Ibragimov rahbarlik qildi. Anjuman Belorussiya Milliy fanlar akademiyasi tashkilotchiligida Milliy akademiya hay'ati binosida tashkil etildi. Ushbu xalqaro anjuman bilan bir paytda Fanlar akademiyalari xalqaro assotsiatsiyasi kengashining 34-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Har ikki tadbirda ham FA Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev faol ishtirok etdi.

     Xususan, yalpi va seksion majlislarda quyidagi masalalar ko‘tarilib, muhokama qilindi. Iqtisodiy hamkorlik, ilm-fan holati, innovatsion va gumanitar hamkorlik istiqbollari, shuningdek, MDHga a'zo davlatlarning qonunchilik asoslarini takomillashtirish bilan bog‘liq mavzular, epidemiologiyaning dolzarb muammolari, ularning asosiy va klinik jihatlari, xavfsizlik sohasidagi o‘zaro hamkorlik, jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurash, koinotdan foydalanish sohasidagi ilmiy-texnik hamkorlik va hokazo.

     A.Mirzayev ishtirokchilarga “Yangi O‘zbekistonda ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarishning integratsiyalashuvi jarayonlarini FA Navoiy bo‘limi faoliyati misolida” mavzusida ma'ruzasini taqdim etdi. Jumladan, Navoiy bo‘limida bajarilgan, davom etayotgan va istiqbolli loyihalar haqida so‘z yuritdi.

     Bundan tashqari, Bo‘lim va Belorussiyaning “Politexnik” BMTU Ilmiy-texnologik parki o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumi asosida u texnoparkga taklif bilan tashrif buyurib, Belorussiya hamkasblarining ishlanmalari bilan tanishdi. Jumladan, unga detallarni tiklash va qotirish maqsadida gaz-olov purkash va plazmali eritish usullari, polimer qoplamalarni qo‘llash texnologiyalari; kimyoviy, metall quyish, bo‘yash va boshqa sanoat tarmoqlari uchun zararli organik moddalardan havoni adsorbsiyaviy biologik tozalash innovatsion texnologiyasi va uskunasi; energoresurslarni tejash va zarur bo‘lgan ko‘rsatkichlarni monitoring qilish uchun dispetcherlik tizimi taqdim etildi.

     Belorussiyaning “Politexnik” BMTU ITPning tibbiyot sohasidagi ishlanmalari o‘zbek olimlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ya'ni, yurak-qon tomir jarrohlik, travmatologiya va ortopediya yo‘nalishlari uchun texnopark tomonidan ishlab chiqariladigan va bozorda sotuvda bo‘lgan tibbiy asboblar.

     Texnopark rahbariyati Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ishtirokida O‘zbekiston hududida o‘z olimlarining innovatsion ishlanmalarining tayyor mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston-Belorussiya qo‘shma korxonasini yaratish istagini bildirdi. Bu borada kelajakda muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

 

Manba: https://academy.uz/uz/news/hamdostlik-30-yoshda