Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti

No. 1, Golbou Alley, Kamranieh St., Tehran, Iran
Xalqaro moliya instituti
195193
+98(21) 22831733-4
+98(21) 22831732

IHT 1964-yilda Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan "Mintaqaviy Hamkorlikni Rivojlantirish" nomi bilan tuzilgan. Keyin 70-yillarda ichki mintaqaviy savdo susayib ketgani uchun oʻz faoliyatini toʻxtatgan. 1985-yilda "Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti" nomi bilan qaytadan oʻz faoliyatini boshladi. 1992-yilning 28-noyabrida Pokiston poytaxti Islomobod shahrida aʼzo davlatlar Tashqi Ishlar Vazirlari kengashining favqulodda yigʻlishida Afgʻoniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston davlatlari IHTga aʼzo boʻldilar. Tashkilotning asosiy maqsadlari: tashkilotga aʼzo boʻlgan davlatlar oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni, shu jumladan, savdo-sotiqni kengaytirish, har bir aʼzo davlatda iqtisodiy oʻsish va aholining turmush darajasini koʻtarish uchun shart-sharoitlar yaratish, aʼzo davlatlarning maʼnaviy va madaniy aloqalarini kuchaytirish va boshqa maqsadlarni koʻzda tutadi.

Tashkilotning asosiy organlari: Tashqi Ishlar Vazirlarining Kengashi, Doimiy vakillar va mintaqaviy rejalashtirish kengashlari hamda kotibiyatdan iborat. IHT kotibiyatini Bosh Kotib boshqaradi. Kotibiyat 6 ta maxsus direktorat (savdo, transport va kommunikatsiyalar, energetika, mineral resurslar va atrof muhitni himoya qilish, sanoat va qoʻshma korxonalar, iqtisodiy tadqiqotlar va statistika, loyihaviy tadqiqotlar)dan iborat. IHTning mintaqaviy muassasalari: kemachilik kompaniyasi, "EKOEYR" aviakompaniyasi, savdo va rivojlanish banki, qayta sugʻurtalash kompaniyasi, madaniyat instituti, fan fondi va taʼlim institutidan iborat.

Aʼzo davlatlar boshliqlari, Hukumat raislari, Delegatsiyalarining eng muhim iqtisodiy va boshqa masalalar boʻyicha yigʻilish va uchrashuvlari muntazam oʻtkazib turiladi. Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlarining 6-uchrashuvi Tehronda oʻtdi (2000-yil, 9—10-iyul). Tashkilot idorasi Eron poytaxti Tehronda joylashgan.