Prezident nutqi 29.09.2020 162

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Barchamiz yaxshi bilamizki, insonning ongi va dunyoqarashi, fikri o‘zgarmasa, jamiyat o‘zgarmaydi. Jamiyat o‘zgarmagan joyda hech qanday ijobiy natija ham, taraqqiyot ham bo‘lmaydi. Odamlarning ongu tafakkurini o‘zgartiruvchi kuch esa, hech shubhasiz, avvalo, o‘qituvchi-murabbiylar, oliygoh domlalari, ilm-fan arboblari, madaniyat va san’at, adabiyot namoyandalaridir.

Bugun biz yashayotgan jamiyatga yangi fikr, yangi g‘oya, eng muhimi, islohotlarni amalga oshirishga qodir bo‘lgan yangi avlod kadrlari kerak. Albatta, xalqimizning mardona mehnati, o‘qituvchi va murabbiylarning jonbozligi tufayli ta’lim sohasini tubdan modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘p ish qildik. Lekin hammamiz yaxshi tushunamizki, bular – katta maqsad yo‘lida tashlangan dastlabki qadamlar, xolos.

Barchangiz guvohsiz, bugun zamon shiddat bilan o‘zgarib, barcha sohalar qatori ta’lim tizimi oldiga ham o‘ta dolzarb va murakkab vazifalarni qo‘ymoqda. Biz dunyo miqyosidagi keskin raqobatga bardosh bera oladigan milliy ta’lim tizimini yaratishimiz zarur. Shu maqsadda, avvalo, ta’lim maskanlarining moddiy-texnik bazasini, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini zamon talablari asosida takomillashtirish, o‘quv dasturlari va standartlarini optimallashtirish, soha xodimlarining ish haqini bosqichma-bosqich oshirib borish, ularning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash bundan buyon ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Bugun men, avvalo, ta’lim-tarbiya sohasi fidoyilariga, barcha yurtdoshlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman: aziz do‘stlar, birodarlar, agar intilsak, astoydil harakat qilsak, har qanday baland marrani egallash qo‘limizdan keladi. Biz ma’rifat borasida, ta’bir joiz bo‘lsa, “iligi to‘q” xalqmiz. Ilm-fanga intilish bizning qonimizda, bugungi til bilan aytganda, genimizda bor.



“Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”.

Chindan ham, bugun biz ulug‘ niyatlar bilan poydevor qo‘yayotgan yangi Uyg‘onish davri mamlakatimizda mana shunday ulkan boylik yaratishga, xalqimizning hayotini farovon qilishga va kelgusi avlodlarga o‘zimizdan munosib meros qoldirishga xizmat qiladi.

Ishonamanki, o‘z tarixida ne-ne buyuk ishlarni sharaf bilan amalga oshirgan xalqimizning intellektual va ma’naviy salohiyati, kuch-qudrati va olijanob fazilatlariga tayanib, o‘z oldimizga qo‘ygan ulug‘ va ezgu maqsadlarimizga albatta erishamiz.



Men yangi O‘zbekistonni – obod va farovon, demokratik mamlakatni barpo etishda siz, muhtaram pedagoglarni, professor-o‘qituvchilarni o‘zim uchun eng katta kuch, tayanch va suyanch, deb bilaman. Sizlarning hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan faoliyatingizni qo‘llab-quvvatlash, sizlar uchun munosib mehnat va turmush sharoiti yaratib berishni Prezident sifatida o‘zimning muqaddas burchim, deb hisoblayman.