Ilmiy-stajirovka bo'yicha Normativ-huquqiy asos

 

[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.02.00.00 Fan / 13.02.01.00 Umumiy qoidalar]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim;

2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Fan va ilmiy faoliyat]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

qarori

Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2021-yil 3-fevraldagi PF-6155-son Farmoni ijrosini ta’minlash, hududlarda ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish hamda ularning ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi PF-6155-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 166-bandida:

hududlarda ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish, ularning ilmiy salohiyatini oshirish, soddalashtirilgan tartibda yoshlarning ilmiy va startap loyihalarini moliyalashtirish maqsadida ilmiy dasturni amalga oshirish uchun ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari mablag‘lari hisobidan 50,0 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi;

yoshlar uchun e’lon qilinadigan startap loyihalari tanlovi talablarining soddalashtirilgan tizimi ishlab chiqilishi;

2021-yildan boshlab iqtidorli yoshlar o‘rtasida “Akademik harakatchanlik” dasturi va “Bo‘lajak olim” tanlovi tashkil qilinishi;

stajor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirilishi;

iqtidorli yoshlarning ilmiy g‘oyalarini rag‘batlantirish, ularning xorijiy universitetlar va ilmiy markazlarga qisqa muddatli stajirovkalari tashkil etilishi;

yoshlarga ilmiy tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, vazirlik, idora va tashkilotlar huzuridagi ilmiy tuzilmalardagi zamonaviy ilmiy asbob-uskunalardan foydalanish huquqi berilishi nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar:

“Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida respublikadagi yosh olimlar o‘rtasida tanlovlarni tashkil qilish muddati va tartibi, loyihalarga qo‘yilgan talablar, loyihalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruh faoliyatini tashkil etish, loyihalarni ko‘rib chiqish, tanlab olish va amalga oshirish, shuningdek, ularni moliyalashtirish va monitoringini yuritish tartibini nazarda tutuvchi “Akademik harakatchanlik” dasturini shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

ilmiy g‘oya, ilmiy va startap loyihalarni shakllantirish va ularni ko‘rib chiqib, tanlab olish, tanlov komissiyasi faoliyatini tashkil etish, loyihalarni moliyalashtirish va monitoring qilish tartibini nazarda tutuvchi “Bo‘lajak olim” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;

yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, tanlovni o‘tkazish uchun maxsus ekspert guruhi faoliyatini tashkil etish, tanlov g‘oliblarini stajirovkaga yuborish, stajirovkalarni moliyalashtirish, uning yakuni bo‘yicha hisobot taqdim etish tartibini nazarda tutuvchi Yosh olimlarni yetakchi ilmiy tashkilotlarda qisqa muddatli ilmiy stajirovkalar o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilansinki:

“Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida respublika hududidagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar va laboratoriyalarga qisqa muddatli stajirovkalarni amalga oshirish xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirish uchun ajratilgan budjet mablag‘lari doirasida tegishli shartnomaga asosan moliyalashtiriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi 2021-yildan boshlab “Bo‘lajak olim” tanlovini tashkil etish va moliyalashtirish uchun har yili ilmiy faoliyatga oid davlat dasturi doirasida ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 50 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘ ajratadi;

iqtidorli yoshlarni xorijiy oliy ta’lim muassasalar va ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli stajirovkalarini moliyalashtirish tegishli moliya yili uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlarining prognoz parametrlarida nazarda tutiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Akademik harakatchanlik” dasturini amalga oshirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlov natijalariga muvofiq g‘oliblarga taqsimotga asosan ilmiy tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, vazirlik, idora va tashkilotlar huzuridagi ilmiy tuzilmalarning zamonaviy asbob-uskunalaridan foydalanish huquqi beriladi;

stajor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturaga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qabul kvotasi, qoida tariqasida, tegishli o‘quv yili uchun tasdiqlangan oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga qabul qilish umumiy parametrlarining 30 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;

mazkur qaror ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi, 2022-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

2021-yildan boshlab har yili kamida bir marotaba respublikadagi ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlar o‘rtasida “Bo‘lajak olim” va “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida tanlovlarni tashkil etsin;

iqtidorli yoshlarni xorijiy oliy ta’lim muassasalar va ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli stajirovka o‘tashga davriy ravishda, tanlov asosida, har yili kamida bir marotaba yuborishni tashkil etsin;

tashkil etiladigan tanlovlar g‘oliblari tomonidan taqdim etilgan loyihalarni bajarish jarayoni, kalendar ish rejasi amalga oshirilishini doimiy nazorat qilib borish choralarini ko‘rsin;

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i O.M. Umarov va O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2021-yil 19-aprel,

222-son

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son qaroriga
1-ILOVA

“Akademik harakatchanlik” dasturini shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, jumladan ularga vazirlik, idora va tashkilotlar tizimidagi ilmiy tashkilot va oliy ta’lim muassasalarining noyob ilmiy obyektlari, zamonaviy ilmiy laboratoriya va tajriba-konstruktorlik byurolaridan tekin foydalanish huquqini berish bo‘yicha “Akademik harakatchanlik” dasturini (keyingi o‘rinlarda — “Akademik harakatchanlik” dasturi) shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibini belgilaydi.

2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

“Akademik harakatchanlik” dasturi — yosh olimlarning o‘z ish joyidan ajralmagan holda, O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘tkaziladigan ilmiy tadbirlarda ishtirok etish, ilmiy-tadqiqot ishi bo‘yicha loyihalarni (keyingi o‘rinlarda — loyiha) amalga oshirish, shuningdek, tajriba almashishni nazarda tutuvchi dastur;

yosh olim — ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanayotgan ilmiy darajasi, unvoni, lavozimi va ish joyidan qat’i nazar, 40 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;

qabul qiluvchi tashkilot — noyob ilmiy obyektlari, ilmiy asbob-uskunalar, ilmiy laboratoriyalar va tajriba-konstruktorlik byurolariga ega bo‘lgan, loyiha amalga oshirilishi nazarda tutilgan ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari;

ishchi guruh — O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) tuziladigan “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida respublikadagi yosh olimlar o‘rtasida tanlovlarni o‘tkazish, nomzodlar to‘g‘risida xulosa olish hamda ushbu jarayonni muvofiqlashtirish ishlarini tashkil etuvchi guruh.

2-bob. Tanlov tashkil etish tartibi

3. “Akademik harakatchanlik” dasturini bir oydan kam (15 kalendar kundan kam bo‘lmagan) bo‘lgan muddatda amalga oshirishga ishchi guruhning ijobiy xulosasi asosida ruxsat beriladi.

4. Vazirlik “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida respublikadagi yosh olimlar o‘rtasida har yili kamida bir marotaba tanlov (keyingi o‘rinlarda — tanlov) tashkil qiladi.

5. “Akademik harakatchanlik” dasturi olti oygacha bo‘lgan davr mobaynida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.

6. Vazirlik tanlov boshlanishidan kamida bir oy oldin o‘z rasmiy veb-saytida tanlov to‘g‘risida e’lon beradi. Unda arizalarni shakllantirish, ro‘yxatdan o‘tkazish va topshirish tartibi, muddati va talablari ko‘rsatiladi.

7. Nomzodlar tanlovda ishtirok etish uchun o‘zi faoliyat yuritayotgan ilmiy tashkilot yoki oliy ta’lim muassasasining yo‘llanma xati orqali loyihani Vazirlikka taqdim etadi.

8. Loyihada quyidagilar nazarda tutilgan bo‘lishi lozim:

ilmiy-tadqiqot ishining mavzusi va dolzarbligi;

ilmiy-tadqiqot ishining obyekti, predmeti, maqsad va vazifalari, kutilayotgan ilmiy natijalar;

nashr etgan ilmiy ishlari ro‘yxati (mavjud bo‘lsa);

qabul qiluvchi tashkilot tomonidan Vazirlik nomiga taqdim etilgan rozilik xati;

ilmiy laboratoriya yoki tajriba-konstruktorlik byurolarida ilmiy-tadqiqot olib borishning zarurati, muddati va zarur uskuna, material va reaktivlar.

9. Nomzodlarning loyihalari ular faoliyat yuritayotgan muassasalarning ilmiy yoki ilmiy-texnik kengashlari tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

10. Nashr etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati nomzodning ilmiy rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

Oldingi tahrirga qarang.

11. Loyihaga nomzodning ma’lumotnoma-obyektivkasi (anketa) ilova qilinadi.

(11-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6269/0704-son)

12. Tanlovga loyiha hujjatlarini taqdim etish muddati tugagandan so‘ng taqdim etilgan loyihalar ko‘rib chiqilmaydi.

13. Loyihalarni shakllantirish va ularni ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqish hamda tanlab olish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

3-bob. Ishchi guruh faoliyatini tashkil etish tartibi

14. Vazirlik tomonidan har yili tanlovlar o‘tkazilishidan kamida bir oy oldin loyihalarni ko‘rib chiqish uchun ishchi guruh tuziladi.

15. Ishchi guruh o‘z yo‘nalishida kamida 2 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan yuqori malakali (turli vazirlik, idoralar, ilmiy va ilmiy tadqiqot muassasalaridan ham kelishuv asosida jalb etilishi mumkin) kamida 7 nafar toq sonli a’zolardan iborat tarkibda tuziladi. Ishchi guruhga raislik qilish vazifasi vazir o‘rinbosari darajasidagi rahbarga yuklatiladi.

Bunda ishchi guruh raisi, zarur hollarda, tor ixtisoslashuvdagi qo‘shimcha mutaxassislarni (shu jumladan, ishlab chiqarish tashkilotlari mutaxassislarini) loyihalarni ko‘rib chiqish jarayoniga jalb qilishi mumkin.

16. Ishchi guruh yig‘ilishi, unda uning a’zolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.

Yig‘ilishni o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, ishchi guruhning yig‘ilishi o‘tkaziladigan sana e’lon qilinadi.

Ishchi guruhning a’zolari o‘z yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda o‘z vakolatini boshqalarga o‘tkazish huquqiga ega emas.

17. Ishchi guruh yig‘ilishida qabul qilingan qaror yig‘ilish bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma ishchi guruh a’zolari orasidan tanlab olingan kotib tomonidan imzolanadi hamda yig‘ilishga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi.

18. Bayonnoma asosida g‘olib va rad etilgan nomzodlar bo‘yicha natijalar Vazirlik veb-saytida joylashtiriladi hamda innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘i qabul qilingandan so‘ng g‘olib nomzodlarning loyihalari amalga oshiriladi.

4-bob. Loyihalarni ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqish va tanlab olish tartibi

19. Tanlov doirasida loyihalar qabul qilinishi yakunlangandan so‘ng 20 kun muddat ichida ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqiladi va tanlab olinadi.

20. Ishchi guruh tomonidan nomzodlarning loyihalar himoyasi (taqdimot ko‘rinishida) o‘tkazilib, yakuniy xulosaga kelinadi.

21. Loyiha quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

loyiha mavzusining mamlakat fan va texnologiyalarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga mosligi — 15 ballgacha;

loyiha mavzusining yangiligi va dolzarbligi — 15 ballgacha;

noyob ilmiy obyektlar, ilmiy laboratoriya va tajriba-konstruktorlik byurolarida o‘tkaziladigan tajribalardan kutilayotgan natijalarning ilmiy samaradorligi — 15 ballgacha;

nomzod tomonidan taqdim etilgan Loyihani amalga oshirish kalendar ish rejasining puxta ishlab chiqilganligi — 25 ballgacha;

Loyihani amalga oshirish uchun talab etiladigan xarajatlarning asoslanganligi — 15 ballgacha;

nomzodning ilmiy darajasi — 15 ballgacha (fan doktoriga 15 ball, falsafa doktoriga 10 ball va izlanuvchiga 5 ball).

22. Loyihalar ishchi guruh qarori bilan 50 dan yuqori ball to‘plagan nomzodlar g‘olib deb topilishi mumkin.

23. Tanlov g‘oliblariga sertifikat beriladi.

Sertifikatning amal qilish muddati loyihaning amalga oshirish muddatlari bilan bir xil davrda belgilanadi.

5-bob. G‘oliblar tomonidan loyihalarni amalga oshirish tartibi

24. Vazirlik tomonidan “Akademik harakatchanlik” dasturini amalga oshirish bo‘yicha tanlov natijalariga muvofiq g‘oliblarga kelishuvga asosan qabul qiluvchi tashkilotlar tomonidan asossiz ravishda loyihaning rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

25. Vazirlik loyihaning amalga oshirish kalendar rejasini qabul qiluvchi tashkilot bilan kelishilgan holda tasdiqlanishini ta’minlaydi.

26. G‘olib yosh olim tomonidan loyihani amalga oshirish jarayonida qabul qiluvchi tashkilotga quyidagi majburiyatlar yuklatiladi:

loyihani amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;

ushbu jarayonga ilmiy rahbar (maslahatchi) tayinlash;

noyob ilmiy obyektlar, ilmiy laboratoriya va tajriba-konstruktorlik byurolarining ilmiy asbob-uskunalaridan foydalanish uchun mutaxassis biriktirish;

loyiha doirasida dala yoki sanoat tajribalarini o‘tkazishga ko‘maklashish;

mavjud axborot-resurs bazalari, kutubxonalar va ilmiy fonddan foydalanish imkoniyatini yaratish;

ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini tahlil qilish va hisobotlar tayyorlashda ko‘maklashish;

tegishli kafedralarda (bo‘limlarda) loyihaning olib borilishi yuzasidan ilmiy xodim hisobotlarni ko‘rib chiqish va zarur yo‘llanmalar berib borish.

27. Qabul qiluvchi tashkilot tomonidan tayinlangan ilmiy rahbar (maslahatchi)ning vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

g‘olib yosh olim bilan birgalikda loyihani amalga oshirish kalendar ish rejasini ishlab chiqish va uning o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish;

g‘olib yosh olimga ilmiy-tadqiqot ishini olib borishi uchun zarur bo‘lgan maslahatlar berib borish;

loyihani amalga oshirish jarayonlari qayd etilgan jurnalni tasdiqlab borish.

28. G‘olib yosh olimning majburiyatlari quyidagilardan iborat:

qabul qiluvchi tashkilotning ichki mehnat tartibi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish;

qabul qiluvchi tashkilotning moddiy-texnika bazasidan oqilona va samarali foydalanish;

loyihani amalga oshirish jarayonlarini qabul qiluvchi tashkilot tomonidan tasdiqlangan va muhrlangan jurnalda qayd etib borish;

ilmiy-tadqiqot natijalari asosida kamida bitta ilmiy maqolani nufuzli xorijiy (imkon qadar impakt faktorga ega bo‘lgan) jurnallarda chop etish;

ilmiy rahbar (maslahatchi)ning ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish va kafedra (bo‘lim) yig‘ilishlarida bajarilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berib borish.

6-bob. Loyihalarni moliyalashtirish va uning monitoringi

29. G‘olib yosh olimlarning “Akademik harakatchanligi” dasturi doirasida loyihani bajarish bo‘yicha xarajatlarni qoplash ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan budjet mablag‘lari hisobidan ishchi guruh xulosasiga muvofiq innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘i hamda Vazirlik, g‘olib yosh olim faoliyat yuritayotgan muassasa va qabul qiluvchi tashkilot o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma bo‘yicha moliyalashtirish amalga oshiriladi.

30. Loyiha xarajatlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

xizmat safarlari xarajatlari (transport, yashash va ovqatlanish xarajatlari);

noyob ilmiy obyektlar, ilmiy laboratoriya va tajriba-konstruktorlik byurolari moddiy-texnika bazasidan foydalanish xarajatlari (kommunal to‘lovlar, kimyoviy reaktivlardan foydalanish xarajatlari va boshqalar). Bunda tashkiliy uskunalarni sotib olish (kompyuter, printer va boshqalar) hisobga olinmaydi;

qo‘shimcha xarajatlar (asoslantirilgan holda umumiy mablag‘ning 15 foizidan ko‘p bo‘lmagan holda);

ilmiy rahbar (maslahatchi)ga har oyda to‘lanadigan ish haqi to‘lovlari (katta ilmiy xodim ish haqining 0,5 baravarigacha).

Talab qilinadigan mablag‘larning umumiy hajmi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan oshmasligi lozim.

31. Ushbu Nizomning 30-bandida ko‘zda tutilgan xarajatlar Vazirlikka ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan budjet mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda, g‘olib yosh olim faoliyat yuritayotgan tashkilotga tanlov natijalari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan yosh olimning “Akademik harakatchanlik” dasturini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash maqsadida moliyalashtiriladi.

32. G‘olib yosh olim faoliyat yuritayotgan muassasaga “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida ajratilgan va moliya yili davomida foydalanilmay qolgan qoldiqlari yil oxirida budjetga qaytariladi.

33. G‘olib yosh olimning asosiy ish joyidagi lavozimi va oylik ish haqi loyihani bajarish davomida saqlanib qolinadi.

34. “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida bajariladigan loyihalarni muvofiqlashtirish, kalendar ish rejasining bajarilishini monitoring qilish g‘olib yosh olim faoliyat yuritayotgan tashkilotlarning ilm-fan va innovatsiyaga mas’ul bo‘lgan rahbar o‘rinbosari tomonidan olib boriladi.

35. Loyihaning amalga oshirilishi monitoring natijalariga ko‘ra yosh olim faoliyat yuritayotgan yoki qabul qiluvchi tashkilotlar tashabbusi bilan loyihani moliyalashtirish quyidagi hollarda Vazirlik tomonidan to‘xtatilishi mumkin:

g‘olib yosh olim tomonidan loyiha umuman yoki tegishli darajada (rejadan ortda qolish, rejaning bir nechta bandlari) bajarilmayotgan bo‘lsa;

ilmiy-tadqiqot ishlari jarayonida natijaga erishish mumkin emasligi ma’lum bo‘lsa;

qabul qiluvchi tashkilotning ichki tartib-qoidalarini ikki va undan ortiq marta qo‘pol tarzda buzish holatlari kuzatilsa;

g‘olib yosh olimga bog‘liq bo‘lmagan holda tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlarini bajarish jarayonida ishni davom ettirish mumkin emasligi yoki maqsadga muvofiq emasligi ma’lum bo‘lsa.

36. Loyiha bajarilishi yakunlanganidan so‘ng qabul qiluvchi tashkilot va g‘olib yosh olim o‘rtasida loyihani amalga oshirish xarajatlari ko‘rsatilgan holda bajarilgan ishlar bo‘yicha dalolatnoma tuziladi.

37. G‘olib yosh olim “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida olib borilgan loyiha natijalari hisoboti faoliyat yuritayotgan muassasa rahbari tomonidan tasdiqlangan holda ilmiy, ilmiy-texnik kengashda muhokama qilingani haqidagi yig‘ilish bayonnoma ko‘chirmasi, ajratilgan mablag‘larning sarflanganligi bo‘yicha hisobot Vazirlikka taqdim etiladi.

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

38. Ilgari “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida g‘olib bo‘lgan yosh olimlarning keyingi tanlovlarga aynan shu loyiha bilan ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

39. Tanlov natijalaridan norozi bo‘lgan nomzod natijalar e’lon qilingan kundan boshlab o‘n besh kalendar kun ichida Vazirlikka apellatsiya berish huquqiga ega. Apellatsiya yozma ravishda taqdim etiladi.

Ishchi guruh bir hafta muddatda kiritilgan apellatsiyani ko‘rib chiqadi va Vazirlik belgilagan muddatda talabgorga qabul qilingan qaror haqida yozma ravishda xabar beradi.

40. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

“Akademik harakatchanlik” dasturini shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA

“Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida tashkil etiladigan tanlov uchun ilmiy-tadqiqot ishi bo‘yicha loyihalarni shakllantirish va ularni ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqish hamda tanlab olish

SXEMASI

Bosqichlar

 

Subyektlar

 

Amalga oshiriladigan tadbirlar

 

Bajarish muddatlari

             

1-bosqich

 

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (Vazirlik)

 

“Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida respublikadagi yosh olimlar uchun o‘z veb-saytida tanlov to‘g‘risida e’lon joylashtirish

 

Tanlov boshlanishidan bir oy oldin

             

2-bosqich

 

Vazirlik

 

Tanlov uchun topshirilgan loyihalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Vazirlik tomonidan ishchi guruh tuzish

 

Tanlov boshlanishidan kamida bir oy oldin

             

3-bosqich

 

Tanlov ishtirokchisi

 

Tanlovda ishtirok etish uchun faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalarining yo‘llanma xati orqali loyihalar taqdim etish

 

Tanlov e’lon qilingandan so‘ng bir oy muddatda

             

4-bosqich

 

Ishchi guruh

 

Nomzodlarning loyihalar himoyasini o‘tkazib, (taqdimot ko‘rinishida himoya qilishlari talab etiladi) yakuniy xulosaga kelish

 

Loyihalar qabul qilish yakunlangandan so‘ng 20 kun ichida

             

5-bosqich

 

Vazirlik

 

G‘olib nomzodlarning loyihalarini amalga oshirishlari uchun innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘ini qabul qilish

 

Ishchi guruh xulosasi yakunlangandan so‘ng 10 kun ichida

             

6-bosqich

 

Vazirlik

 

Tanlov g‘oliblarini internet nashrlari va Innovatsion rivojlanish vazirligi rasmiy veb-saytida e’lon qilish

 

5-bosqich yakunlangandan so‘ng 10 kun ichida

“Akademik harakatchanlik” dasturini shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA

       

NAMUNA

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI INNOVATSION RIVOJLANISh VAZIRLIGI

O‘zbekiston Respublikasidagi noyob ilmiy obyektlar, ilmiy laboratoriya va tajriba-konstruktorlik byurolaridan foydalanish uchun

SERTIFIKAT
№ ___________

         
   

20__ yil “___” _________ gacha amal qiladi

         

Ushbu sertifikat “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasidagi noyob ilmiy obyektlari, ilmiy asbob-uskunalar, ilmiy laboratoriyalar va tajriba-konstruktorlik byurolaridan foydalanish huquqini beradi

         

___________________________________________________________________________________________
___________________________________________________________________________________________
(Tanlov g‘olibi faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot nomi)


Tanlov g‘olibi F.I.O._____________________________________________________________

         
         

_____________________________
rahbar/u vakolat bergan shaxs

___________
imzo

____________________________
F.I.O.

M.O‘.

   

20__ yil “___” ____________

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son qaroriga
2-ILOVA

“Bo‘lajak olim” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom “Bo‘lajak olim” tanlovini (keyingi o‘rinlarda — tanlov) tashkil etish, yoshlarning ilmiy g‘oyalarini rag‘batlantirish hamda ilmiy va startap loyihalarini moliyalashtirish, monitoring qilish tartibini belgilaydi.

2. Mazkur tanlov doirasida arizalarni qabul qilishga O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) huzuridagi Yoshlar akademiyasi (keyingi o‘rinlarda — Yoshlar akademiyasi) mas’ul hisoblanadi.

3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:.

“Bo‘lajak olim” tanlovi — ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlar va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish, ularning ilmiy salohiyatini oshirish, soddalashtirilgan tartibda yoshlarning ilmiy g‘oyalarini rag‘batlantirishga hamda ilmiy va startap loyihalarini moliyalashtirishga qaratilgan tanlov;

Tanlov komissiyasi — tanlov doirasida kelib tushadigan ilmiy g‘oyalar, ilmiy va startap loyihalar uchun alohida tuziladigan, tanlovlarni o‘tkazish, g‘oliblar to‘g‘risida xulosa olish hamda ushbu jarayonni muvofiqlashtiradigan Vazirlikda tashkil etiladigan komissiya;

yosh olim — ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanayotgan ilmiy darajasi, unvoni, lavozimi va ish joyidan qat’i nazar, 40 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;

ilmiy g‘oya — ilmiy dalil, muammo, faraz, nazariya kabi voqelikni aks ettirish shakllaridan biri bo‘lib, fan taraqqiyotning samarasi, ilmiy kashfiyotlarning natijasi sifatida paydo bo‘ladigan, turli fan sohalarining asosiy tamoyillari, ustuvor qoidalari asosida ishlab chiqilgan loyiha;

ilmiy loyiha — aniq maqsadlarga erishish va vazifalarni hal etish uchun asosan yangi bilimlarni qo‘llashga yo‘naltirilgan amaliy tadqiqotlar va/yoki innovatsiyani yaratish va ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan innovatsion tadqiqotlar;

startap loyiha — amalga oshish xavfi yuqori bo‘lgan sharoitda yangi mahsulot yoki xizmat turini yaratuvchi innovatsion ishlanmalarning qo‘llanilishi, ko‘lami va tez o‘sish sur’ati bilan farqlanadigan yangi biznes loyiha;

ilmiy ekspertiza — ilmiy loyihalar bo‘yicha asoslantirilgan qaror qabul qilish maqsadida uni o‘rganish, tahlil qilish, baholash va xulosa tayyorlashga qaratilgan faoliyat;

texnik ekspertiza — taqdim etilgan ilmiy loyihalarning ushbu Nizom talablarga muvofiqligi, shuningdek, ilmiy loyiha hujjatlariga ko‘ra taqdim etilgan ma’lumotlarni tahlil qilishda xatolarni aniqlash;

talabgor — ilmiy g‘oya, ilmiy va startap loyihani ishlab chiqqan iqtidorli yosh olim va/yoki uning jamoasi;

Kollegial organ — Vazirlik hay’ati.

4. Tanlov har yili kamida bir marotaba tashkil etiladi.

2-bob. Ilmiy g‘oya, ilmiy va startap loyihalarni shakllantirish va ularni ko‘rib chiqib, tanlab olish tartibi

1-§. Ilmiy g‘oya, ilmiy va startap loyihalarni shakllantirishga qo‘yiladigan umumiy talablar

5. Tanlovga iqtidorli yoshlar va yosh olimlarning ilmiy va innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish hamda ularning ilmiy ijodiy g‘oyalari, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning muammolari yechimiga qaratilgan ilmiy g‘oyalar, ilmiy va startap loyihalar qabul qilinadi.

6. Vazirlik tanlov boshlanishidan bir oy oldin o‘z rasmiy veb-saytiga arizalarni shakllantirish, ro‘yxatdan o‘tkazish va topshirish tartibi, muddati va talablari ko‘rsatilgan e’lonni joylashtiradi.

7. Bir kalendar yili davomida e’lon qilingan tanlov doirasida g‘olib deb topilgan talabgorlar shu davr ichida navbatdagi tanlovlarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

8. Tanlov doirasida ilmiy g‘oyalar asosida maket va (yoki) prototip yaratishning hamda ilmiy va startap loyihalarni amalga oshirishning eng ko‘p muddati bir yilgacha bo‘lishi mumkin.

2-§. Tanlov komissiyasi faoliyatini tashkil etish tartibi

10. Tanlov doirasida kelib tushadigan ilmiy g‘oyalar, ilmiy va startap loyihalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Tanlov komissiyasi tarkibi xar yil yanvar oyida Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.

11. Tanlov komissiyasi o‘z yo‘nalishida kamida 2 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan yuqori malakali (turli vazirlik, idoralar, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar, xususiy sektor vakillaridan ham kelishuv asosida jalb etilishi mumkin) kamida 7 nafar toq sonli a’zolardan iborat tarkibda tuziladi. Tanlov komissiyasiga raislik qilish vazifasi vazir o‘rinbosari darajasidagi rahbarga yuklatiladi.

Bunda Tanlov komissiyasi raisi, zarur hollarda tor ixtisoslashuvdagi mutaxassislarni (shu jumladan, ishlab chiqarish korxona va tashkilotlar mutaxassislarini) qo‘shimcha ravishda ilmiy g‘oya, ilmiy va startap loyihalarni ko‘rib chiqish jarayoniga jalb qilishi mumkin.

12. Tanlov komissiyasi majlisi, unda Tanlov komissiyasi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.

Tanlov komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlar bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.

Tanlov komissiyasi majlislari ochiq muhokama shaklida tashkil etiladi.

13. Tanlov komissiyasining xar bir a’zosiga yil yakuni bo‘yicha erishilgan natijalarga muvofiq tanlovni moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik mukofot puli (barcha soliq va majburiy to‘lovlar ushlab qolingan holda) beriladi.

Mukofot pulini berish (tayinlash) innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘iga muvofiq amalga oshiriladi.

3-§. Ilmiy g‘oyalarni ko‘rib chiqish va tanlab olish tartibi

14. Ilmiy g‘oyalarni ko‘rib chiqish Tanlov e’lon qilingandan so‘ng, iqtidorli yoshlarning aniq amalga oshirish mexanizmlari, muddati va dastlabki natijalari ko‘rsatilgan ilmiy g‘oyalari asosida amalga oshiriladi.

15. Ilmiy g‘oyalar bo‘yicha arizalar Vazirlik tomonidan belgilangan muddatlar, talablar va shakllarga muvofiq kamida ikki oy muddatda ikki bosqichda quyidagi tartibda talabgorlarning saralash tanlovlarini o‘tkazadi.

1-bosqichda kiritilgan ilmiy g‘oyalar ushbu Nizomning 14-bandiga mos ravishda to‘liq taqdim etilganligi va rasmiylashtirilganligi Yoshlar akademiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Yoshlar akademiyasi zarur holatlarda, taqdim etilgan ilmiy g‘oyalar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar, taqdimotlar talab etishi va ilmiy g‘oyalarni o‘rganishda tegishli mutaxassislarni jalb qilishi mumkin.

Tanlov doirasida talabgor tomonidan taqdimot qilingan ilmiy g‘oyalarda kamchilik mavjud bo‘lgan taqdirda, talabgorga takomillashtirish uchun qaytariladi. Talabgor ilmiy g‘oyani bir oy muddat ichida takomillashtirilgan holda qayta taqdim etadi. Bir oydan kech taqdim etilgan ilmiy g‘oyalar qabul qilinmaydi.

1-bosqich natijalari bo‘yicha tanlovning 2-bosqichida ishtirok etadigan talabgorlar to‘g‘risida yig‘ma ro‘yxat shakllantiriladi.

2-bosqichda talabgorlar o‘z ilmiy g‘oyalarini Tanlov komissiyasi oldida taqdimot (prezentatsiya) ko‘rinishida himoyasini o‘tkazadilar. 2-bosqich tanlovlar davrida taqdimot himoyasida uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan talabgorlarning ilmiy g‘oyasi Tanlov komissiyasining qaroriga asosan rad etilishi mumkin.

Taqdimot himoyasida talabgorlar ilmiy g‘oyani qisqa, lo‘nda va asoslangan holda ochib berishi hamda puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda ishtirok etishlari talab etiladi.

Bunda Tanlov komissiyasi taqdimot natijalariga asosan yakuniy xulosa tayyorlashda quyidagi baholash mezonlariga amal qiladi:

ilmiy g‘oyani jamiyat va iqtisodiyotdagi ma’lum bir muammoning yechimiga qaratilganligi — 30 ballgacha;

ilmiy g‘oyaning amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘larning aniq va asoslangan hisob-kitob qilinganligi — 30 ballgacha;

ilmiy g‘oyaning aniq amalga oshirish mexanizmlari, muddati va dastlabki natijalari ko‘rsatilganligi — 40 ballgacha.

16. Talabgorlarni baholash hamda g‘olib deb topish Tanlov komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Bunda, kamida 50 ball to‘plagan ilmiy g‘oyalar Tanlov komissiyasi qarori bilan g‘olib deb topilishi mumkin.

G‘olib deb topilgan talabgorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Vazirlik veb-saytida joylashtiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘i bilan g‘olib talabgorlarning ilmiy g‘oyalari amalga oshirish uchun rag‘batlantiriladi.

Bir talabgor uchun ilmiy g‘oyani amalga oshirish uchun talab qilinadigan mablag‘larning umumiy hajmi bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan oshmasligi lozim.

17. Ilmiy g‘oyalarni ko‘rib chiqish va tanlab olish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

4-§. Ilmiy loyihalarni shakllantirish va ularni ko‘rib chiqib, tanlab olish tartibi

18. Tanlov doirasida e’lon qilinadigan ilmiy loyiha mavzulari Yoshlar akademiyasi tomonidan davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, ilmiy faoliyat subyektlarining asoslangan takliflari, shuningdek, fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning mavjud muammolari, tijoratlashtirish imkoniyati mavjud yakuniy tayyor mahsulot/texnologiyalarga bo‘lgan ehtiyojlari asosida shakllantiriladi.

19. Shakllantirilgan ilmiy loyiha mavzulari Tanlov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilganidan so‘ng belgilangan tartibda Vazirlik tomonidan e’lon qilinadi.

E’lon qilingan ilmiy mavzular asosida talabgorlar tomonidan kiritilgan ilmiy loyihalar Yoshlar akademiyasi tomonidan qabul qilinadi va texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.

Vazirlik tanlov doirasida yosh olimlarning takliflariga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning mavjud muammolari, tijoratlashtirish imkoniyati mavjud yakuniy tayyor mahsulot yoki texnologiyalarga bo‘lgan ehtiyojlari bo‘yicha mavzu e’lon qilinmagan yo‘nalishlarda tashabbuskor ilmiy loyihalar qabul qilishi mumkin.

Tashabbuskor ilmiy loyihalar bo‘yicha arizalar Vazirlik tomonidan belgilangan talablar, muddatlar, tashabbuskor loyihalarning yo‘nalishlari va shakllarga muvofiq taqdim etiladi. Bunda ilmiy loyihalarni amalga oshirish mexanizmi, muddatlari va kutilayotgan natijalar ko‘rsatilgan bo‘lishi zarur.

20. Tanlov doirasida e’lon qilinadigan ilmiy loyiha mavzulari va tashabbuskor ilmiy loyihalar bo‘yicha arizalar Vazirlik tomonidan belgilangan muddatlar, talablar va shakllarga muvofiq ilmiy loyihalarning saralash tanlovlarini o‘tkazadi.

Vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan shakllantiriladigan va muvofiqlashtiriladigan tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha ekspertlar jamoasi qabul qilingan ilmiy loyihalarni baholash va ularni ko‘rib chiqish uchun belgilangan tartibda ilmiy ekspertiza jarayonini amalga oshiradi.

Tanlovga hujjatlar topshirish muddatining oxirgi sanasigacha tanlov hujjatlarida belgilangan talablarga javob beradigan kamida bitta ilmiy loyiha arizasi kelib tushgan bo‘lsa, tanlov haqiqiy deb hisoblanadi.

Texnik va ilmiy ekspertizada ijobiy baholangan va moliyalashtirishga tavsiya etilgan ilmiy loyihalarining yakuniy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror Kollegial organ tomonidan qabul qilinadi.

Agar tanlovda e’lon qilingan mavzu bo‘yicha hech kim qatnashmagan bo‘lsa, u holda tanlov bo‘lmagan deb hisoblanadi. Bu holda Vazirlik ushbu loyiha bo‘yicha bir xil shartlar va talablar asosida qayta tanlov o‘tkazishi mumkin.

Agar loyihalarning texnik ekspertizasi natijalariga ko‘ra, Vazirlik barcha loyihalarni rad etsa, tanlov bo‘lmagan deb topiladi va qayta tanlov e’lon qilinadi.

Tanlov hujjatlari shartlarini o‘zgartirmasdan, qayta tanlovda yangi takliflarni qabul qilish muddati kamida o‘n ish kuni deb belgilanadi. Agar qayta tanlovga muqobil loyiha arizasi kelib tushmasa, belgilangan tartibda Kollegial organga yo‘naltiriladi. Ushbu mavzu bo‘yicha qayta e’lon qilmaslik qaror qabul qilinishi mumkin.

Bitta ilmiy loyihani amalga oshirish uchun talab qilinadigan mablag‘larning umumiy hajmi bazaviy hisoblash miqdorining 2000 baravaridan oshmasligi lozim.

21. Ilmiy loyihalarni shakllantirish va ularni ko‘rib chiqib, tanlab olish ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

5-§. Startap loyihalarni shakllantirish va ularni ko‘rib chiqib, tanlab olish tartibi

22. Startap loyihalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish Tanlov e’lon qilingandan so‘ng, talabgorlarning aniq amalga oshirish mexanizmlari, muddati va dastlabki natijalari ko‘rsatilgan startap loyihalari asosida amalga oshiriladi.

Tanlov doirasida talabgorlar tomonidan yuborilgan startap loyihalari Yoshlar akademiyasi tomonidan qabul qilinadi.

23. Startap loyihalar bo‘yicha arizalar Vazirlik tomonidan belgilangan muddatlar, talablar va shakllarga muvofiq talabgorlarning saralash tanlovlarini o‘tkazadi.

1-bosqich taqdim etilgan arizalarning tanlov shartlariga mosligi, hayotga tatbiq etish darajasi va natijadorligi yuzasidan Tanlov komissiyasi majlislarida startap loyiha taqdimoti bilan ishtirok etadi.

24. Tanlov komissiyasi majlislarida startap loyihalar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

startap loyihaning innovatsionligi — avval qo‘llanilmagan texnologiyalar va (yoki) jarayonni tashkil etish tamoyillari yoki avval ishlab chiqarilmagan mahsulotning yangi qo‘llanilish darajasi — 20 ballgacha;

startap loyihaning investitsiyaviy jozibadorligi — qo‘shimcha daromad keltiradigan hamda uni amalga oshirishda investitsiyalar xavfini kamaytiradigan qulay investitsion va innovatsion sharoitlar va afzalliklar yig‘indisi — 20 ballgacha;

startap loyihani amalga oshirish samaradorligi — 20 ballgacha;

startap loyihaning resurs bilan ta’minlanganligi — loyihani texnik amalga oshirish imkoniyatlari (moddiy-texnik baza, xodimlar, muhofaza hujjatlari mavjudligi va boshqalar) — 10 ballgacha;

startap loyiha uchun ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, eksportga yo‘naltirilgan yoki import o‘rnini bosadigan ilmiy hajmdor mahsulotlarni olishni tashkil qilish istiqbollari — 30 ballgacha.

25. Tanlov komissiyasining startap loyihalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha majlisi natijalari bo‘yicha kamida 50 ball to‘plagan startap loyihalar 1-bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi hamda Vazirlikning tegishli bo‘limi tomonidan o‘tkaziladigan 2-bosqich moliyaviy-iqtisodiy ekspertizasiga yo‘naltiriladi.

Moliyaviy ekspertizadan muvaffaqiyatli o‘tgan startap loyihalar Yoshlar akademiyasi tomonidan Kollegial organga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi. Kollegial organ startap loyiha to‘g‘ri va xolis ekspertizadan o‘tkazilganligini tekshirish maqsadida qo‘shimcha ekspertiza tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

Qo‘shimcha ekspertiza o‘tkazish tartibi Kollegial organ tomonidan tasdiqlanadi.

26. Kollegial organ tomonidan startap loyihani moliyalashtirish yoki moliyalashtirmaslik to‘g‘risidagi qaror qabul qilinadi va O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

27. Bir talabgorga startap loyihani amalga oshirish uchun talab qilinadigan mablag‘larning umumiy hajmi bazaviy hisoblash miqdorining 3000 baravaridan oshmasligi lozim.

Startap loyihani amalga oshirish maqsadida 20 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda pul yoki moddiy qiymat ko‘rinishida qo‘shimcha moliyalashtirish bo‘yicha sherik mavjud bo‘lgan taqdirda, kollegial organning tegishli qarori bilan startap loyihaga moliyalashtirishda ustuvorlik berilishi mumkin.

28. Startap loyihani ko‘rib chiqish va tanlab olish ushbu Nizomga 3-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

3-bob. Ilmiy g‘oya, ilmiy va startap loyihalarni moliyalashtirish tartibi

29. Tanlovni tashkil etish va moliyalashtirish har yili Davlat budjetidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida ajratiladigan mablag‘lar hisobidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

30. Tanlov komissiyasi muvaffaqiyatli deb topgan va tasdiqlagan ilmiy g‘oyalarni rag‘batlantirish innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘i qabul qilingandan so‘ng amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘iga asosan muvaffaqiyatli o‘tgan ilmiy g‘oya mualliflariga pul mablag‘lari ularning nomiga ochilgan bank kartasiga o‘tkazib beriladi.

31. Kollegial organ qaroriga muvofiq moliyalashtirishga tavsiya etilgan ilmiy loyihalar O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘i qabul qilingandan so‘ng amalga oshiriladi.

Ilmiy loyihalarni bajarish uchun Vazirlik bilan g‘olib talabgor va ilmiy loyihaning ijrochi tashkiloti o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi.

Ilmiy loyihalarni moliyalashtirishda hisob-kitoblar va moliyaviy rejaning shakllari, tartibi, xarajatlarning hajmi hamda turlarini aniqlash tartibi Vazirlik tomonidan belgilanadi.

Ajratilgan mablag‘lar ilmiy izlanishlar olib borishga, shuningdek, ish haqidan tashqari, umumiy mablag‘ning kamida 40 foizi ilmiy asbob-uskunalar, xomashyolar hamda boshqa zarur materiallarni xarid qilish va natijada yuqori qiymatga ega, tijoratlashtirish imkoni yuqori bo‘lgan yangi mahsulot (xizmat)larni ishlab chiqarishni ta’minlashga yo‘naltirilishi lozim.

32. Kollegial organ qaroriga muvofiq moliyalashtirishga tavsiya etilgan startap loyihalar innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘i qabul qilingandan so‘ng amalga oshiriladi.

33. Startap loyihalarni moliyalashtirish Vazirlik bilan tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib talabgor faoliyat yuritayotgan (yoki u tomonidan tashkil etiladigan) startap loyihani amalga oshiruvchi yuridik shaxs o‘rtasida tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.

34. Moliyalashtirilayotgan startap loyihalar ijrochi tashkilotlari belgilangan tartibda Vazirlik huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi, Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferining milliy ofisi yoki “Yashnobod” innovatsiya texnoparki rezidenti maqomini olish huquqiga ega.

4-bob. Ilmiy g‘oya, ilmiy va startap loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilish tartibi

35. Tanlov doirasida ilmiy va startap loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilish Vazirlik bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Monitoring loyiha tasdiqlangan rejaga muvofiq bajarilishi, moliyaviy mablag‘larning maqsadga muvofiq sarflanishi, belgilangan muddatlarda hisobotlar taqdim etilishi va olingan natijalarning samaradorligini baholashni o‘z ichiga oladi.

Ilmiy va startap loyihalarining monitoring natijalari bo‘yicha jamlanma hisobotni belgilangan tartibda qabul qilish, shuningdek, ularni bajarish bo‘yicha axborot va boshqa tahliliy materiallar tayyorlash Yoshlar akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

36. Ilmiy g‘oyalarni amalga oshirish jarayonini monitoring qilish Yoshlar akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Ilmiy g‘oyalar bo‘yicha belgilangan ishlarni o‘z muddatida bajarmaslik, shuningdek, hisobotlarni topshirish muddatlari va moliyaviy intizomni buzish Yoshlar akademiyasining tashabbusi bilan talabgorning ikki yilga Tanlovda qatnashishini rad etish uchun asos bo‘ladi.

37. Ilmiy va startap loyihalarning natijalari monitoringi Vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan amalga oshiriladi.

38. Zarur hollarda tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha ekspertlar jamoasi bilan birgalikda mustaqil ekspert va mutaxassislarni jalb etgan holda, ilmiy va startap loyihalarning bajarilishi monitoringini amalga oshiradi.

Monitoring quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

taqdim etilgan hisobotlarni ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqish;

ilmiy loyiha rahbarining taqdimot shaklidagi hisobotlari bilan tanishish;

zarur hollarda ilmiy loyihani bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganish.

Ilmiy loyihani masofadan yoki bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganishda quyidagi asosiy jihatlarga e’tibor qaratilishi lozim:

ilmiy loyiha bo‘yicha imzolangan shartnoma va uning kalendar rejasiga asosan bajarilish holati;

ijrochi tashkilot tomonidan ilmiy loyihaning amalga oshirilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilganligi;

ajratilgan moliyaviy mablag‘ning maqsadli sarflanayotganligi;

ilmiy loyihalar natijalari bo‘yicha yetakchi xorijiy jurnallarda maqolalar chop etish borasida erishilgan natijalar va ularning mavjud salohiyatga nisbatan qiyosiy tahlili;

har bir loyiha doirasida qo‘lga kiritiladigan yakuniy natijalar va ularni tijoratlashtirish imkoniyatlari.

39. Ilmiy va startap loyihalar bo‘yicha belgilangan ishlarning alohida bosqichlarining rejalashtirilgan hajmlarini o‘z muddatida bajarmaslik, shuningdek, hisobotlarni topshirish muddatlarini va moliyaviy intizomni buzish Vazirlikning tashabbusi bilan moliyalashtirish to‘xtatilishiga va shartnoma bekor qilinishiga asos bo‘lishi va ilmiy loyihalarning ijrochi tashkilotlariga nisbatan tegishli choralar ko‘rishga olib kelishi mumkin.

40. Ilmiy va startap loyihalar monitoringi natijalari bo‘yicha Vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazining xulosalari Vazirlik tomonidan ilmiy yo‘nalishlarning istiqbolini belgilash, ilmiy va startap loyihalarni moliyalashtirishni davom ettirish yoki to‘xtatish bo‘yicha qarorlar qabul qilish uchun asos hisoblanadi.

41. Kollegial organ taqdim etilgan hujjatlar asosida (bildirishnoma, tadqiqot loyihalari to‘g‘risidagi hisobot), aniqlangan o‘zgarishlar yoki olingan natijalar kutilganidan o‘zgacha bo‘lsa, ilmiy va startap loyihalarni kelgusida moliyalashtirish yoki ularning maqsadli parametrlarini qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Kollegial organ taqdim etilgan hujjatlar (ariza-xabarnoma, hisobot ilmiy va startap loyihalar) asosida kutilgan natijalardan farqli o‘laroq, natijalar ilmiy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lmaganligi aniqlangan bo‘lsa, ilmiy va startap loyihalarni moliyalashtirishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ilmiy va startap loyihalarni moliyalashtirishni to‘xtatish ijrochi tashkilot va Vazirlik o‘rtasidagi tuzilgan shartnomani bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

42. Moliyalashtirilishi to‘xtatilgan loyihalardan bo‘shagan mablag‘lar navbatdagi tanlovlarga yo‘naltiriladi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

43. Ilmiy va startap loyihalarning har bir ijrochisi faqat bir loyihada to‘liq stavkada yoki ikki loyihada o‘rindosh sifatida ishtirok etishi mumkin, bunda ularning umumiy ulushi ikki to‘liq stavkadan oshmasligi lozim.

44. Ilmiy loyihalar bo‘yicha g‘olib talabgorlar ijrochi tashkilotlarning rahbarlari bilan bir qatorda bajariladigan tadqiqotlarning ilmiy-texnik saviyasi, hisobotlarni belgilangan muddatlarda topshirilishi, shuningdek, moliyaviy mablag‘larning samarali va maqsadli sarf qilinishi uchun shaxsan javob beradilar.

45. Ilmiy loyihaning rahbari boshqa joyga ishga o‘tgan hollarda ushbu loyihaning amalga oshirilish joyi (ijrochi tashkilot) o‘zgartirilmaydi.

46. Ilmiy loyiha bo‘yicha ijrochi tashkilotning qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilgan faoliyati to‘xtatilganda, mazkur tashkilotdagi ilmiy loyihalar yo‘nalishi mos boshqa tashkilotga o‘tkaziladi.

47. Ushbu nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

“Bo‘lajak olim” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA

Tanlov doirasida ilmiy g‘oyalarni shakllantirish, ko‘rib chiqish va tanlab olish

SXEMASI

Bosqichlar

 

Subyektlar

 

Amalga oshiriladigan tadbirlar

 

Bajarish muddatlari

             

1-bosqich

 

Innovatsion rivojlanish vazirligi (Vazirlik)

 

“Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida iqtidorli yoshlar uchun tanlov e’lon qilish

 

Bir yilda kamida bir marta

             

2-bosqich

 

Tanlov ishtirokchisi

 

Aniq amalga oshirish mexanizmlari, muddati va dastlabki natijalari ko‘rsatilgan ilmiy g‘oyalarni taqdim etish

 

Tanlov e’lon qilingandan so‘ng bir oy muddatda

             

3-bosqich

 

Yoshlar akademiyasi

 

Ushbu Nizomning talablariga mos ravishda to‘liq taqdim etilganligi va rasmiylashtirilganligini ko‘rib chiqish va muvaffaqiyatli o‘tgan ilmiy g‘oyalar bo‘yicha yig‘ma ro‘yxat shakllantirish hamda Tanlov komissiyasiga taqdim etish

 

Tanlovga hujjatlarni qabul qilish yakunlangan sanadan boshlab, 30 kun ichida

             

4-bosqich

 

Tanlov komissiyasi

 

Talabgorlar ilmiy g‘oyalarining himoyasi o‘tkazilib, (prezentatsiya ko‘rinishida himoya qilishlari talab etiladi) yakuniy xulosaga kelish

 

Tanlov komissiyasiga yig‘ma ro‘yxat taqdim etilgandan so‘ng 30 kun ichida

             

5-bosqich

 

Vazirlik

 

G‘olib talabgorlarning ilmiy g‘oyalarini amalga oshirishlari uchun Vazirlikning tegishli buyrug‘ini qabul qilish

 

Tanlov komissiyasi xulosasi rasmiylashtirilgandan so‘ng 10 kun ichida

             

6-bosqich

 

Vazirlik

 

Tanlov g‘oliblarini internet nashrlari va Innovatsion rivojlanish vazirligi rasmiy veb-saytida e’lon qilish

 

Vazirlikning tegishli buyrug‘i qabul qilingandan so‘ng 10 kun ichida

“Bo‘lajak olim” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA

Tanlov doirasida ilmiy loyihalarni shakllantirish, ko‘rib chiqish va tanlab olish

SXEMASI

Bosqichlar

 

Subyektlar

 

Amalga oshiriladigan tadbirlar

 

Bajarish muddatlari

             

1-bosqich

 

Innovatsion rivojlanish vazirligi (Vazirlik)

 

“Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida iqtidorli yoshlar uchun tanlov e’lon qilish

 

Bir yilda kamida bir marta

             

2-bosqich

 

Yoshlar akademiyasi

 

Tanlov doirasida e’lon qilinadigan ilmiy loyiha mavzularini shakllantirish

 

Yil davomida

             

3-bosqich

 

Tanlov komissiyasi

 

Yoshlar akademiyasi tomonidan shakllantirilgan ilmiy loyiha mavzularini ko‘rib chiqish va e’lon uchun tanlab olish

 

Tanlov e’lon qilishdan 20 kun avval

 

Vazirlik

 

Tanlab olingan mavzular ro‘yxatini e’lon qilish

 

Tanlov e’lon qilingan kundan boshlab

             

4-bosqich

 

Yoshlar akademiyasi

 

E’lon qilingan ilmiy mavzular asosida yoki tashabbuskor ilmiy loyihalarni qabul qilish

 

Loyihalar qabul qilish yakunlanguncha

             

5-bosqich

 

Yoshlar akademiyasi

 

Tanlov doirasida qabul qilingan ilmiy loyihalarni o‘rnatilgan tartibda texnik ekspertiza jarayonini amalga oshirish

 

Loyihalar qabul qilish yakunlangandan so‘ng 15 kun ichida

             

6-bosqich

 

Tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha ekspertlar jamoasi

 

Tanlov doirasida qabul qilingan texnik ekspertiza natijalariga ko‘ra ilmiy loyihalarni baholash va ularni ko‘rib chiqish uchun o‘rnatilgan tartibda ilmiy ekspertiza jarayonini amalga oshirish

 

Texnik ekspertiza yakunlangandan so‘ng 30 kun ichida

             

7-bosqich

 

Kollegial organ

 

Texnik va ilmiy ekspertizada ijobiy baholangan va moliyalashtirishga tavsiya etilgan ilmiy loyihalarining yakuniy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilish

 

Ilmiy ekspertiza yakunlangandan so‘ng 10 kun ichida

“Bo‘lajak olim” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA

Tanlov doirasida startap loyihalarni ko‘rib chiqish va tanlab olish

SXEMASI

Bosqichlar

 

Subyektlar

 

Amalga oshiriladigan tadbirlar

 

Bajarish muddatlari

             

1-bosqich

 

Innovatsion rivojlanish vazirligi (Vazirlik)

 

“Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida iqtidorli yoshlar uchun tanlov e’lon qilish

 

Bir yilda kamida bir marta

             

2-bosqich

 

Tanlovda ishtirok etmoqchi bo‘lgan talabgorlar

 

Aniq amalga oshirish mexanizmlari, muddati va dastlabki natijalari ko‘rsatilgan startap loyihalarni Yoshlar akademiyasiga taqdim etish

 

Loyihalarni qabul qilish yakunlangunga qadar

             

3-bosqich

 

Tanlov komissiyasi

 

Taqdim etilgan arizalarning tanlov shartlariga mosligi, hayotga tatbiq etish darajasi va natijadorligi yuzasidan startap loyiha taqdimoti

 

Loyihalar qabul qilish yakunlangandan so‘ng 20 kun muddatda

             

4-bosqich

 

Vazirlikning tegishli bo‘limi

 

Tanlov komissiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan startap loyihalarning moliyaviy-iqtisodiy ekspertizasini o‘tkazish

 

3-bosqich yakunlangandan so‘ng 20 kun muddatda

             

5-bosqich

 

Kollegial organ

 

Startap loyihalarning moliyaviy-iqtisodiy ekspertizasi natijalariga asosan startap loyihani moliyalashtirish yoki moliyalashtirmaslik to‘g‘risidagi qaror qabul qilinadi

 

4-bosqich yakunlangandan so‘ng 10 kun muddatda

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son qaroriga
3-ILOVA

Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda — buyurtmachilar) tomonidan tavsiya etilgan nomzodlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlar (markazlar, universitetlar va boshqalar)ga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga (keyingi o‘rinlarda — stajirovka) yuborish yuzasidan tanlovlarni tashkil etish, o‘tkazish, saralash, moliyalashtirish va stajirovka yakuni bo‘yicha hisobot taqdim etish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

nomzodlar — buyurtmachilar tomonidan stajirovka o‘tashga yuborish maqsadida tavsiya etiladigan ilmiy, ilmiy-pedagogik va texnik-muhandis shu bilan birga, stajor-tadqiqotchi, doktorant, mustaqil izlanuvchi va ta’lim oluvchi sifatida faoliyat yuritayotgan talabgorlar;

maxsus ekspert guruhi — stajirovka o‘tashga yuborish bo‘yicha saralash tanlovlarni o‘tkazish, g‘olib va rad etilgan nomzodlar to‘g‘risida xulosa olish hamda ushbu jarayonni muvofiqlashtirish huquqiga ega Innovatsion rivojlanish vazirligining kollegial organi;

maqsadli tanlovlar — O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) tashabbusiga ko‘ra ilm-fan sohasida yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tuzilgan anglashuv bitimlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlarini amalga oshirish maqsadida e’lon qilinadigan tanlovlar;

ma’lumot (hujjat)lar — buyurtmachilar tomonidan stajirovka o‘tashga yuborish maqsadida tavsiya etilgan nomzodlar to‘g‘risida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjatlar to‘plami.

3. Stajirovka o‘tashga yuborish Vazirlik tomonidan davriy ravishda, tanlov asosida, kalendar yilida kamida bir marotaba tashkil etiladi.

4. Stajirovkalar bir oydan olti oygacha bo‘lgan davr mobaynida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.

Bir oydan kam (15 kalendar kundan kam bo‘lmagan) bo‘lgan muddatga stajirovka o‘tashga yuborish maxsus ekspert guruhi xulosasi asosida ma’qullangan taqdirda amalga oshiriladi.

5. Stajirovka o‘tashga tavsiya etilayotgan nomzodlarni mutaxassislik fanidan chet tilida suhbat o‘tkazish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilim darajasi va ko‘nikmalarini aniqlash yuzasidan dastlabki saralash tanlovini o‘tkazish bevosita buyurtmachilar tomonidan amalga oshiriladi.

2-bob. Tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi

1-§. Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar

6. Stajirovka o‘tashga mutaxassislik fani va xorijiy tillarni o‘zining ish faoliyatini amalga oshirishda zarur bo‘lgan darajada biladigan, yoshi 20 dan 40 gacha bo‘lgan nomzodlar yuboriladi.

7. Nomzodlar bir yil davomida ikki marotaba yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar) stajirovka o‘tashga g‘olib sifatida ma’qullanishi mumkin emas.

8. Tanlovlarda g‘olib deb topilgan nomzodlar stajirovka o‘tab kelgandan hamda mazkur stajirovka bo‘yicha hisobot taqdim etgandan so‘ng navbatdagi kalendar yilidagi e’lon qilingan tanlovlarga nomzod sifatida tavsiya etilishi mumkin.

2-§. Tanlovni e’lon qilish tartibi

9. Vazirlik stajirovkalarga yuborish bo‘yicha tanlov haqidagi e’lonni tanlov o‘tkazishdan kamida bir oy oldin Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.

Tanlov haqida Internet jahon axborot tarmog‘i, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda ham e’lon berilishi mumkin.

10. Tanlovni o‘tkazish haqidagi e’londa quyidagilar aks etishi zarur:

taqdim etiladigan ma’lumot (hujjat)larning aniq ro‘yxati, ularni qabul qilish tartibi, muddatlari va joyi;

tanlov ishtirokchilariga qo‘yiladigan talablar;

zarur ma’lumot (hujjat)lar ro‘yxati;

bog‘lanish uchun mas’ul xodimlar telefoni va elektron pochta manzili.

3-§. Ma’lumot (hujjat)larni qabul qilish tartibi

11. Buyurtmachilar stajirovka o‘tashga tavsiya etilgan nomzodlar to‘g‘risida Vazirlikka quyidagi ma’lumot (hujjat)larni taqdim etadilar:

mazkur Nizom 1-ilovasiga muvofiq shakldagi stajirovka rejasi;

buyurtmachilarning kollegial organi (ilmiy kengash, kengash, ilmiy-texnikaviy kengash, ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash va boshqa shakllarda bo‘lishi mumkin) qaroridan ko‘chirma;

qabul qiluvchi tomonidan stajirovka o‘tash uchun buyurtmachilar nomiga kelgan taklifnoma (rozilik) xati shu jumladan, buyurtmachilar tomonidan tasdiqlangan va qabul qiluvchi tomon bilan kelishilgan stajirovka davrida amalga oshiriladigan ishlar dasturi;

nomzodning ma’lumotnoma-obyektivkasi (anketa);

oliy ta’lim muassasasini tugatganligini tasdiqlovchi diplomning nusxasi va/yoki ilmiy darajasi (fan nomzodi, PhD va fan doktori), ilmiy unvonini (katta ilmiy xodim, dotsent, professor) tasdiqlovchi diplom(lar)ning nusxasi, agar mavjud bo‘lsa;

fuqarolik pasporti yoki identifikatsiya ID kartasi nusxasi;

nomzodning 3x4 sm o‘lchamdagi oq fondagi 2 dona rangli fotosurati;

xorijiy tillardan bilim darajasini belgilovchi amaldagi milliy yoki xalqaro sertifikat (Milliy kvalifikatsiya sertifikati, IELTS, TOEFL va shu kabilar, muddati o‘tgan hujjatlar bundan mustasno), agar mavjud bo‘lsa.

12. Maqsadli tanlovlarni tashkil etishda qabul qiluvchi tomonidan stajirovka o‘tash uchun taklifnoma (rozilik) xati Vazirlik nomiga yuborilishi mumkin.

Bunda stajirovka davomida amalga oshiriladigan ishlar dasturi Vazirlik tomonidan qabul qiluvchi tashkilot o‘rtasida markazlashgan holda kelishilishi mumkin.

13. Buyurtmachilar nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumot (hujjat)larni tegishli tartibda rasmiylashtirgan holda kuzatuv xati bilan ushbu Nizomning 11-bandida keltirilgan ketma-ketlikda chop etilgan shaklda Vazirlikka taqdim etadilar yoki elektron shaklda Vazirlikning elektron pochta manziliga yuboriladi.

14. Buyurtmachilar rahbarlari nomzodlarni tavsiya etish jarayonining xolisligi va taqdim etilayotgan ma’lumot (hujjat)larning haqqoniyligi shu bilan birga tavsiya etilgan nomzodlarni saralash, tanlovlarda ishtirokini ta’minlash uchun shaxsan javob beradilar.

4-§. Maxsus ekspert guruhi faoliyatini tashkil etish tartibi

15. Nomzodlarni tanlov asosida saralash maqsadida Vazirlik tomonidan maxsus ekspert guruh(lar)i tashkil qilinadi.

16. Maxsus ekspert guruhi innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘i asosida har yili tuziladi. Maxsus ekspert guruhi rahbari, rahbar o‘rinbosari, kotib va kamida besh nafar toq sonli a’zolardan iborat bo‘ladi.

17. Maxsus ekspert guruhi tarkibiga o‘z yo‘nalishida kamida 2 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, chet tillarini yuqori darajada biladigan malakali (turli vazirlik, idoralar, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar) mutaxassislar kiritiladi. Maxsus ekspert guruhiga rahbarlik qilish vazifasi vazir o‘rinbosari darajasidagi rahbarga yuklatiladi.

Ekspert guruhi rahbari, zarur hollarda qo‘shimcha mutaxassislarni (vazirlik, idoralar, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar, shu jumladan ishlab chiqarish korxona va tashkilotlari mutaxassislarini) ekspert sifatida (ovoz berish huquqi bilan) saralash, tanlovlarga jalb qilishi mumkin.

18. Maxsus ekspert guruhi yig‘ilishlari yuzma-yuz yoki sirtdan (so‘rov orqali), shu jumladan yuzma-yuz yig‘ilishlar onlayn rejimda videomuloqot shaklida o‘tkazilishi mumkin.

19. Maxsus ekspert guruhi yig‘ilishini o‘tkazish uchun kvorum uning tarkibining uchdan ikki qismini tashkil etishi lozim.

Maxsus ekspert guruhi bayonnomalari guruh rahbari tomonidan tasdiqlanadi va ishtirok etgan barcha a’zolar tomonidan imzolanadi.

20. Stajirovkalarga yuborish orqali kadrlar tayyorlash jarayonini jadal rivojlantirish va sifatini oshirish, iqtidorli yoshlarni ilm-fanga keng jalb qilish, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va undan respublikaning innovatsion rivojlanishida samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida maxsus ekspert guruhi quyidagilarga haqlidir:

1-bosqich saralash tanlovlarda ma’lumot (hujjat)larni taqdim etilmagan qismini to‘ldirish uchun e’lon qilingan tanlovlar muddatini uzaytirish;

2-bosqich saralash tanlovlarda stajirovka dasturlarini qayta taqdimot himoyasini o‘tkazishga ruxsat berish.

21. Maxsus ekspert guruhining barcha a’zolariga yil yakuni bo‘yicha erishilgan natijalarga muvofiq Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik mukofot puli (barcha soliq va majburiy to‘lovlarni ushlab qolgan holda) beriladi.

Mukofot pulini berish (tayinlash) innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘iga muvofiq amalga oshiriladi.

22. Maxsus ekspert guruhining faoliyatini uning mas’ul kotibi tashkil etadi.

23. Maxsus ekspert guruhi qabul qilgan qarorlarining xolisligi va haqqoniyligi uchun javobgardir.

3-bob. Saralash tanlovlarni o‘tkazish va stajirovkaga yuborish tartibi

24. Stajirovkalarga yuborish bo‘yicha kelib tushgan ma’lumot (hujjat)larni umumlashtirish, nomzodlarni saralash tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tegishli bo‘lim tomonidan amalga oshiriladi.

25. Jamg‘armaning Kuzatuv kengashi buyurtmachilarning yuqori turuvchi vazirlik va idoralarining asoslantirilgan takliflari bo‘yicha saralash tanlov o‘tkazmagan holda qaror chiqarishga haqli.

Bunda tavsiya etilgan nomzodlarning malakasi va unga qo‘yiladigan talablar ijrosi yuzasidan bevosita vazirlik va idoralarning rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.

26. Nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumot (hujjat)lar 10 ish kuni muddatida tegishli bo‘lim tomonidan umumlashtirilib, maxsus ekspert guruhiga xulosa olish uchun kiritiladi.

27. Saralash tanlovlar ikki bosqichda o‘tkaziladi. Maxsus ekspert guruhining qarori uning a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda, Maxsus ekspert guruhi rahbarining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

28. Maxsus ekspert guruhi kiritilgan ma’lumot (hujjat)larga asosan kamida bir oylik muddatda ikki bosqichda quyidagi tartibda nomzodlarning saralash tanlovlarini o‘tkazadi.

Saralash tanlovlarning 1-bosqichida kiritilgan ma’lumot (hujjat)lar ushbu Nizomning 11-bandiga mos ravishda to‘liq taqdim etilganligi va rasmiylashtirilganligi ko‘rib chiqiladi.

Saralash tanlovlarning 1-bosqichi yakunlari bo‘yicha ma’lumot (hujjat)lari taqdim etilgan nomzodlar bo‘yicha saralash tanlovning 2-bosqichida ishtirok etishga o‘tkazilgan nomzodlar to‘g‘risida yig‘ma ro‘yxat shakllantiriladi.

Maxsus ekspert guruhining saralash tanlovlarning 1-bosqichi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarori Vazirlik veb-saytida joylashtiriladi.

Saralash tanlovlarning 2-bosqichida nomzodlar o‘z stajirovka dasturlarini chet tilida taqdimot (prezentatsiya) ko‘rinishida himoyasini o‘tkazadilar.

Saralash tanlovlar davrida taqdimot himoyasida ishtirok etmagan (kelmagan) nomzodlarning hujjatlari maxsus ekspert guruhining qaroriga asosan rad etilishi mumkin.

Taqdimot himoyasida nomzodlar tanlangan tadqiqot ishini qisqa, lo‘nda va asoslangan holda ochib berishi hamda puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda ishtirok etishlari talab etiladi.

Bunda Maxsus ekspert guruhi taqdimot natijalariga asosan yakuniy xulosa tayyorlashda quyidagi mezonlarga amal qiladi:

xorijiy tillarni o‘zining ish faoliyatini amalga oshirishda zarur bo‘lgan darajada bilishi va qo‘llay olishi — 30 ballgacha;

stajirovka maqsad va vazifalarining dolzarbligi hamda ilmiy yoki iqtisodiy samaradorligi — 40 ballgacha;

stajirovkaning oliy ta’lim va/yoki ilmiy tashkilotning yo‘nalishlari, ehtiyojlari va talablariga mosligi — 30 ballgacha.

Taqdimot natijalariga asosan kamida 60 ball to‘plagan nomzodlar Maxsus ekspert guruhi qarori bilan g‘olib deb topiladi.

29. G‘olib nomzodlarning stajirovka uchun talab etiladigan mablag‘lari (transport, yashash, ovqatlanish va boshqa xarajatlar) Vazirlik tomonidan ko‘rib chiqilgandan so‘ng maxsus ekspert guruhining yakuniy xulosasi rasmiylashtiriladi.

Bunda stajirovkaga yuborish xarajatlari bo‘yicha tegishli asoslovchi hujjatlar nomzodlar tomonidan Vazirlikka taqdim etilishi lozim.

30. Ikkinchi bosqich tanlov g‘oliblari to‘g‘risida ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda tuziladigan yakuniy xulosa Kuzatuv kengashida tasdiqlash uchun Jamg‘armaga kiritiladi.

31. Saralash tanlovlarning 2-bosqichi natijalari Vazirlikning rasmiy veb-saytida joylashtirish orqali e’lon qilinadi.

G‘olib nomzodlarni stajirovka o‘tashga yuborish Jamg‘arma tomonidan tanlov yakuniga muvofiq Jamg‘arma Kuzatuv kengashining tegishli qarori qabul qilingandan so‘ng amalga oshiriladi.

Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

32. Vazirlik stajirovka bo‘yicha saralash tanlovlarning haqqoniyligiga va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishiga javobgardir.

4-bob. Stajirovkalarni moliyalashtirish tartibi

33. Stajirovkalarga yuborish bilan bog‘liq xarajatlar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

34. Stajirovkalarni moliyalashtirish tegishli moliya yili uchun Jamg‘armaning Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlarining prognoz parametrlarida nazarda tutiladi.

35. Maxsus ekspert guruhining yakuniy xulosasiga muvofiq saralab olingan nomzodlarning stajirovkasi bilan bog‘liq xarajatlar Jamg‘armaning tegishli moliya yilida ushbu maqsadlar uchun rejalashtirilgan mablag‘lari doirasida bo‘lishi zarur.

36. Vazirlik ajratilgan mablag‘lardan samarali va maqsadli ishlatilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida stajirovka bilan bog‘liq xarajatlarni qisqartirish va optimallashtirish huquqiga ega.

37. Stajirovkalar bo‘yicha xarajatlar Vazirlik, Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasi, Buyurtmachi hamda yetakchi xorijiy ilmiy tashkilot o‘rtasidagi shartnoma bilan tartibga solinadigan stajirovka shartlari, talablari va muddatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

38. Stajirovkalarga yuborish bilan bog‘liq talablar va xarajatlar o‘rnatilgan tartibda tuziladigan shartnoma, jo‘nab ketish (kelish) sanasi va boshqalarga asosan o‘zgarishi mumkin.

Bunda nomzodlar tomonidan rejalashtirilgan stajirovkaning davomiylik muddati Maxsus ekspert guruhida tasdiqlangan stajirovka muddatidan oshmasligi shart.

39. Stajirovka o‘tash davrida Jamg‘arma ajratilgan mablag‘larda oqilona va maqsadli foydalanish hamda xarajatlar smetasiga qat’iy rioya etgan holda sarflanishi uchun Buyurtmachi va nomzodlar javobgar hisoblanadi.

5-bob. Stajirovka yakuni bo‘yicha hisobot taqdim etish tartibi

40. Stajirovka yakuni bo‘yicha moliyaviy va ilmiy hisobotlar taqdim etiladi.

41. Stajirovka o‘tash uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalanish yuzasidan moliyaviy hisobot buyurtmachilar tomonidan tasdiqlangan va tegishli hujjatlar, shu jumladan, xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda, g‘olib nomzodlar stajirovka o‘tab kelgan kundan boshlab 10 ish kunida qog‘oz va elektron shaklda Jamg‘armaga taqdim etiladi.

Bunda hisobot ma’lumotlariga asosan belgilangan tartibda ishlatilmagan (iqtisod qilingan va maqsadsiz sarflangan) mablag‘lar stajirovka yakunlangan kundan boshlab 25 ish kunida Jamg‘armaga qaytarilishi shart.

42. Stajirovka xarajatlari shartnomada ko‘zda tutilgan mablag‘ miqdoridan oshib ketgan hollarda, haqiqiy xarajatlar Buyurtmachi tomonidan qoplanadi.

43. Stajirovka yakuni bo‘yicha g‘olib nomzodlar tomonidan stajirovka o‘tab kelgan kundan boshlab 10 ish kunida ilmiy hisobot tayyorlanadi.

44. Ilmiy hisobot buyurtmachilarning kollegial organiga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun kiritiladi.

45. Ilmiy hisobot tasdiqlanmagan taqdirda yosh olimning stajirovka davrida ishlatilgan mablag‘lari uning ish haqidan ushlab qolinib, Buyurtmachi tomonidan Jamg‘armaga o‘tkazib beriladi.

46. Tasdiqlangan ilmiy hisobot va kollegial organ qarori nusxasi buyurtmachilar rasmiy kuzatuv xatiga ilova qilingan holda kollegial organ qarori chiqqan kundan boshlab 10 ish kunida qog‘oz va elektron shaklda Vazirlikka taqdim etiladi.

47. G‘olib nomzodlar stajirovka o‘tab kelgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari bo‘yicha xorijiy ilmiy anjumanlarda ma’ruza bilan ishtirok etishi va xalqaro tan olingan ma’lumotlar bazasidagi yetakchi ilmiy jurnallarda nashr qilishi, shu bilan birga, kamida bir yil davomida Vazirlik tomonidan tashkil etiladigan va boshqa tadbirlarda stajirovka davrida to‘plangan tajribalar va olgan bilim va ko‘nikmalari borasida o‘z fikr va mulohazalarini bayon etishi lozim.

48. Hisobot va ma’lumotlar haqqoniyligi yuzasidan buyurtmachilar rahbarlari javob beradilar.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

49. Vazirlik va Jamg‘arma buyurtmachilardan stajirovkaga yuborish va yakuniy hisobotlar yuzasidan kiritilgan ma’lumot (hujjat)lar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni so‘rab olishga haqlidir.

50. Stajirovka o‘tash mobaynida tanlov g‘oliblarining belgilangan tartibda ish joyi va lavozimi shu jumladan, o‘rtacha ish haqi saqlanishi lozim.

51. Maxsus ekspert guruhining saralash tanlovlarni o‘tkazish natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorlari bo‘yicha manfaatdor shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

52. Mazkur Nizom bilan tartibga solinmagan munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida hal qilinadi.

53. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

Yosh olimlarni qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborishni tashkil etish to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA

Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga (markazlar, universitetlar va boshqalar) qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish

REJASI

T/r

Familiyasi, ismi, otasining ismi

Ish joyi va lavozimi

(oliy ta’lim yoki ilmiy tashkilot nomi)

Stajirovka maqsad va vazifalari

Stajirovka o‘tkaziladigan davlat, qabul qiluvchi tashkilotlar

Stajirovka davomiyligi

Stajirovka uchun talab etiladigan mablag‘lar

(transport, yashash, ovqatlanish va boshqa xarajatlar har biri alohida ko‘rsatilishi zarur)

Fan yo‘nalishi

Kutilayotgan natijalar

1.

               

2...

               
                 

Izoh. Stajirovka uchun talab etiladigan mablag‘lar ustuni ma’lumotlari oliy ta’lim yoki ilmiy tashkilotlar buxgalteriya hisobi xodimlari tomonidan to‘ldiriladi.

                 
                 
 

Oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy tashkilot

rahbari (o‘rinbosari)

 

(Imzo)

F.I.O

 
 

M.O‘.

             

Yosh olimlarni qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborishni tashkil etish to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA

Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish yuzasidan tanlovlarni tashkil etish, o‘tkazish, saralash, moliyalashtirish va stajirovka yakuni bo‘yicha hisobot taqdim etish

SXEMASI

Bosqichlar

 

Subyektlar

 

Amalga oshiriladigan tadbirlar

 

Bajarish muddatlari

             

1-bosqich

 

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (Vazirlik)

 

Respublikadagi yosh olimlarni ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha Vazirlik veb-saytida tanlov to‘g‘risida e’lon joylashtirish

 

Tanlov boshlanishidan kamida bir oy oldin

             

2-bosqich

 

Buyurtmachilar

 

1. Nomzodlar ro‘yxatini shakllantirish va dastlabki saralash tanlovini o‘tkazish

2. Nomzodlar to‘g‘risida ma’lumot va hujjatlarni yo‘llanma xati bilan taqdim etish

 

Tanlovda belgilangan muddatda

             

3-bosqich

 

Vazirlik

 

Nomzodlarni saralab olish uchun Vazirlik huzurida Maxsus ekspert guruhini tuzish

 

Xar yili yanvar oyida

             

4-bosqich

 

Maxsus ekspert guruhi

 

Nomzodlarning saralash tanlov bosqichlarini o‘tkazib, yakuniy xulosani Vazirlikka taqdim etish

 

Kamida bir oy muddatda

             

5-bosqich

 

Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Kuzatuv kengashi

 

G‘olib nomzodlar stajirovkasini moliyalashtirish maqsadida Jamg‘arma Kuzatuv kengashining tegishli qarorini qabul qilish

 

Vazirlik yo‘llanma xati kiritilgandan so‘ng kamida bir oy muddatda

             

6-bosqich

 

Vazirlik

 

Tanlov g‘oliblarini Vazirlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilish

 

5-bosqich yakunlangandan so‘ng kamida 10 kun muddatda

             

7-bosqich

 

Buyurtmachilar

 

Stajirovka yakuni bo‘yicha moliyaviy va ilmiy hisobotlar taqdim etish

 

Moliyaviy hisobot: stajirovka o‘tab kelgan kundan 10 ish kunida;

Ilmiy hisobot: kollegial organ qarori chiqqan kundan 10 ish kunida

Izoh. G‘olib nomzodlarning stajirovkasini moliyalashtirish maqsadida mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq ma’lumotlar Vazirlik yo‘llanma xati bilan Jamg‘armaga Kuzatuv kengashida tasdiqlash uchun kiritiladi.

 

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2021-y., 09/21/222/0344-son, Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6269/0704-son)