Vazir nutqi 21.10.2021 330

Innovatsion iqtisodiyotning o‘sishi va barqaror rivojlanish maqsadlarini yaxshilash tadbirkorlik darajasini oshirish uchun muhim omil bo‘ladi.

To‘rtinchi sanoat inqilobining yuzaga kelishi bilan jahon iqtisodiyotda texnologiyalarning rivojlanishi va innovatsiyalarni jadallashtirish bilan bog‘liq bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Innovatsion iqtisodiyotning o‘sishi va barqaror rivojlanish maqsadlarini yaxshilash tadbirkorlik darajasini oshirish uchun muhim omil bo‘ladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ilmiy-innovatsion faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, mamlakatning innovatsion salohiyatini shakllantirish va yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Davlat tomonidan innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadli yo‘naltirilgan chora-tadbirlar orqali amalga oshiriladi. Xususan, innovatsion infratuzilma ob'ektlari, innovatsion rivojlanish institutlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi: fondlar, startap-akseleratorlar, inkubatorlar va texnoparklar ishga tushirildi. Yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, innovatsion g‘oya va loyihalarni real sektorga joriy etish uchun zarur shart-sharoit yaratilmoqda. Ta'kidlash joizki, Innovatsion rivojlanish vazirligi mamlakatda startap ekotizimini rivojlantirishda faol ishlarni amalga oshirmoqda.

Vazirlik tashabbusi bilan startap-loyihalarni amalga oshirish, yosh olimlar va talabalarning jahon amaliyotida ilmiy tadqiqot usullarini va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishi hamda qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, Ilg‘or texnologiyalar markazi qoshida Innovatsion startap akselerator, Yoshlar akademiyasi va "UzVC" Milliy venchur fondi tashkil etildi. Bundan tashqari, vazirlik tomonidan mahalliy olimlarning iqtisodiyotning tegishli tarmoqlariga tatbiq etilishida iqtisodiy samaraga ega bo‘lgan ishlanmalarini tijoratlashtirish ishlari olib borilmoqda.

                                                                                                               I. Y. Abdurahmonov, Oliy ta'lim fan va innovatsiyalar vaziri