Startup akseleratorlar

Startup akselerator haqida

Startup akselerator — bu biznesi boshqa kompaniyalarga (akselerator rezidentlariga) yordam berishdan iborat bo'lgan kompaniya.

Startup akseleratorlar rezidentlarga jamoaga biznes-modelni "charxlash"da, zarur kontaktlarga ega bo'lishda va savdoni oshirishda yordam beradigan dasturni taklif qiladi. Dastur uch oydan yarim yilgacha davom etadi. Odatda, akseleratorning kovorkingi bo'lib, rezident kompaniyalar akseleratsiya chog'ida o'sha yerda bo'ladi.

Startup akseleratorlar kompaniyada ulushga ega bo'lib, keyinroq ushbu ulushni sotishdan daromad oladi.

Startup akseleratorlar orasida Y-Combinator eng birinchi bo'lib yaratilgan. Unga 2005-yilda Bostonda Pol Grem asos solgan. Ular uch oylik biznes-dasturlar va kichik investitsiyalarni taklif qilgan. O'zbekistondagi birinchi akselerator esa 2015-yildagina paydo bo'ldi.

Akselerator startuplarga qanday yordam beradi?

Biznes sohasida tayanch bilimga ega bo'lish. O'zbek startuplari uchun bu ayniqsa muhim. Bizda ko'pchilik biznes nima ekanligi, u qanday yaratilishi, monetizatsiya nimaligini umuman tushunmaydi. Ko'p kishilar qandaydir mobil dasturni yaratish kifoya, u yog'iga o'zi pul ishlab topaveradi, deb o'ylaydi. Mana shunday yosh tadbirkorlar uchun biznes-dasturlar juda muhim.

Startup akseleratorning o'zi loyihaning muvaffaqiyat qozonishini kafolatlamaydi, biroq yangi imkoniyatlarni ochadi. Bu xuddi maktabdan oliy ta'lim muassasasiga o'tishga o'xshaydi: imtihondan yiqitishlari mumkin, yoki a'lo natijalarni ko'rsatishingiz mumkin. Agar jamoa loyihaga butunlay sho'ng'ib ketsa, KPI'ni bajarsa, ustozlarni to'g'ri tanlay bilsa, butun biznes-strategiyani o'ylab chiqsa, unda akseleratorni o'rab turgan hamjamiyatga uning muvaffaqiyatlari seziladi.

Investorlar akseleratorlardan yaxshi loyihalarni ko'z ostiga olib qo'yadi (biroq bu investitsiyalarni kafolatlamaydi). Har bir akseleratorning manfaatdor investorlardan iborat o'z bazasi bo'ladi.