Konstitutsiyamizning 32-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etishga doir konstitutsiyaviy huquqi mustahkamlangan. Ushbu huquq fuqarolarning qayerda yashashidan qatʼiy nazar har bir Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga tegishlidir. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga 35 yoshdan kichik bo'lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O'zbekiston hududida muqim yashayotgan O'zbekiston fuqarosi umumiy, teng va to'g'ridan-to'g'ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo'li bilan 5 yil muddatga saylanishi mumkin. Saylov kuniga qadar (shu kuni ham) 18 (o'n sakkiz) yoshga to'lgan O'zbekiston fuqarolari saylash huquqiga ega bo'ladilar. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita cheklashga yo'l qo'yilmaydi. Ta'kidlash lozimki, mamlakatimiz saylov tizimini isloh qilish va yanada demokratlashtirish, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash, milliy qonunchiligimizni saylov huquqiga oid xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda, xususan: birinchidan, saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qo'llab-quvvatlab imzo qo'yish huquqiga ega ekanligi belgilandi; ikkinchidan, siyosiy partiyalarga Prezidentlikka va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ko'rsatishda o'z partiyasi a'zolarini yoki partiyasizlarni nomzod sifatida ko'rsatish huquqi berildi; uchinchidan, katta jamoat xavfini tug'dirmaydigan va uncha og'ir bo'lmagan jinoyatlarni sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni o'tayotgan shaxslarning saylovlarda ishtirokini cheklovchi normalar chiqarib tashlandi; to'rtinchidan, saylov uchastka komissiyasining ovozlarni sanash to'g'risidagi bayonnomaning ko'chirma nusxasi bilan hamma tanishib chiqishi uchun uchastka saylov komissiyasi binosiga kamida 48 soat muddatga darhol osib qo'yish-tartibi o'rnatildi; birinchidan, saylov o'tkazish muddati o'zgartirilib, unga ko'ra, prezidentlikka saylov, Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishlicha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o'n kunligining birinchi yakshanbasida o'tkazilishi belgilandi (avval dekabr oyida o'tkazilgan).
Saylov kompaniyasi faoliyatining muhim bosqichlari: saylovga kamida 80 (sakson) kun qolganida – viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari tegishli mahalliy Kengashlar tomonidan o'n bir – yigirma bir nafar (avval etti – o'n besh nafar bo'lgan) komissiya a'zosidan iborat tarkibda tuziladi hamda o'z vakolatlarini keyingi saylov kampaniyasi boshlanganligi e'lon qilinguniga qadar amalga oshiradi;
saylovdan kamida 75 (yetmish besh) kun oldin – saylov okruglarining ro'yxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan eri e'lon qilinadi;
saylovga kamida 70 (yetmish) kun qolganida – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazish bo'yicha okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan komissiya raisi, rais o'rinbosari, kotibidan va komissiyaning sakkiz – o'n sakkiz nafar (avval olti – sakkiz nafar bo'lgan) boshqa a'zolaridan iborat tarkibda tuziladi;
saylovga 65 (oltmish besh) kun qolganida – O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko'rsatish boshlanadi va 45 (qirq besh) kun qolganida tugaydi;
saylovga kamida 60 (oltmish) kun qolganda – saylov uchastkalari, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko'pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi.
Harbiy qismlarda, O'zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, shuningdek olis va borish qiyin bo'lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari ana shu muddatda, ayrim hollarda esa saylovga kamida 7 (etti) kun qolganida tuziladi; saylovga kamida 40 (qirq) kun qolganida – uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan besh – o'n to'qqiz nafar a'zodan, shu jumladan rais, rais o'rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi; saylovga 35 (o'ttiz besh) kun qolganida – nomzodlarni ro'yxatga olish tugallanadi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro'yxatga olinadi; saylovga 15 (o'n besh) kun qolganida – saylovchilarning ro'yxatlari O'zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo'lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga 3 (uch) kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi; saylovga 10 (o'n) kun qolganida – muddatidan oldin ovoz berish boshlanadi va saylovga 3 (uch) kun qolganida tugallanadi; saylovga 5 (besh) kun qolganida – saylovchilarning ro'yxatlariga o'zgartishlar kiritish to'xtatiladi; saylov kuni va ovoz berishga 1 (bir) kun qolganida – saylovoldi tashviqotga yo'l qo'yilmaydi.
Saylovoldi tashviqoti – saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir. Saylov komissiyalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko'rib chiqish tartibi: Saylov komissiyalari saylov kampaniyasini o'tkazish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning Saylov kodeks talablari buzilganligi yoki saylovni tashkil etishning boshqa masalalari xususida o'ziga kelib tushgan murojaatlarini o'z vakolatlari doirasida ko'rib chiqishi, ushbu murojaatlar bo'yicha tekshiruvlar o'tkazishi va uch kunlik muddatda ularga yozma javoblar berishi, saylovga kamida olti kun qolganida yoki ovoz berish kuni kelib tushgan murojaatlarni esa darhol ko'rib chiqib, javob qaytarishi shart (bundan saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar mustasno). Saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar faqat sudlar tomonidan ko'rib chiqiladi. Demak, O'zbekiston Respublikasining Prezidentligiga saylov 2021 yilning 24 oktyabr kuni bo'lib o'tadi. SHavkat HAMROQULOV, Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali o'qituvchisi