E'lon 03.03.2022 129 Tugash sanasi: 24.04.2022

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan amaliy va innovatsion loyihalar tanlovining 64-turi e’lon qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovining 64-turini quyidagi fan yo‘nalishlari bo‘yicha e’lon qiladi:

  1. Texnika fanlari
  2. Yer to‘g‘risidagi fanlar

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarori hamda “Ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”
2021-yil 27-avgustdagi 545-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi.

Tanlov shartlari.

Tanlov mavzulari Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnologuyalar bo‘yicha respublika kengashi majlisining 2021-yil 27-dekabda bo‘lib o‘tgan 3-son bayoni va Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda “OʻZMETKOMBINAT” aksiyadorlik jamiyati oʻrtasida 2021-yil 24-iyunda imzolangan metallurgiya sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlarini jadallashtirish, ilmiy tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish hamda yangi ilmiy ishlanmalarni yaratish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, loyihalarni moliyalshtirish bo‘yicha hamkorlikda tanlovlar o‘tkazish, tanlovlar natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan loyihalarni teng ulushda (Innovatsion rivojlanish vazirligi – 50 foiz, “Oʻzmetkombinat” AJ 50 foiz) moliyalshtirish toʻgʻrisidagi memorandum asosida shakllantirilgan.

Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar www.grant.mininnovation.uz – davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi orqali 2022-yilning 25-apreliga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

Ilmiy loyiha hujjatlarini grant.mininnovation.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf/doc shakli elektron platformaga yuklanishi lozim:

  • ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yo‘llanma xat (pdf);
  • ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan ko‘chirma (.pdf);
  • amaliy yoki innovatsion loyiha matni (imzo va muhr qo‘yilgan holda, pdf va doc/docx).

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiatga) yo‘l qo‘yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek loyiha yakunida qo‘lga kiritiladigan muhim ilmiy natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to‘liq asoslanganligi va so‘ralgan mablag‘larning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq to‘g‘ri hisob-kitob qilinganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.

Tanlov natijalariga koʻra gʻolib deb topilgan loyihalar mablagʻlarining 50 foizi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan, 50 foizi esa “Oʻzmetkombinat” AJ tomonidan moliyalashtiriladi.

Elektron ro‘yxatdan hamda dastlabki texnik ekspertizadan o‘tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.

Taqdim etilgan loyihalardagi ma’lumotlarning to‘liqligi, haqqoniyligi va ishonchliligi hamda ilmiy loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish salohiyati, loyihada rejalashtirilgan ilmiy-tadqiqotlarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi ijrochi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas’ul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

Taqdim etilgan loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ijrochi tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim.

Tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun so‘ralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ushbu havolaga joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi: http://grant.mininnovation.uz/site/example-docs .

Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar grant.mininnovation.uz elektron platformasida loyiha rahbarlarining shaxsiy kabinetlarida ko ‘rsatiladigan interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.

Ilmiy loyihalarni grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali elektron ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq texnik masalalar bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligining texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash xizmati: +998-71-203-32-32, +998-90 989-92-94.