E'lon 20.11.2022 155 Tugash sanasi: 25.11.2022

“Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda eksportga yo‘naltirish bo‘yicha startap loyihalar” tanloviga qayta e'lon berilganligini ma'lum qilamiz!

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-avgustdagi “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-357-son qarori 8-bandi hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 133-son qarori 2-ilovasiga muvofiq tashkil etiladi.

Startap loyihalarni qabul qilishda qo‘yiladigan shartlar:

Tanlovda ishtirok etuvchi “startap” loyiha tashabbuskorlari arizalari 2022-yil 1-oktabrdan 26-noyabrga qadar qabul qilinadi;

“startap” loyiha tashabbuskori – yuridik shaxs maqomidagi rahbar va ta’sischilari o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan investitsiya loyihasini amalga oshirish istagini bildirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;

“startap” loyiha tashabbuskori – startap loyiha asoschilaridan bo‘lishi (kompaniya bo‘lgan taqdirda asosiy ulushdorlardan bo‘lishi) lozim;

“startap” loyiha tashabbuskori (1 ta ishtirokchi) 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi mumkin;

“startap” loyihalar asosida tayyor mahsulot, dasturiy mahsulot, xizmatlar va texnologiyalar yaratishning hamda vazirlik tomonidan moliyalashtirishning eng ko‘p muddati 1 yildan oshmasligi lozim.

Tanlov natijalariga ko‘ra moliyalashtirishga tavsiya etilgan startap loyihalarga 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ ajratiladi.

“Startap” loyihalar tanlovini o‘tkazish shartlari:

Arizalarni yuridik va jismoniy shaxslar taqdim etishi mumkin (Arizalar jismoniy shaxs tomonidan taqdim etilgan taqdirda – loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligi Hay’ati tomonidan moliyalashtirishga  tavsiya etilgandan so‘ng yuridik korxona ochish to‘g‘risida kafolat xati ilova qilinishi shart).

Loyihani amalga oshirish bo‘yicha ustuvor sohalar sifatida quyidagilar belgilanadi:

Raqamli hokimiyat;

Aqlli tibbiyot;

Aqlli transport;

Aqlli ta’lim;

Aqlli qishloq xo‘jaligi;

Aqlli energetika tizimi;

Aqlli mahalla;

Startap loyihalar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

Loyihaning innovatsionligi – respublikada avval qo‘llanilmagan yangi texnologiyalar va (yoki) jarayonni tashkillashtirish tamoyillaridan foydalanish darajasi, bunda loyiha respublikada avval ishlab chiqarilmagan yangi mahsulot (intellektual mulk ob’ekti mavjud bo‘lganda) ishlab chiqarish, yangi xizmat turini yaratishni ko‘zda tutadi;

Loyihaning texnik jihatdan mukammalligi, shu jumladan yakunlanganlik darajasi;

Loyiha jamoasining tegishli soha mutahassislari bilan ta’minlanishi, ilmiy-texnik va ishlab chiqarish imkoniyatlari – jamoaning malakali mutaxassislardan shakllantirilganligi, tashkilotda kerakli asbob-uskunalar va ilmiy obyektlar infratuzilmalarining mavjudligi;

Loyihaning investitsion jozibadorligi – qo‘shimcha foyda keltirib, kiritilgan mablag‘lar tavakkalchiligini kamaytiradigan qulay investitsion va innovatsion shart-sharoitlar majmuidir. Loyihaning investitsion jozibadorligi uning mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli istiqbollariga muvofiqligi, loyihaning qiymati, tavakkalchiliklarning hisobga olinishi, o‘zini o‘zi qoplashi va rentabelligi bilan belgilanadi;

Loyihani moliyaviy rejalashtirish – loyiha moliyaviy ta’minotining rejalashtirilayotgan ishlarga muvofiqligi va harajatlar smetasining asoslanganligidir;

Marketing rejasi – loyihani amalga oshirish strategiyasi, bozor hajmi, maqsadli auditoriya, aloqalar/sotuvlarning asosiy kanallari, raqobat muhiti va h.k;

Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar – ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish, amalga oshiriladigan tadbirlarni bajarish sifati va muddatlari, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan ilmiy asos talab qiladigan mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish;

Tanlovga taqdim etiladigan loyihalar https://forms.gle/poN2HkcaWqQNCLwFA elektron pochta manzili orqali qabul qilinadi.

Bunda quyidagi hujjatlar asl nusxalari tasdiqlangan holda pdf shaklida elektron pochtaga yuborilishi lozim:

Startap loyiha muallifi tomonidan imzolangan ariza;

Startap loyiha pasporti;

Xarajatlar smetasi;

Startap loyiha biznes matni (imzo va muhr qo‘yilgan holda);

Kafolat xati (Jismoniy shaxs tomonidan taqdim etilganda);

Startap loyiha taqdimoti (10 slayd ) yoki planshet shaklida loyiha mazmuni to‘liq yoritilganligi (5 daqiqadan oshmaydigan video shaklida tayyorlangan ma’lumotlar ma’qullanadi).

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiat) yo‘l qo‘yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek startap loyiha yakunida qo‘lga kiritiladigan muhim natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to‘liq asoslanganligi va so‘ralgan mablag‘larning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq to‘g‘ri hisob-kitob qilinganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.

Quyidagi hollarda taqdim etilgan loyihalar tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilmasligi mumkin:

Startap loyiha mazmunan innovatsion xususiyatga ega emasligi;

Startap loyiha hujjatlari tanlov talablariga hamda belgilangan sohasiga muvofiq taqdim etilmaganligi;

Startap loyihaning maqsad va vazifalari yoritib berilmaganligi;

Startap loyihada taqdim etilgan muammoning yechimi mavjud emasligi;

Startap loyihaning avvalgi tanlovlarda g‘olib bo‘lganligi;

Startap loyihani amalga oshirish uchun ajratiladigan grant mablag‘larining bino va transport vositalarini harid qilish va qurilish-ta’mirlash ishlariga sarflash rejalashtirilganligi;

Xarid qilinishi rejalashtirilgan uskuna, mahsulot, ish va xizmatlar tarkibida loyihani amalga oshirish jarayonida bevosita talab etilmaydigan yoki narxi joriy bozor qiymatidan qimmat yozilgan holatlar mavjud bo‘lganligi.

Taqdim etilgan startap loyihalardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov g‘oliblari tomonidan startap loyihalarning natijadorligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga startap loyiha rahbarlari, mazkur loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas’ul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

Loyiha moliyalashtirishga tavsiya etilgandan keyin amalga oshirish jarayonida loyihaning sotish rejasi va moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi prognoz hisoboti ma’lumotlari bo‘yicha 10% dan ortiq salbiy farq yuzaga keladigan bo‘lsa noto‘g‘ri rejalashtirilgan hamda salbiy farqlar bo‘yicha loyihani amalga oshirgan tashkilot va loyiha rahbari bevosita javobgar hisoblanadi (favqulodda holatlar bundan mustasno). Loyiha pasporti, xarajatlar smetasi va kalendar rejasida ko‘rsatilgan ishlar hamda xarajatlarni amalga oshirishda og‘ishishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. 

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining tanlov bosqichlaridagi natijalar borasidagi qarori qat’iy va qayta ko‘rib chiqilmaydi!

Startap loyihalarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq texnik masalalari va tanlov bosqichlari bo‘yicha tanlovning texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash xizmati: +998-71-203-32-23 (ichki raqam: 216, 218).