Bugun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Web of Science”ga Oʻzbekiston Milliy obunasini tashkil etish” mavzusida tadbir oʻtkazildi. Unda vazirlik mutasaddilari, “Clarivate” kompaniyasi vitse-prezidenti Xotorn Stiven, Jahon bankining Vazifalar guruhi rahbari Yerali Beksultan hamda oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari masʼullari, olim-tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Tadbirni vazir oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova kirish soʻzi bilan ochib, “Web of Science” xalqaro maʼlumotlar bazasiga milliy obunaning ishga tushirilishi oʻzbek ilmiy jamoatchiligi uchun noshirlik faoliyatini yanada kengroq amalga oshirish uchun keng yoʻl ochishini taʼkidladi.
“Endilikda, asosiy vazifamiz – sifat. Negaki, maqolalarning sifati – mamlakat ilm-fanining koʻzgusidir. 2 yil oldin mamlakatimiz olimlarining “yirtqich” ilmiy jurnallarda maqolalari chop etilishi surʼati oshgan boʻlsa, endilikda bu koʻrsatkich pasaymoqda. Va aminmanki, "Web of Science" xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazasining mamlakatimizga kirib kelishi oʻsha xatolarni takrorlamaslikka va nashrlar sifatini yanada oshirishga koʻmaklashadi”, – dedi vazir oʻrinbosari.
Tadbirda qayd etilganidek, Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Clarivate” kompaniyasi hamkorligi doirasida respublikamizdagi oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalariga kompaniyaning yetakchi ilmiy jurnallar bazasi hamda ilmmetrik vositalaridan foydalanish orqali mahalliy olim-tadqiqotchilarning noshirlik faoliyati yanada rivojlanishi kutilmoqda.
“Clarivate” kompaniyasining vitse-prezidenti Xotorn Stiven oʻz nutqida “Web of Science“ ilmiy maʼlumotlar bazasining imkoniyatlarini soʻzlab berdi, shuningdek, platformadan foydalanish imkoniyatiga ega universitetlar va ilmiy-tadqiqot institutlari ilmiy izlanuvchilarining undan foydalanish koʻlamiga eʼtibor qaratdi. ”Clarivate“ kompaniyasi katta strategik maslahatchisi Valentin Bogorov ”Web of Science” platformasidagi “Clarivate” kompaniyasining jurnallarida oʻzbekistonlik olimlar tomonidan eʼlon qilingan ilmiy maqolalar boʻyicha maʼlumotlar berdi.
Shuningdek, Jahon bankining Vazifalar guruhi rahbari Yerali Beksultan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Jahon bankining “Oʻzbekiston Milliy innovatsiya tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi hamda “Clarivate Analytics” kompaniyasi hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida toʻxtalarkan, ilmiy tadqiqotchi, doktorant va olimlarning faoliyatini rivojlantirish hamda konsultativ yordam koʻrsatish maqsadida xalqaro ilmiy bazalarga Oʻzbekiston milliy obunasining yoʻlga qoʻyilgani va moliyalashtirilganini maʼlum qildi. Natijada mamlakatimiz olimlari 2023-yilning 1-yanvaridan boshlab “Web of Science” jahon ilmiy resurslaridan 3 yil davomida bepul foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.