“Yangi ilmiy ishlanmalarni joriy etish va innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari” mavzusidagi davra suhbati Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi OʼzLiDeP Toshkent shahar va Yoshlik talabalar shaharchasi Kengashlari bilan hamkorligida oʻtkazildi. Tadbirda Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, OʼzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari, Oʻzbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi va Oʻzbekiston Eksportchilar uyushmasi raisi, OʼzLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisi, xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashlari deputatlari, tadbirkorlar, yoshlar, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda Oʻzbekiston innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish istiqbollari, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va texnologiyalar transferi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi, Oʻzbekistonning global innovatsion indeksdagi oʻrnini mustahkamlash yuzasidan koʻrilayotgan chora tadbirlar toʻgʻrisidagi masalalar koʻrib chiqildi.
Bugungi kunda dunyoda innovatsion taraqqiyot modellarini joriy etish, ilgʻor gʻoyalar, «nau-xau» va “aqlli” texnologiyalarni eksport qilish hisobidan tez surʼatlar bilan rivojlanayotgan davlatlar soni tobora ortib bormoqda. Zamonaviy davlatning izchil va barqaror taraqqiyoti, avvalambor, uning iqtisodiy rivojlanishi yoʻlidagi muammolarni yechish bilan bevosita bogʻliq ekanligini alohida taʼkidlash mumkin. Buning uchun innovatsion gʻoyalar orqali yangiliklarga intilib, fan-texnika yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish maqsadga muvofiqdir.
Innovatsiyalarning bosh manbai, sanoat va fan, ishlab chiqarish va bozor oʻrtasidagi bogʻlovchi boʻgʻin – bu kichik biznesdir. OʼzLiDeP kichik innovatsion kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish choralarini taklif etadi. Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi liderlarining fikricha, venchur korxonalar va jamgʻarmalar, “biznes-farishtalar” – moliyaviy va boshqa resurslarni innovatsion loyihalarga sarflovchi xususiy investorlar faoliyati, “startaplar” uchun shart-sharoitlarni yaratishdan iborat. Korxonalarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarni soliq imtiyozlari orqali ragʻbatlantirishni kuchaytirish lozim.
Bugungi kunda ilm-fan sohasi va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, mamlakatimiz ilm-fanining ilgʻor yutuqlari va istiqbolli innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik faoliyatini yana-da rivojlantirish Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda, Oʻzbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida” va “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonunlarini qabul qilish orqali bu boradagi faoliyatning huquqiy asoslari yaratildi. Jamiyatga va iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etishda innovatsion infratuzilmani shakllantirish, jumladan texnoparklar faoliyatini yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonuni 26-moddasida innovatsion texnologik parklar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, rezidentlarining haq-huquqlari va majburiyatlari belgilandi. Bu, oʻz navbatida, texnoparklar faoliyatining kengayishiga, ilm-fan va innovatsiya sohasining faol yetakchi kuchiga aylanishiga xizmat qiladi.
Soʻnggi 3 yilda ilm-fan sohasi tubdan isloh qilinib, 18 ta ilmiy tashkilot, 10 ta ilmiy markaz va 4 ta texnopark tuzildi. Olimlarning oyligi 3 baravar oshirildi, fan nomzodlariga 30 foiz, fan doktoriga 60 foiz ustama toʻlash tartibi joriy etildi. Ilmiy tashkilotlarga zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilish uchun 32 million dollar, bino-inshootlarni taʼmirlash ishlariga 120 milliard soʻm ajratildi.
Mamlakatda ilk bor innovatsion ishlab chiqarishga yoʻnaltiradigan startap ekotizim shakllantirildi. Ilk bor startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish tizimi shakllantirilib, umumiy qiymati 31,5 mlrd. soʻmlik 34 ta startap loyihalar moliyalashtirildi va raqobatbardosh yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish tashkil etildi. Mamlakat iqtisodiyotiga ilmiy hajmdor yangi texnologiyalarni tezkor joriy qilish uchun texnologiyalar transferi amaliyotga kiritildi. Xorijdagi ilgʻor texnologiyalar transferi asosida umumiy qiymati 28,7 mln. doll. boʻlgan investitsiya loyihalari amalga oshirildi.
Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirilda manfaatdorlikka asoslangan “Olim-bank-tadbirkor” uchligi ishtirokida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish doirasida umumiy qiymati 149,5 mlrd. soʻm boʻlgan loyihalar tayyorlandi, ishlab chiqarilgan ilmiy sigʻimkor mahsulotlar hajmi 62 mlrd. soʻmdan oshdi.
Joriy yilda 17 ta ilmiy-tadqiqot muassasalari 15 ta vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalariga biriktirilib, ilmiy-texnologik taraqqiyotni qoʻllab-quvvatlash uchun ilmiy tashkilotlarga tarmoqlar tomonidan jami 21,1 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi.
Yana bir innovatsion tuzilmalardan biri bu “Yashnobod” innovatsion texnoparki hisoblanadi. 2021-yilda “Yashnobod” direksiyasi DUKning jami rezidentlari soni 44 tani tashkil etib, rezidentlar tomonidan 535 ta yangi ish oʻrinlari yaratilgan. Innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun jami 33,9 mln. AQSH dollari miqdorida shaxsiy mablagʻlar hamda 17,5 mln. AQSH dollari - kredit mablagʻlari jalb qilinishini rejalashtirilgan. Rezidentlar tomonidan joriy yil 31-martga qadar 200 mlrd. soʻm miqdorida mahsulotlar ishlab chiqarilgan va ichki bozorga sotilgan. Shu bilan birga 2021-yil 31-mart holatiga 4,68 mln AQSH dollar miqdorida mahsulotlar Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston davlatlariga eksport qilingan.
Texnopark tomonidan xalqaro hamkorlik ishlari ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Bu borada Janubiy Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi texnoparklari bilan oʻrnatilgan aloqalarni alohida taʼkidlash joiz. Biz yaqin istiqbolda “Yashnobod” innovatsion texnoparkining rezidentlari sonini 60 taga yetkazish va shu asosda innovatsion mahsulotlar turi va hajmini oshirish, shuningdek 720 dan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratishni rejalashtirganmiz.