Tadbir 01.06.2021

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga bagʻishlangan press-konferensiya boʻlib oʻtdi

Bir necha asrlar davomida aniq va tabiiy fanlar Oʻzbekiston zaminida keng rivojlanib, Oʻrta Osiyo hududi dunyo intellektual markazi boʻlib kelgan. Yurtimiz hududida yuzaga kelgan birinchi va ikkinchi Renessans davri butun dunyo tan oladigan mashhur daholarni yetishtirib berdi. Buyuk ajdodlarimizning ilmiy anʼanalarini munosib davom ettirgan holda, XX asrning 40 yillaridan boshlab Oʻzbekistonda fizika fanini rivojlantirish jarayonida nufuzli ilmiy maktablar tashkil etildi, ularning vakillari xalqaro mukofotlarga sazovor boʻldi va xorijiy akademiyalar aʼzolari boʻlib saylandi.

Hozirda Fizika yoʻnalishidagi ilmiy tashkilotlarda 558 nafar ilmiy xodim faoliyat koʻrsatyapti. Shundan, 7 nafari akademik, 92 nafari fan doktori, 170 nafari fan nomzodi va falsafa doktori (PhD) boʻlib, qolgan 289 nafari ilmiy darajaga ega boʻlmagan xodimlardir.

Fizika yoʻnalishidagi ilmiy tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan ilmiy xodimlar tomonidan 66 ta xorijiy monografiya, 86 ta mahalliy monografiya, Web of Sciyence va Scopus bazalariga kirgan ilmiy jurnallarda 430 ta maqola, xalqaro ilmiy jurnallarda (WoS va Scopus bazalariga kirgan ilmiy jurnallardan tashqari) 320 ta ilmiy maqola, respublika jurnallarida 360 ta maqola, xalqaro konferensiyalarda 531 ta tezis, respublika konferensiyalarida 314 ta tezis chop ettirilgan.

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida Fizika yoʻnalishida 2017-2020-yillar davomida umumiy qiymati 37 637,7 mln. soʻmlik 85 ta ilmiy loyiha bajarilgan. Shundan, 15 tasi 9 203,2 mln. soʻmlik amaliy loyiha, 60 tasi 31 479,3 mln. soʻmlik fundamental loyiha.

Hozirgi kunda umumiy qiymati 26 263,52 mln. soʻmlik 24 ta ilmiy loyiha bajarilmoqda.Ulardan, 58 tasi 10 807,5 mln. soʻmlik amaliy loyiha, 2 tasi 4 396,0 mln. soʻmlik innovatsion loyiha, 10 tasi 10 468,7 mln. soʻmlik xalqaro loyiha, 1 tasi 96,0 mln. soʻmlik tajriba-konstruktorlik loyihasidir.

Shuningdek, Fizika yoʻnalishidagi ilmiy tashkilotlarning ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirish boʻyicha “Yoʻl xarita”si tasdiqlandi. Fizika yoʻnalishidagi ilmiy tashkilotlarning ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirish boʻyicha “Yoʻl xarita”siga asosan loyiha qiymati 12,1 mlrd. soʻmlik jami 20 ta ishlanmani tijoratlashtirish vazifasi belgilangan. Hozirgi kunga qadar, 2,43 mlrd. soʻmlik 6 ta ishlanma moliyalashtirildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarni yuborish maqsadida oʻtkazilgan saralash tanlovlar natijalariga koʻra 2018-2019-yillarda 231 nafar yosh olimlar stajirovkalarga yuborildi. 2020-yilda oʻtkazilgan saralash tanlovlar natijalariga koʻra 261 nafar yosh olimlar saralab olindi.

2018-yilda Fizika sohasida faoliyat yuritayotgan 10 nafar yosh olimlar Rossiya Federatsiyasi, Latviya, Ispaniya, Italiya, AQSH mamlakatlaridagi yetakchi xorijiy tashkilotlarda ilmiy stajirovkalar oʻtab kelishlari uchun 496,9 mln soʻm sarflangan. 2019-yilda fizika sohasidagi 9 nafar yosh olim Belarus Respublikasi, Shveysariya konfederatsiyasi hamda Belgiya Qirolligidagi yetakchi xorijiy tashkilotlarda ilmiy stajirovkalar oʻtab kelishlari uchun 528,8 mln soʻm miqdordagi mablagʻ sarflangan.

2020-yilda 16 nafar fizika sohasidagi yosh tadqiqotchilar Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Latviya mamlakatlarida ilmiy stajirovka oʻtash uchun saralab olingan, ular pandemiya sharoitini inobatga olgan holda xorijiy davlatlarning yetakchi ilmiy tashkilotlariga stajirovkaga yuborilishi yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, joriy yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan barcha fan yoʻnalishlari shu jumladan, fizika fani boʻyicha stajirovkaga tanlov eʼlon qilingan. Hozirgi kunda, taqdim etilgan nomzodlar toʻgʻrisida maʼlumotlar umumlashtirilmoqda.

Fizika sohasidagi ilmiy tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha 2018-2021-yillarda 51 turdagi 5 646,0 ming AQSH dollarlik asbob-uskunalar boʻyicha buyurtmalar berilgan. Bu buyurtmalar Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti, Fizika-texnika instituti, Materialshunoslik instituti, Astronomiya instituti, Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutlarini jihozlashni nazarda tutadi.

Shundan:16 turdagi 3 863,0 ming AQSH dollarlik asbob-uskunalar xarid qilindi, 25 turdagi 1 303,0 ming AQSH dollarlik asbob-uskunalar boʻyicha tanlov natijalariga koʻra shartnomalar tuzish maqsadida muzokaralar olib borilmoqda, 10 turdagi 480,0 ming AQSH dollarlik asbob-uskunalar boʻyicha tanlov savdolari davom etmoqda.