5 fevral kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida respublikamizda ilk marotaba amalga oshirilgan 3 oy muddatga mo‘ljallangan “English for Science” loyiha ishtirokchilari sertifikat bilan taqdirlandi.
Ushbu loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi, FANUR Education o‘quv markazi hamda Britaniya Kengashi tomonidan amalga oshirildi. Ingliz tili bo‘yicha bilim va malakani oshirishga qaratilgan "English for science" bepul o‘quv kurslari o‘tgan yili oktabr oyidan boshlab tashkil etilgan. Ushbu loyihaga 70 dan ortiq ilmiy tadqiqot institutlaridan kelib tushgan arizalar asosida 186 tadqiqotchi olimlardan 24 nafari saralab olingan bo‘lib, olimlar 3 oy davomida loyiha doirasida darslarga ishtirok etishdi. Darslarni Buyuk Britaniyaning Oksford va Kembrij universitetlari tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari asosida ko‘p yillik xorijiy tajribaga ega bo‘lgan pedagoglar jamoasi berdi. Qo‘shimcha ravishda har oyda turli soha vakillari bilan ingliz tilida ochiq darslar, turli fan yo‘nalishlaridagi o‘zgarishlar va yangi imkoniyatlar muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
O‘qish davomida tinglovchilar (12 nafar yoshi katta olimlar va 12 nafar yosh olimlardan iborat 2 ta guruh) ilmiy muhokamalar o‘tkazish, o‘z loyihalari bo‘yicha taqdimotlar tayyorlash, xorijiy ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish metodologiyasini o‘rgandilar. Natijada O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti ilmiy xodimi Hamid Xojaniyozov va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti kichik ilmiy xodimi Karomat Kuldashevaning maqolalari Scopus bazasidagi yuqori impakt-faktorga ega jurnallarda chop etilmoqda.
Mazkur dasturning maqsadi Web of Science, Scopus, Springer, Wiley kabi yetakchi ilmiy maqolalar bazasidan olimlarimizning foydalanish darajasini oshirishdir. Aynan mazkur ma’lumotlar bazalarida eng ko‘p ilmiy tadqiqotlar natijalari e’lon qilinadi va ularning aksariyati ingliz tilida taqdim etiladi. Shuningdek, loyiha ishtirokchilari o‘zlarining ilmiy maqolalarini xalqaro ilmiy jurnallarga tayyorlash va u yerda chop etirish ko‘nikmasini egallaydilar. Bundan tashqari, tadqiqotchilarning akademik ingliz tilini o‘rganishlari ularga moliyalashtirishning xorijiy manbalarini qildirib topish, ya’ni grantlarga ariza berishga hamda tadqiqotlari natijalarini tijoratlashtirishga yordam beradi.
Mazkur loyiha O‘zbekistonda Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli ko‘rsatkichlariga erishishga xizmat qiladi.