Tadbir 29.03.2021

Ilmiy tashkilotlar rahbarlari uchun oʻquv-seminar oʻtkazilmoqda

2021-yil 29-mart- 2-aprel kunlari Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Respublikasi Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi bilan hamkorlikda ilmiy tashkilotlar direktorligiga yangi tayinlangan rahbarlarni muntazam malakasini oshirib borish maqsadida xorijlik va mahalliy ekspertlar ishtirokida onlayn shaklda 1 haftalik “Mamlakatimizda ilm-fan va innovatsion faoliyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosqichlari: xorij tajribasi misolida tahlil qilish” mavzusida malaka oshirish oʻquv kursi oʻtkazilmoqda.

Taʼkidlash joizki, Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga koʻra, ilmiy tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida oʻqitish va ularning malakasini oshirib borish tizimi joriy qilish vazifasi qoʻyilgan va mazkur oʻquv kursi aynan shu vazifani amalga oshirishga xizmat qiladi. 2021-yil 1-yanvardan boshlab har bir ilmiy tashkilotda uning boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida ilm-fan va ilmiy faoliyat boʻyicha maslahatchi lavozimi kiritiladi, bu lavozimga taniqli ilm-fan namoyandalari va nufuzli olimlardan biri tayinlanadi hamda maslahatchi tashkilotning Ilmiy kengashini boshqarishi belgilandi. Shuningdek, ilmiy yoʻnalishlarni shakllantirish va ularning samarali faoliyat yuritishini taʼminlash hamda ilmiy maktablar, fan namoyandalari va yetakchi olimlarning sohadagi masʼuliyatini oshirish maqsadida har bir fan yoʻnalishlari boʻyicha fan jamiyatlari tashkil qilinmoqda. Shu bilan bir qatorda, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan bu borada tizimdagi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borishi borasida chora-tadbirlar amalga oshirib borilmoqda.

Oʻquv kursda ilmiy-tadqiqot institutlarining yangi tayinlangan direktorlari, Fanlar akademiyasining ilmiy maslahatchilari hamda xodimlari, jami 50 nafar ishtirokchi ishtirok etmoqda.

Oʻquv kursining 1-kunida Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilm-fan va ilmiy texnikaviy tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Otajonov ishtirokchilarga Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy loyihalar tanlovi, loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish tartiblari, ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish sohasidagi asosiy islohotlar, oʻzgarishlar va mavjud muammolar, innovatsion loyihalarni amalga oshirish, loyihalar hisobotini tayyorlash va monitoringi tartibi, innovatsiyalarni amaliyotga joriy qilish tartib taomili, ilmiy tadqiqot institutlardagi olimlarni xorijiy stajirovkalarga yuborish bosqichlari, ularga laboratoriya jihozlarini xarid qilish tartibi hamda innovatsion faoliyat sohasida xorij davlatlarning tajribasi, erishgan yutuqlari yuzasidan maʼruza qildi.

2-kuni Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi professori M.Xamidulin innovatsion menejment asoslari, innovatsion loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirish masalalarida suhbat oʻtkazdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi Ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni tijoratlashtirish hamda transfer qilish boshqarmasi boshligʻi Jamoliddin Babaxanov ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish sohasidagi oʻzgarishlar va mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish choralari borasida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

Tadbir ochiq muloqot shaklda oʻtdi, kurs mobaynida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga kurs spikerlari javob berdilar.

Oʻquv kursi davom etmoqda.