Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilingan «Olima ayollar grantlari» tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovida turli fan yoʼnalishlari boʼyicha respublikamiz olima ayollari oʼzlarining innovatsion va amaliy loyihalari bilan ishtirok etmoqdalar. Loyihalar orasida fanlararo yoʼnalishlardagi loyihalar ham topshirilgani maʼlum boʼldi. Shu munosabat bilan Ilmiy-texnik kengashlar ilk marotaba qoʼshma majlis oʼtkazib, loyihalarni ikki fan yoʼnalishi kesimida muhokama qildilar. Tanlovga topshirilgan “Tibbiy taʼlim pedagoglari uchun «Tibbiyot pedagogikasi» elektron metodik portalini yaratish” xuddi shunday loyihalardan biri hisoblanadi.
Loyihaning maqsad va vazifalari, mazmunidan kelib chiqib, uni «Tibbiyot fanlari» va «Filologiya, pedagogika va psixologiya fanlari» boʼyicha Ilmiy-texnik kengashlarining qoʼshma majlisida muhokama qilindi. Mazkur loyiha nafaqat pedagoglar, balki shifokorlar tomonidan ham yaxshi kutib olindi. Tibbiyot oliygohini bitiruvchilarining pedagogik faoliyatni yuritishida ushbu loyiha natijasida yaratiladigan tizim koʼplab qulayliklar yaratishi alohida taʼkidlandi. Undan koʼzlangan asosiy maqsad pedagog kadrlarning innovatsion yondashuvlar asosida oʼquv-tarbiyaviy jarayonlarga jalb etish, sohadagi ilgʼor tajribalar va texnologiyalarni oʼzlashtirish, takomillashtirish hamda amaliyotga joriy etishlari uchun zarur boʼladigan kasbiy bilim, koʼnikma, malakalari hamda ijodiy faolligini rivojlantirishdan iborat.
Loyiha muhokamasi davomida nafaqat tibbiyot sohasi olimlari, balki pedagog olimlarimiz ham oʼzlarining fikr va mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, majlisda «Gormanal faol gipofiz oʼsmalardagi yurak qon-tomir asoratlarni prognozlash va oldini olish mezonlarini ishlab chiqish», «Bepushtlikning profilaktikasi uchun oʼspirinlarda balogʼatga yetishishning buzilishini erta tashxislash texnologiyasini ishlab chiqish», «Melaninli giperpigmentatsiya bilan xastalangan bemorlarda potomorfologik va immunologik koʼrsatkichlarni oʼrganish asosida 3D texnologiyasi yordamida tashxislash va potogenetik asoslangan davolash usulini ishlab chiqish», “Goʼdaklar va yosh bolalar uchun zamonaviy innovatsion “Urinal Eco” nomli siydik yigʼish moslamasini ishlab chiqish” mavzusidagi loyihalar muhokama qilindi. Har bir loyiha Ilmiy-texnik kengash aʼzolari tomonidan atroflicha muhokama qilindi va tegishli qaror qabul qilindi. Loyiha boʼyicha yakuniy xulosa vazirlik Hayʼati tomonidan qabul qilinadi.