O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini tashkil etish to‘g‘risida» 1996 yil 4 martdagi PF-1378-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘g‘risidagi Nizom va uning tuzilmasi 1, 2, 2a, 2v-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Mudofaa vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga favqulodda vaziyatlarda ishlarni bajarish uchun faoliyat ko‘rsatib turgan tuzilmalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, tashkil etilayotgan maxsus tuzilmalarning tuzilmasi, joylashishi, moliyaviy va moddiy-texnika ta’minoti to‘g‘risida taklif kiritsin.
2. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlarining umumiy soni 1785 nafar, shu jumladan ma’muriy-boshqaruv xodimlari soni 540 nafardan iborat etib belgilansin; Favqulodda vaziyatlar vazirligi markaziy apparati xodimlarining cheklangan soni 80 nafar, shu jumladan 35 nafar ofitserdan iborat etib belgilansin (binolarni qo‘riqlash va ularga xizmat ko‘rsatish xodimlaridan tashqari). Favqulodda vaziyatlar Vaziriga Vazirlikning tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritishga ruxsat etilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga Vazirning uch nafar o‘rinbosariga, shu jumladan bir nafar birinchi o‘rinbosariga hamda shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan 9 kishidan iborat hay’atga ega bo‘lishga ruxsat etilsin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, toifalangan shaharlar va tumanlar hokimliklarining favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (bo‘limlari) namunaviy tuzilmalari 3, 4 va 5-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin;
Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ko‘rsatib o‘tilgan boshqarmalar (bo‘limlar) va ularning bo‘linmalarini zarur binolar, telefon aloqasi va boshqa aloqa, mol-mulk, inventar, avtotransport bilan ta’minlash va ularning joylashishiga yordam ko‘rsatish uchun shaxsan javobgarlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar, toifalangan shaharlar va tumanlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
5. Vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar, birlashmalar va korxonalar tuzilmasidagi xalq xo‘jaligi ob’ektlarining fuqaro muhofazasi bo‘yicha mavjud xizmatlar va shtatdagi lavozimlarni tugatsinlar.
6. Belgilab qo‘yilsinki, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimini mablag‘ bilan ta’minlash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.