Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda Qo‘mita deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Qo‘mita o‘rmonlarni barpo etish, ko‘paytirish, qayta tiklash, muhofaza qilish va qo‘riqlash, ulardan oqilona foydalanish, shuningdek o‘rmon-ov, ov xo‘jaligini yuritish, qo‘riqxonalar, milliy tabiat bog‘lar va tizimdagi boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ishlarini tashkil etish va yuritishda yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
3. Qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va hisobot beradi.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, viloyatlar o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda hududiy boshqarmalar deb ataladi), O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti, Davlat qo‘riqxonalari, milliy tabiat bog‘lari va ovchilik xo‘jaliklari boshqarmasi, «O‘rmonloyiha» davlat unitar korxonasi, «Shifobaxsh» dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazi hamda O‘rmon va dorivor o‘simliklar urug‘chiligi tahlil markazi, shuningdek qo‘mita tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda Qo‘mita tizimiga kiruvchi tashkilotlar deb ataladi) O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining yagona tizimini tashkil etadi.
5. Qo‘mita o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.