Islom hamkorlik tashkiloti

P.O.Box 178, Jeddah 21411, Kingdom of Saudi Arabia
Xalqaro moliya instituti
21411
(966)-12-6515222
(966)-12-6512288

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) — hukumatlararo xalqaro tashkilot. Islom mamlakatlari davlat va hukumat boshliqlarining 1-konferensiyasida (1969 y., Rabot sh., Marokash) asos solingan. Islom davlatlari tashqi ishlar vazirlarining 3-konferensiyasida (1973 y., Jidda sh., Saudiya Arabistoni) taʼsis etilib, ustavi qabul qilingan. 

Hozir IKT diniy mushtaraklik asosida jami 55 davlatni, jumladan, mustaqillikka erishgan Markaziy Osiyo davlatlarini, shuningdek, Falastin ozodlik tashkiloti (FOT)ni birlashtiradi. IKT ustaviga binoan uning maqsadi aʼzo davlatlar oʻrtasida islom birdamligini ragʻbatlantirish, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ilmiy va boshqa sohalarda hamkorlikni mustahkamlash, irqiy kamsitishni, barcha shakldagi mustamlakachilikni tugatishga harakat qilish, tinchlik va xavfsizlikni saklash uchun tadbirlar belgilash, Falastin arab xalqining oʻz huquqlarini tiklash va uning yerlarini ozod qilish uchun kurashini qoʻllab-quvvatlash kabilardan iborat. 

IKTning rahbar organlari davlat va hukumat boshliqlari Konferensiyasi (1981 yildan har 3 yilda bir marta chaqiriladi) va tashqi ishlar vazirlarining Konferensiyasi (har yili yoki zarurat tugʻilganda chaqiriladi) va bosh kotib rahbarligidagi kotibiyatdir. IKT qarorgohi Jidda shahrida joylashgan. IKT huzurida Islom taraqqiyot banki, Fan va texnika sohasida hamkorlik boʻyicha doimiy qoʻmita faoliyat koʻrsatadi. 1975 yildan IKTga Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) huzurida kuzatuvchi maqomi belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi (1996 yildan) IKTga toʻliq aʼzo boʻlib kirgan.