Loyiha turi 13.04.2022 151

O'simliklarni himoya qilishning ilmiy echimiga qaratilgan amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi

O'simliklarni himoya qilishning ilmiy echimiga qaratilgan amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi

O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Agrobank” aktsiyadorlik tijorat banki o'simliklarni himoya qilish bilan bog'liq muammolarning ilmiy echimini ta'minlashga qaratilgan amaliy va innovatsion loyihalar tanlovini e'lon qiladi.

O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovining 70-turini 
“O'rmon xo'jaligi, tuproqshunoslik va o'simliklarni himoya qilish fanlari” bo'yicha e'lon qiladi.

Mazkur tanlov O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” 2020 yil 9 martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq o'tkaziladi.

Tanlov shartlari.

Tanlov mavzulari Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda «Agrobank» aktsiyadorlik tijorat banki o'rtasida 2021 yil 19 oktyabrda imzolangan o'simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti va sohadagi izlanuvchilarning ilmiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash maqsadida yangi innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo'yicha ilmiy loyiha mavzularini shakllantirish hamda hamkorlikda tanlovlar o'tkazish, ilmiy loyihalarni moliyalashtirish bo'yicha tanlovlar natijalariga ko'ra g'olib bo'lgan loyihalar va ularning monitoring bilan bog'liq harajatlar to'liq (100 foiz) “Agrobank” aktsiyadorlik tijorat banki tomonidan moliyalashtirish to'g'risidagi memorandum asosida shakllantirilgan.

Tanlov yakunlari bo'yicha moliyalashtirishga tavsiya etilgan loyihalar “Agrobank” aktsiyadorlik tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10,0 mlrd so'm mablag'lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar www.grant.mininnovation.uz – davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi orqali 2022 yilning 14 mayiga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

Ilmiy loyiha hujjatlarini grant.mininnovation.uz elektron platformasi orqali ro'yxatdan o'tkazish jarayonida quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf/doc shakli elektron platformaga yuklanishi lozim:

  • ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yo'llanma xat (pdf);
  • ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan ko'chirma (.pdf);
  • amaliy yoki innovatsion loyiha matni (imzo va muhr qo'yilgan holda pdf va doc/docx).

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat'iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko'chirmachilikka (plagiatga) yo'l qo'yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek loyiha yakunida qo'lga kiritiladigan muhim ilmiy natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to'liq asoslanganligi va so'ralgan mablag'larning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq to'g'ri hisob-kitob qilinganligi bo'yicha dastlabki texnik ekspertizadan o'tkaziladi.

elektron ro'yxatdan hamda dastlabki texnik ekspertizadan o'tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.

Taqdim etilgan loyihalardagi ma'lumotlarning to'liqligi, haqqoniyligi va ishonchliligi hamda ilmiy loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish salohiyati, loyihada rejalashtirilgan ilmiy-tadqiqotlarni to'la va o'z vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi ijrochi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas'ul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

Taqdim etilgan loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va g'oyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qo'yishning maqsadga muvofiqligi to'g'risida ijrochi tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim.

Tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun so'ralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ushbu havolaga joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi: http://grant.mininnovation.uz/site/example-docs .

eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda ko'rib chiqish natijalari to'g'risidagi ma'lumotlar grant.mininnovation.uz elektron platformasida loyiha rahbarlarining shaxsiy kabinetlarida ko'rsatiladigan interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.

Ilmiy loyihalarni grant.mininnovation.uz lektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali elektron ro'yxatdan o'tkazish bilan bog'liq texnik masalalar bo'yicha Innovatsion rivojlanish vazirligining texnik jihatdan qo'llab-quvvatlash xizmati: +998-71-203-32-32