Loyiha turi 16.03.2022 196

Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun kimyo va biologiya fanlaridan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish bo‘yicha Milliy tanlov

Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun kimyo va biologiya fanlaridan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish bo‘yicha Milliy tanlov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 avgustdagi “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4805-son qarorining 9-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda har yili ilg‘or xorijiy tajriba asosida ta’lim muassasalari uchun kimyo va biologiya fanlaridan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish bo‘yicha milliy tanlov e’lon qiladi.

Tanlovning maqsadi − kimyo va biologiya fanlari yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini oshirish, ta’lim muassasalari uchun ilg‘or xorijiy tajriba asosida zamonaviy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish hamda ilm-fan natijalaridan foydalanishda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari o‘rtasida o‘zaro yaqin muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Nizomga muvofiq joriy yilda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun kimyo va biologiya fanlaridan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish bo‘yicha milliy tanlov tashkil etiladi.

Tanlovda ishtirok etish uchun topshiriladigan hujjatlar ro‘yxati:

1.   Tanlovda ishtirok etish uchun tanlov komissiyasi nomiga ariza.

2.   Muallif yoki mualliflar guruhi a’zolarining ma’lumotnomasi (ob’ektivkasi).

3.   Tanlovga topshirilayotgan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni Davlat ta’lim standarti, o‘quv reja va dasturlari nusxalari.

4.   Tanlovga topshirilayotgan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni ilmiy yoki ta’lim tashkilotlarining ilmiy (metodik) Kengash yig‘ilishlari muhokamasidan o‘tganligi to‘g‘risidagi bayonnomasidan ko‘chirmasi.

5.   O‘quv va ilmiy adabiyotlar qo‘lyozmasining elektron va qog‘oz shaklidagi nusxasi.

Eslatma: Tanlovda Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatgan va ko‘rsatayotgan o‘qituvchilar, pedagog xodimlar, Fanlar akademiyasi va uning tasarrufidagi ilmiy tashkilotlarda faoliyat yuritgan va yuritayotgan fan mutaxassislari, ilmiy xodimlar, mualliflar guruhi hamda mustaqil izlanuvchilar (yoshi cheklanmagan holda) qatnashishlari mumkin.

Tanlovda ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish muddati: tanlov e’lon qilingan kundan boshlab 2022 yil 25 iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (100174, Toshkent sh., Olmazor tumani, Universitet ko‘chasi, 7-uy)ga yuboriladi.

Arizalar edu@mininnovation.uz elektron pochta manziliga “Kimyo va biologiya fanlaridan milliy tanlovga” sarlavha bilan yuborilishi lozim.

Ma’lumot uchun telefon: (99871) 203-32-31 (245).

Ko‘rsatilgan muddatdan keyin topshirilgan arizalar tanlovga qabul qilinmaydi va ko‘rib chiqilmaydi! Shuningdek, avvalgi tanlovlarga topshirilgan adabiyotlar qayta tanlovga qabul qilinmaydi!

G‘olib muallif yoki mualliflar guruhi Innovatsion rivojlanish vazirligi 100 million so‘mdan bir martalik mukofot pullari bilan taqdirlanadi.