Loyiha turi 05.07.2023 379

Sirdaryo viloyati miqyosida startap loyihalar tanlovi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-aprel kuni Sirdaryo viloyatiga amalga oshirilgan amaliy tashrifi davomida berilgan topshiriqlari hamda Innovatsion rivojlanish agentligi va Sirdaryo viloyati hokimligi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumga muvofiq Sirdaryo viloyati miqyosida startap loyihalar tanlovini (Keyingi o‘rinlarda - Tanlov) e’lon qiladi:

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 133-son qarori bilan tasdiqlangan “Startap” loyihalarni tasdiqlash, moliyalashtirish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risida” nizomda belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi.

Startap loyihalarni qabul qilishda quyiladigan shartlar:

Arizalar 2023-yilning 27-aprelidan 27-iyungacha qabul qilinadi;

Startap loyiha tashabbuskori (korxona) – startap loyihani amalga oshirishda agentlikdan so‘ralgan mablag‘ning eng kamida 20% miqdorida o‘z hisobidan mablag‘ kiritishi;

Tegishli tuman yoki viloyat hokimliklari tomonidan taqdim etilgan tavsiyanomaning mavjudligi;

Tanlovda faqat Sirdaryo viloyati miqyosidagi innovatsion faoliyat subyektlari ishtirok etishi;

1 ta ishtirokchi 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi;

Startap loyihalar asosida maket va (yoki) prototip, dasturiy mahsulot, xizmatlar va ijtimoiy mahsulotlar yaratishning eng ko‘p muddati 1 yildan oshmasligi lozim.

Startap loyihalar tanlovini o‘tkazish shartlari:

Tanlovda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamdagi

biznes-loyihalarni yaratish va amalga oshirishga qaratilgan arizalar qabul qilinadi. Ular innovatsiyalar va texnologiyalarga asoslanishi shart.

Arizalarni yuridik va jismoniy (kafolat xati na’muna shakli) shaxslar taqdim etishi mumkin.

Loyihani amalga oshirishda quyidagi omillarni inobatga olish tavsiya etiladi:

- Atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan va ekologik toza texnologiyalar;

- Qayta tiklanuvchi energiya manbaalaridan foydalanish;

- Yashil texnologiyalarga asoslanganlik;

- Inson salomatligiga zarar yetkazmaslik;

- Umuminsoniy va milliy qadriyatlarga mos kelish;

- Texnologiyalarning barqaror rivojlanish omillariga mos kelishi.

- Loyihaga baho berishda quyidagilar hisobga olinadi:

Loyihaning innovatsionligi – respublikada avval qo‘llanilmagan yangi texnologiyalar va (yoki) jarayonni tashkillashtirish tamoyillaridan foydalanish darajasi, bunda loyiha respublikada avval ishlab chiqarilmagan yangi mahsulot (intellektual mulk obyekti mavjud bo‘lganda) ishlab chiqarish, yangi xizmat yaratishni ko‘zda tutadi;

Loyihaning texnik jihatdan mukamalligi, shu jumladan yakunlanganlik darajasi;

Muhofaza qiluvchi hujjatlar mavjudligi – patent yoki patentga ariza va/yoki ilmiy-texnik hujjatlarning to‘liq komplekti va/yoki ko‘zda tutiladigan mahsulot (texnologiya)ning texnik reglamenti, sinov dalolatnomalari, mahsulot namunasining mavjudligi;

Loyihaning mutaxassislar bilan ta’minlanish, ilmiy-texnik va ishlab chiqarish imkoniyatlari – jamoaning malakali mutaxassislardan shakllantirilganligi, kerakli asbob-uskunalar va ilmiy obyektlar infratuzilmalarining mavjudligi;

Loyihaning investitsion jozibadorligi bu – qo‘shimcha foyda keltirib, kiritilgan mablag‘lar tavakkalchiligini kamaytiradigan qulay investitsion va innovatsion shart-sharoitlar majmuidir. Loyihaning investitsion jozibadorligi uning mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli istiqbollariga muvofiqligi, loyihaning qiymati, tavakkalchiliklarning hisobga olinishi, o‘zini o‘zi qoplashi va rentabelligi bilan belgilanadi;

Loyihani moliyaviy rejalashtirish – Loyiha moliyaviy ta’minotining rejalashtirilayotgan ishlarga muvofiqligi va harajatlar smetasining asoslanganligidir;

Marketing rejasi – loyihani amalga oshirish strategiyasi, bozor hajmi, maqsadli auditoriya, aloqalar/sotuvlarning asosiy kanallari, raqobat muhiti v.b.

Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar – ajratiladigan mablag‘lardan samarali foydalanish, amalga oshiriladigan tadbirlarni bajarish sifati va muddatlari, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan ilmiy asos talab qiladigan mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish.

Bunda quyidagi hujjatlar asl nusxalari PDF shaklida yuborilishi lozim:

Startap loyiha muallifi tomonidan imzolangan ariza (imzo va muhr qo‘yilgan holda);

startap loyiha pasporti;

xarajatlar smetasi;

startap loyiha biznes matni;

Tegishli tuman yoki viloyat hokimliklari tomonidan taqdim etilgan tavsiyanoma.

 O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligining tanlov g‘oliblari borasidagi qarori qat’iy va qayta ko‘rib chiqilmaydi!

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiat) yo‘l qo‘yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek startap loyiha yakunida qo‘lga kiritiladigan muhim natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to‘liq asoslanganligi va so‘ralgan mablag‘larning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq to‘g‘ri hisob-kitob qilinganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.

Dastlabki texnik ekspertizadan o‘tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi!

Qo‘yidagi hollarda taqdim etilgan loyihalar tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilmasligi mumkin:

Startap loyihani shakllantirishda hududning drayver sohasi doirasida shakllantirilmaganligi;

Tegishli tuman yoki viloyat hokimliklari tomonidan taqdim etilgan tavsiyanomasining mavjud emasligi;

startap loyiha mazmunan innovatsion hususiyatga ega emasligi;

startap loyihaning maqsad va vazifalari yoritib berilmaganligi;

startap loyihada taqdim etilgan muammoning yechimi mavjud emasligi;

taqdim etilgan loyihalar avval ushbu tanlovda g‘olib bo‘lmaganligi;

startap loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘larni binolarni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash-qurilish ishlariga, shuningdek avtotransport vositalarini xarid qilishga sarflanganligi.

 Taqdim etilgan startap loyihalardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov g‘oliblari tomonidan startap loyihalarning natijadorligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga startap loyiha rahbarlari, mazkur loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas’ul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

Tanlovga quyidagi xavola orqali ro‘yxatdan o‘tiladi: https://forms.gle/wyTxc52UCfZjBBgo6

Tanlov natijalari bo‘yicha barcha yangiliklar bilan agentlik rasmiy veb-sayti orqali tanishish mumkin.

Startap loyihalarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq texnik masalalar bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligining texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash xizmati:

+998-71-203-32-23 (ichki raqam: 216)