Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Qishloq xoʼjaligi, veterinariya va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari boʼyicha Ilmiy-texnik kengashning onlayn majlisi oʼtkazildi. Unda ilmiy loyihalar tanlovining 17-18-turlariga topshirilgan loyihalar va Kengashga tegishli boshqa masalalar muhokama qilindi. Dastlab 17-tur tanlovida eʼlon qilingan mavzularga topshirilgan loyihalar koʼrib chiqildi. 17-turda «Yangi biotexnologiyalar va genomikadan foydalangan holda hasharotlar va kasalliklarga chidamli yangi avlod yumshoq bugʼdoy navlarini yaratish» loyihasi eʼlon qilingan boʼlib, ushbu loyiha uchun 1,5 milliard soʼm mablagʼ ajratilgan.
Loyihaga Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo filialidan ikkita loyiha topshirilgan, shundan yakuniy natijasi aniq mahsulotga qaratilgan loyiha loyihasi saralab olindi. Loyiha rahbari oʼz taqdimotida taklif etilayotgan bugʼdoy navi kasalliklarga va zararli hasharotlarga chidamli, hosildorligi yuqori ekanini taʼkidladi. 18-turda «Qoraqalpogʼiston Respublikasi sharoitida bir oʼrkachli tuyalarning mahsuldor podalarini koʼpaytirish va tuyachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqish» amaliy loyihasi eʼlon qilingan boʼlib, loyiha uchun 1,8 milliard soʼm mablagʼ ajratilgan.
Loyihaga Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filiali, Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti va Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filialidan uchta loyiha kelib tushgan. Ilmiy ekspertiza natijalariga koʼra, ular orasidan ham aynan yakuniy natijasi aniq mahsulotga qaratilgan, loyiha talablariga toʼliq javob beradigan, yuqori ilmiy salohiyatga ega boʼlgan loyiha tanlab olindi. Tanlab olingan loyiha natijasida yangi nasl yaratilishi, ozuqa ratsion moddalari ishlab chiqilgani, umuman, mazkur loyiha tuyachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalarini rivojlantirishda qoʼl kelishini bayon etdi. Tanlangan amaliy loyiha mamlakatda tuyachilikni rivojlantirish, yangi zotlar yaratish va tuyachilik mahsulotlarini qayta ishlash borasidagi dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan boʼlib, loyihaning yillik moliyalashtirish summasi 600 million soʼm tashkil etadi. Majlisda «Lalmi yerlarda ekish uchun moʼljallangan suvsizlikka chidamli, hosildorligi yuqori qishloq xoʼjalik ekinlarining yangi navli urugʼchiligini tashkil qilish» innovatsion loyihasiga topshirilgan loyihalar ham koʼrib chiqildi.