News 10.02.2023 499

February 11 - International Women in Science Day

BMT Bosh Assambleyasining 201-yil 22-dekabrdagi yig'ilishida “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar” to'g'risida rezolyutsiya qabul qilindi. Mazkur rezolyutsiyaga muvofiq 11-fevral – Xalqaro ilm-fan sohasida xotin-qizlar kuni sifatida  e'tirof etildi.

Dunyo tamaddunida, jumladan, ilm-fan taraqqiyotida ham xotin-qizlarning o'rni, hissasi beqiyos bo'lganligi tarixiy ma'lumotlarda qayd etilgan. So'nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, ularga ilm-fan sohasida o'z iqtidor va imkoniyatlarini to'laqonli namoyish etishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida qator islohotlar amalga oshirildi. Xotin-qizlarning magistratura yo'nalishida tahsil olishlari uchun to'lov-shartnoma mablag'larining davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi, tayanch doktorantura va doktorantura uchun qabul kvotalari sonining ko'paytirilishi, xususan, ustuvor yo'nalishlar uchun qo'shimcha 300 ta o'rin ajratilishi bu borada muhim qadamlar bo'ldi.

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida muntazam e'lon qilinayotgan loyihalar tanlovlarida, shuningdek, tashabbuskor loyihalar tanlovlarida xotin-qizlar ishtirokining yil sayin ortib borayotganligi ushbu islohotlar samarasidir.

Raqamlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, xotin-qizlar rahbarligida 2021-yilda umumiy qiymati 160,1 mlrd. so'mlik 109 ta, 2022-yilda umumiy qiymati 109,4 mlrd. so'mlik 79 ta ilmiy loyiha moliyalashtirilgan. Hozirgi kunda davlat byudjeti mablag'lari hisobidan xotin-qizlar rahbarligidagi umumiy qiymati 268,4 mlrd. so'm bo'lgan 186 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda.

Xotin-qizlarni ilm-fanga keng jalb qilish, fan-ta'lim va iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida ilmiy faoliyat bilan shug'ullanayotgan xotin-qizlarning yangi g'oya va ishlanmalarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish maqsadida har yili 8-mart – Xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Olima ayollar grantlari” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlari e'lon qilib kelinmoqda. Ushbu tanlovga taqdim etilgan loyihalarning ilmiy jamoasi tarkibi xotin-qizlardan iborat bo'lib, yosh olimalar, iqtidorli talaba-magistr qizlar jalb qilinadi. Bu, o'z navbatida, xotin-qizlarning ilmiy faoliyatga jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilgan tadqiqotlar monitoringi natijalariga ko'ra olima ayollar rahbarligida amalga oshirilgan qator loyihalar ijobiy baholangan. Biologiya fanlari doktori Miralimova Shaxlo Mirjamolovna rahbarligidagi “Tuproq unumdorligini tiklovchi hamda toksik elementlarni parchalovchi foydali mikroorganizm guruhlari asosida kompleks ta'sir etuvchi yangi avlod biopreparatlar yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha natijasida “Probiomiks”, “Glyukomin”, “Glyukomin Pro” preparatlarining tarkibi va texnologiyasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

Texnika fanlari bo'yicha falsafa doktori Djaxangirova Gulnoza Zinatullaevna rahbarligida bajarilgan “Mahalliy xomashyolardan oqilona foydalanib glyutensiz non-bulka mahsulotlari tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi innovatsion loyiha yakunida yangi texnologiya va retseptura taklif qilindi. Ushbu tadqiqot natijalari oziq-ovqat sanoati uchun muhim ahamiyatga ega.