Yangilik 12.01.2022 135

Sanoat, ilmiy, innovatsion va texnologiyalar parklari assotsiatsiyasi (IPE) vakillari bilan muzokaralar oʻtkazildi

Joriy yilning 13-yanvar kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida Vengriyaning Sanoat, ilmiy, innovatsion va texnologiyalar parklari assotsiatsiyasi (IPE) ijrochi direktori Norbert Morucz oʻrtasida video muloqot tarzida muzokaralar boʻlib oʻtdi.

Unda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kuchaytirish boʻyicha fikrlar almashdi hamda 2021-yilning dekabr oyida Vengriyada tomonlar oʻrtasida imzolangan memorandum ijrosini taʼminlash maqsadida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqishga kelishib olishdi.

Hamkorlik doirasida IPE rezidentlari hamda yetakchi ixtirochi va startap loyihalar tashabbuskorlarini Oʻzbekistonga jalb qilish, shuningdek mazkur assotsiatsiya bilan INNO ilmiy-amaliy texnoparki negizida qoʻshma virtual biznes inkubator tashkil etish masalasi koʻrib chiqildi.

Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida biznes-inkubatorlar va akseleratorlarni yaratish va boshqarish jarayoniga jalb qilingan mutaxassislar, mentorlar va trenerlar, shuningdek, hududiy Yoshlar texnoparklari xodimlari uchun Vengriyada mentorlarni oʻqitish kurslarini tashkil etish hamda texnoparklarni boshqarishda IPEning asosiy samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) oʻrganish va ularni Oʻzbekiston sharoitida moslashtirishga kelishdilar.

Manba: https://mininnovation.uz/news/post-307