Suv xoʻjaligida innovatsion texnologiyalar yoʻnalishida mutaxassis kadrlar tayyorlash ishlari bundan bir necha yillar avval boshlab yuborilgan. Shu oʻrinda yana bir muhim vazifa bor, yaʼni oliy taʼlim muassasalarida nazariy bilimlarni chuqur egallagan yoshlarda amaliy koʻnikmalarni shakllantirish. Respublikamizda ushbu vazifa ijrosini birinchilardan boʻlib, Jizzax viloyatida joylashgan “MASTER BILDING PRODUCTS” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona boshlab berdi.
2022-yil 23-martda korxonaga “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetidan “Suv xoʻjaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” taʼlim yoʻnalishida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalaridan 4 nafar hamda Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutidan “Suv xoʻjaligi va melioratsiyasi” taʼlim yoʻnalishida tahsil olayotgan 6 nafar talaba 3 oy mobaynida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash uchun qabul qilindi.
Talabalarga amaliyot rahbari sifatida korxona muhandisi Abdumurod Alimov biriktirildi. Amaliyotdan koʻzlangan asosiy maqsad talabalarga tomchilatib sugʻorish tizimining har bir elementini mukammal oʻrgatish, loyihalash va tizimni oʻrnatish jarayonlarida bavosita ishtirok etgan holda koʻnikmalar shakllantirishdir.
Hozirda tomchilatib sugʻorish usuli oʻzining yuqori samaradorligi, yaʼni suv resurslari yetishmasligi sharoitida kam suv sarflab barqaror yuqori hosil olishga imkon berishi bilan ajralib turadi. Ekinlarga ishlov berish va sugʻorish ishlarida qoʻl mehnatini kamaytirish hamda sugʻorishni avtomatlashtirish imkoniyatlarining yuqoriligi bois tomchilatib sugʻorish usuli butun dunyoda kundan kunga kengroq maydonlarga tatbiq qilinmoqda.
Talabalarga mashgʻulotlarni Turkiya davlatidan kelib faoliyat yuritayotgan muhandis, qolaversa, korxona tomonidan oʻrnatiladigan tomchilatib sugʻorish tizimlari loyihachisi Kerem Akdogʻan olib bormoqda. Mashgʻulotlar davomida tomchilatib sugʻorish tizimi elementlarining har biriga alohida toʻxtalgan holda, ularning barcha vazifa va funksiyalari xususida, shuningdek, tizimni loyihalash, bunda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan asosiy jihatlar haqida tushuntirishlar berilmoqda.
Talabalar mashgʻulotlardan boʻsh vaqtlarida korxona tarkibidagi «Fiting va PPR quvurlar» ishlab chiqaruvchi sexda tomchilatib sugʻorish tizimida ishlatiladigan truba, shlang va fitinglar, uning uchun qoʻllaniladigan xomashyo va ishlab chiqarish jarayoni xususida maʼlumotlarga ega boʻlishmoqda.
Korxona xodimlari bilan bir qatorda tomchilatib sugʻorish tizimini oʻrnatish uchun fermer xoʻjaliklari dalalariga chiqishga shay turgan talabalar kelgusida amaliyot davri mobaynida egallagan bilim va malakalarini respublikamizda kechayotgan suv muammosini ijobiy hal etishda qoʻllashga, qolaversa tengdoshlariga ham oʻrgatishga ahd qilishgan.