Oʻzbekiston va Eron iqtisodiyoti oʻzaro manfaatli tarzda bir-birini toʻldirib, biotexnologiya, toʻqimachilik, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda hamkorlik koʻlami yildan yilga kengayib bormoqda.
Taʼkidlash joizki, amalga oshirilayotgan yirik loyihalar natijasida soʻnggi 5 yilda Oʻzbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4 baravar koʻpaydi. Ikki tomonlama muloqotlar va oʻzaro almashinuvlarning faollashuvi kuzatilib, savdo koʻrsatkichlari va kooperatsiya loyihalari soni ham ortib bormoqda. Raqamlarga eʼtibor qaratsak, oʻtgan yili tovar ayirboshlash 73 foizga, joriy yil boshidan esa yana 22 foizga oshdi.
Shu yil 19-iyul kuni Prezidentimiz mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlgan Eron Islom Respublikasi Prezidentining ilm-fan va texnologiyalar boʻyicha vitse-prezidenti Sorena Sattoriyni qabul qildi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston — Eron ilm-fan va innovatsiyalar forumi boʻlib oʻtdi. Koʻp qirrali hamkorlikning asosi — fan, innovatsiya va texnologiyalar sohasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishdan iborat boʻlib, qoʻshma ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish borasidagi hamkorlikni kengaytirish, buning natijasida esa izlanish ishlari va venchur tashabbuslarini moliyalashtirishga xususiy sektorni jalb qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mazkur forum doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi koʻrgazmalar zalida Oʻzbekiston va Eron innovatsion kompaniyalari va startaplari mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etildi.
Koʻrgazmada Eronning 45 ga yaqin yetakchi kompaniyalari 100 dan ortiq innovatsion mahsulotlari, texnologiya va yangi ishlanmalarning prototiplari, sanoat namunalari bilan qatnashdi. Ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, tibbiyot, axborot texnologiyalari va oziq-ovqat sanoati kabi yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida 15dan ortiq yalpi majlislar, “Business to Business” (B2B) formatida muzokaralar tashkil etildi. Natijada umumiy qiymati 28,5 million dollarlik 7 ta memorandum hamda hamkorlik shartnomalari imzolanib, oʻzaro kelishuvlarga erishildi.