Yangilik 30.11.2022 310

Ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda xorijiy tillarni bilish qanchalik ahamiyatli?

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ilm-fan sohasini ham tobora kengroq qamrab olmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, yangi raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, ish o‘rinlari yaratish uchun ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga zarurat tug‘ilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, «Ilm bilan, aql bilan harakat qilsak, yanada ulkan marralarga erishamiz».

Ko‘zlangan marralarga erishish maqsadida mamlakatimizda ilm-fanga, zamonaviy ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. bugungi kun talabiga javob beradigan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun birinchi navbatda kuchli bilim, salohiyat lozim bo‘lsa, ikkinchidan, xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirish talab etiladi.

Avstriyaning Q-Success konsalting kompaniyasi W3 techs loyihasi o‘tkazgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2022 yil noyabr holatiga ko‘ra, internet veb-saytlaridagi kontentlarning 60 foizi ingliz tilida, 5,4 foizi rus tilida, 4,1 foizi ispan tilida, 3,5 foizi nemis tilida, 3,1 foizi fransuz tilida, 2,9  foizi turk tilida, 2.9  foizi yapon tilida, 2,5 foizi fors tilida, 1,7 foizi xitoy tilida, 1,5 foizi italyan tilida, 1,5 foizi vetnam tilida, 1,3  foizi portugal tilida, 1,2 foizi golland tilida, 1 foizi polyak tilida, 1 foizi arab tilida va boshqa tillarda. 

W3 techs tomonidan berilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, internet sahifalaridagi o‘zbek tilidagi kontentlar 0,1 foizidan kamroqni tashkil etadi. 

Yuqorida keltirilgan statistik ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, bugungi kun talabalariga javob beradigan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun xorijiy tillarni bilish talab etiladi. Chunki ilmiy tadqiqot o‘tkazishda foydalaniladigan manbalarning aksariyati xorijiy tillarda yozilgan.

Shu o‘rinda beixtiyor o‘tgan asr boshida yashagan jadid bobolarimizning g‘oya va qarashlari yodga tushadi. Jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiy dunyo donishmandlari asarlaridan xabardor bo‘lish, jahon adabiyoti durdonalaridan chinakamiga lazzatlanish, shuningdek, zamonasini anglash, taraqqiyot uchun chet tilini bilish o‘ta muhimligini ta’kidlaydi. Chunonchi, jadidlar yetakchisi millat farzandlari o‘z nafi, jamiyatda muhim mavqe va obro‘ga ega bo‘lishi uchun xorijiy tilni bilishi zarurligi haqida so‘zlab, qat’iyat bilan «Xulosa, bugun bizlarga to‘rt tilga tahrir va taqrir etguvchilar kerak», deya bong urgan edi.

Mamlakatimizda til masalasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor, xususan, davlat tilining nufuzi va obro‘sini ko‘tarish, ona tilimizni asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlar o‘z mohiyat-e’tibori bilan ma’rifatparvar bobolarimizning ushalmagan orzu-armonlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi amaliy harakatlar ekanligi jihatidan beqiyosdir.

Barchaga ma’lumki, jahon hamjamiyatiga integratsiya jarayonida, dunyo bozoriga dadil va faol kirib borilayotgan pallada xorijiy til bilimlariga ehtiyoj ortishi tabiiy. Shu bois bugungi kunda soha mutaxassisining har tomonlama yetukligi mezonlari o‘z ona tili bilan bir qatorda, bir emas, bir necha chet tilini bilishi lozimligini taqozo etmoqda.

TADQIQOTLARDA...

Shuni qayd etish lozimki, qancha ko‘p til bilish – shunchalik ko‘p manbaga, bilimga, metodologiyaga ega bo‘lish hamda turli madaniyatlar bilan tanishish imkoniyatini beradi.

Ilmiy tadqiqotlarni yozishda nafaqat ingliz va rus tillaridagi manbalardan, balki boshqa tillardagi manbalardan foydalanishga, tahlil qilishga hamda xorijiy mualliflar bilan ilmiy munozaralarga kirishishga to‘g‘ri kelgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, ilm-fan sohasida yuqori natijalarga erishishda xorijiy tillarni bilish zamonaviy dunyoda o‘ta dolzarb masala hisoblanadi. Buni quyidagilarda ko‘rish mumkin:

Birinchidan, xorijdagi ilm-fan yutuqlaridan foydalanish, ularni amaliyotda qo‘llash imkoniyatini beradi;

Ikkinchidan, ilm-fan sohasida O‘zbekistonda erishilgan yutuqlarni jahon hamjamiyatiga tanishtirishda, yangi bozorlarni ochishda, mahsulotlarni eksport qilishda asqatadi;

Uchinchidan, madaniyatlarni o‘rganishda, hamkorlikning yangi jabhalarini ochishda va boshqalarda xorijiy tillarning o‘rni beqiyosdir.