Yangilik 05.09.2025 7

Oʻzbekiston-Latviya taʼlim forumi doirasida Latviya universiteti hamda Latviya transport va aloqa universiteti faoliyati

Oʻzbekiston-Latviya taʼlim forumi doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov boshchiligidagi oliy taʼlim muassasalari rahbarlaridan iborat delegatsiya Latviya universiteti hamda Latviya transport va aloqa universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida mehmonlarga universitetlarda talabalar va professor-oʻqituvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy imkoniyatlar hamda oʻquv jarayoni tashkil etilishi haqida atroflicha maʼlumot berildi. Shuningdek, oʻquv auditoriyalari, ilmiy laboratoriyalar va amaliyot oʻtadigan maxsus xonalar ham koʻrsatildi.

Latviya universiteti – Riga shahrida joylashgan davlat oliy taʼlim muassasasi boʻlib, 1919-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda u Boltiqboʻyi mintaqasidagi eng yirik va nufuzli universitetlardan biri sifatida eʼtirof etiladi.

Universitetda tabiiy fanlar, gumanitar va ijtimoiy yoʻnalishlar, texnik sohalar hamda tibbiyot boʻyicha zamonaviy taʼlim dasturlari amalga oshiriladi. Xalqaro hamkorlik, ilmiy-tadqiqot ishlari va talabalar uchun yaratilgan keng imkoniyatlari bilan ajralib turadi. 2026-yilgi QS xalqaro reyting natijalariga koʻra, Latviya universiteti 801–850-oʻrinlarni egalladi.

Latviya Transport va aloqa universiteti esa Riga shahrida joylashgan nufuzli texnik oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. U transport, logistika, axborot texnologiyalari va muhandislik sohalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda mintaqada muhim oʻrin egallaydi. Universitet xalqaro taʼlim maydonida oʻz nufuziga ega boʻlib, 2025-yil Times Higher Education (THE) xalqaro reytingida 1001–1500-oʻrinlardan joy olgan.