Yangilik 28.05.2023 601

Sun'iy intellekt kengashi raisi Bobur Rahimov bilan "Kelajakda bizni kutayotgan yutuq va xavflar" haqida suhbat

XXI asr texnologiyalar asri. Endilikda nafaqat texnologiyalar, balki sunʻiy intellekt ham rivojlanib bormoqda. Bu aksariyat ekspertlarni xavotirga solsa, ayrim soha vakillarini hushyorlikka chaqirmoqda. Xoʻsh, sunʻiy intellekt sabab haqiqatan ayrim kasblar yoʻqolib ketadimi? Nega bunday dasturlarning aksariyati Oʻzbekistonda ishlamaydi? Muammo nimada? Shu va boshqa savollar bilan virtual reallik texnologiyalariga asoslangan NAzzAR loyihasini asoschisi hamda Sunʼiy intellekt maslahat kengashi rahbari Bobur Raximovga murojaat qildik.

– Sunʻiy intellekt kundan kunga aqlli boʻlib bormoqda. Bunga misol sifatida ChatGPTni keltirish mumkin. Ushbu universal chatbot endi odam bilan zukkolik va muloqot qobiliyatlari boʻyicha raqobatlasha oladi. Xoʻsh, kelajakda u inson oʻrnini egallashi mumkinmi?


– Agar tarixga chuqurroq qarasak, har bir texnologik innovatsiya jamiyatda qoʻrquvga sabab boʻlgan. Bu yangi ixtirolarni koʻrgan odamlarning odatiy munosabati. Fiziologik jihatdan bizning miyamiz shunday qurilgan, u yangi narsaga oʻrganmaganligi sababli unga xavf sifatida qaraydi. Tarixdan ma’lumki, tinch yoʻnalishda qoʻllanilgan deyarli barcha ixtirolar u yoki bu tarzda qulaylik va hayot sifatini oshirgan.
Shuning uchun agar sunʼiy intellektga hech qanday insoniy fazilatlar berilmasa, unga haqiqatan ham kerakli vosita sifatida munosabatda boʻlinsa, hammasi oʻz joyiga tushadi. Ishonchim komil, sunʼiy intellektdan mazmunli va oqilona foydalanilsa, mamlakat iqtisodiyotiga ulkan hissa qoʻshishi mumkin.
Analitik agentliklarining prognozlariga koʻra, 2030-yilga borib sunʼiy intellekt global iqtisodiyotga bir necha trillion dollar foyda keltiradi. Mutaxassislarga koʻra, oʻsishning yarmidan koʻpi mehnat unumdorligini oshirish hisobiga, qolgan foyda esa sunʼiy intellekt orqali tovarlarni takomillashtirish hisobiga isteʼmol talabini oshirishdan olinadi. Bizning vazifamiz – Oʻzbekiston bu jarayondan ortda qolmasligiga erishish, mamlakatda sunʼiy intellektni joriy etishga tayyorgarlik darajasini oshirish boʻyicha ishlarni davom ettirish muhim.

– ChatGPTdan Oʻzbekistonda foydalanib boʻlmaydi. Bu aksariyat oʻzbekistonliklarga qiyinchiliklar tugʻdirmoqda. Foydalanish imkoniyati nimalar bilan belgilanadi?

– Bilishimcha, ChatGPTni oʻz ichiga olgan OpenAI mahsulotlarining butun dunyo boʻylab foydalanish imkoniyati ikki omil bilan belgilanadi. Bu kompaniyaning ichki siyosati, mamlakatlar boʻyicha bosqichma-bosqich foydalanish imkoniyati ochilmoqda va bu jarayon davom ettirilmoqda. Boshqa tomondan OpenAI mahsulotlaridan foydalanishga taqiq kiritayotgan davlatlar ham yoʻq emas. Bularga Xitoy, Italiya kabi mamlakatlarni misol qilish mumkin.

– Oʻzbekistonda nega shu kabi ijtimoiy tarmoqlar, dasturlar yaratilmayapti? Muammo nimada?

– Koʻpchilik ChatGPT qisqa muddatlarda yaratilgan deya xato oʻylaydi. ChatGPT ortida turgan OpenAI kompaniyasi 8 yildan ortiq vaqt davomida sunʼiy intellekt boʻyicha tadqiqotlar olib borgan. ChatGPT GPT-3.5 arxitekturasidan foydalangan holda yaratilgan. 2018-yilda Transformer arxitekturasi asosida birinchi GPT (Generative Pre-trained Transformer) ishlab chiqarildi. 2019-yilda GPT-2 taqdim etildi. U insonga oʻxshash sifatli matn yaratishga qodir birinchi model edi. Keyin 2020-yilda sunʼiy intellekt olamidagi eng katta va murakkab model hisoblanadigan GPT-3 chiqarildi.


ChatGPTni yaratish uchun tajribali sunʼiy intellekt mutaxassislari jalb qilingan, ilmiy-tadqiqotlar va ishlab chiqishga katta sarmoya kiritilgan. Masalan, Microsoft korporatsiyasi OpenAI kompaniyasiga 1 mlrd dollarga yaqin investitsiya kiritgan. Bundan tashqari, modelni oʻqitish uchun katta hajmdagi maʼlumotlar ishlatilgan, bu ham koʻp vaqt va mablagʻni talab qiladi.

Oʻzbekiston hozirda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirib, yuqori malakali kadrlar tayyorlamoqda. Sohadagi sezilarli yutuqlarga qaramay, ChatGPTga oʻxshash mahsulotlarni yaratish uchun bizga hali biroz vaqt kerak boʻladi.

Mamlakatimizda bu yoʻnalishda iqtidorlar endigina shakllanmoqda. Kuchli kadrlar yetishib chiqib oʻzlarini dunyo darajasida eʼtirof etilishiga erishsa, bu kabi gigant loyihalarni amalga oshirishi uchun investitsiyalar ham keladi.


– Sunʻiy intellekt rivojlanishi sabab kelajakda kimlar oʻz kasbini yoʻqotishi yoki oʻzgartirishi mumkin?

– Koʻplab kasb egalarining ishini yoʻqotishi mumkinligi boʻyicha prognozlarni yangiliklarda oʻqish mumkin. Haqiqatdan, kelajakda sunʼiy intellektning rivojlanishi turli kasblarda oʻzgarishlarga olib kelishi, baʼzilariga talab kamayishi, boshqalari esa oʻzgarishi yoki muhimroq boʻlishi mumkin.

Monoton bajariladigan, kreativlik talab etilmaydigan va avtomatlashtirishga moyil ish oʻrinlari sekin-asta oʻzgarishi mumkin. Masalan, sunʼiy intellektga asoslangan ovozli chat-botlar telefon operatorlarining, matn generatsiyasiga yoʻnaltirilgan tizimlar kopirayter va matnli kontent yaratuvchi marketologlarning, tasvirlar generatsiya qiluvchi tizimlar baʼzi grafik dizaynerlar oʻrinlarini egallashi mumkin. Haydovchisiz boshqariladigan transportlar rivojlanishi haydovchi kasbiga boʻlgan talabni yoʻqotar, ehtimol. Shunga qaramay, neyrotarmoqlar bilan ishlovchi operatorlar, ushbu tizimlarni qoʻllab-quvvatlash xizmati mutaxassislari va boshqa koʻplab yangi kasblar ham paydo boʻlishi mumkin.

Bundan tashqari, mashinaviy oʻqitish, neyron tarmoqlar va tabiiy tillarni tahlil qilish kabi sunʼiy intellekt vosita hamda usullaridan foydalana oladigan mutaxassislarga talab ortishda davom etadi deb oʻylayman.


– Statistikaga koʻra, dunyo boʻylab har oʻn soniyada kiberhujum sodir boʻladi. Sizningcha bu kabi jinoyatlarga ham sunʻiy intellekt dasturlari sabab emasmi?

– Sunʻiy intellekt sohasidagi erishilgan yutuqlardan kiberhujumlarni amalga oshirishda vosita sifatida foydalanish holatlari soʻnggi yillarda koʻpaymoqda. Masalan, shaxs ovozini klonlashtirish, yuz tasvirini qalbakilashtirish (DeepFake) kabi texnologiyalardan biometrik autentifikatsiya himoyasini buzib oʻtishda vosita sifatida foydalanish imkoniyati mavjud. Lekin, sunʼiy intellekt bunday, kiberhujumlar va boshqa jinoyatlar uchun javobgar boʻlmaydi, chunki u shunchaki vosita. Jinoyat sodir etish uchun sunʼiy intellektdan foydalangan shaxslar javobgar boʻladi.

Ammo shuni unutmaslik kerakki, sunʼiy intellekt taraqqiyoti kiberxavfsizlik rivojiga ham olib keladi. Sunʼiy intellekt dasturlari kiberhujumlarni aniqlash va oldini olish uchun ishlatilishi mumkin. Bu esa katta hajmdagi maʼlumotlarni tezda tahlil qilish imkonini beradi. Bu esa tarmoqni monitoring qilish, kiberhujumni anglatuvchi anomal xatti-harakatlarni aniqlash, buzgʻunchilarni bloklash va maʼlumotlar sizib chiqishining oldini olish uchun xizmat qilishi mumkin.

Qisqasi, sunʼiy intellekt ham ijobiy, ham salbiy jihatlarga ega.

– Siz 10 yildan soʻng sunʻiy intellekt yana qanday natijalarga erishadi deb oʻylaysiz.

– 2030-yilga kelib sunʼiy intellekt texnologiyalari sezilarli darajada rivojlanadi va turli sohalarda keng qoʻllaniladi. Jarayonlarni toʻliq avtomatlashtirish, optimallashtirishga erishiladi. Bu ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi, xarajatlarni kamaytiradi. Sunʼiy intellekt kasalliklarga tashxis qoʻyish, yangi dori vositalarini ishlab chiqish kabi tibbiyot yoʻnalishlarida faol qoʻllaniladi.

Sunʼiy intellekt taʼlimda har bir oʻquvchining individual xususiyatlarini hisobga oladigan moslashuvchan tizimlarni yaratishga yordam beradi. Transport sohasida harakatni osonlashtiradigan, YTH xavfini kamaytiradigan, haydovchisiz boshqariladigan avtomobil va yuk mashinalari rivojlanadi.

Biroq, sohadagi yutuqlar bilan birga avtomatlashtirish tufayli ish oʻrinlarini yoʻqotish, kiberhujumlarning kuchayishi tufayli shaxsiy xavfsizlik tahdidi kabi maʼlum xavflar ham koʻpayadi. Salbiy oqibatlarni minimallashtirish, inson hayotiga foydali taʼsirni taʼminlash uchun ham tizimli ishlar amalga oshiriladi.

– Atrofdagilarga sunʻiy intellekt dasturlaridan foydalanish boʻyicha qanday tavsiyalar bergan boʻlardingiz?

– Hozirgi kunda sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida muayyan masalalarni hal qilishda foydalanish mumkin boʻlgan koʻplab ilova va onlayn xizmatlar ishlab chiqilgan. Masalan, soʻrov boʻyicha matn yoki tasvirlarni shakllantirishga yordam berish, tahrirlash, hujjatlarni tahlil qilish va boshqalar. Lekin biron bir yechimni tavsiya etish toʻgʻri deb oʻylamayman.

– Ilon Mask va mingdan ortiq ekspertlar sunʻiy intellekt boʻyicha tajribalarni toʻxtatishga chaqirmoqda. Sizning bunga munosabatingiz qanday?

– Har kim oʻz fikrini bildirishga haqli. Ekspertlar, jumladan, Ilon Mask ham sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha ayrim xavotirlarga ega. Ilon Mask sunʼiy ongga nisbatan xavotirini birinchi marta bildirayotgani yoʻq. Agar uning avvalgi fikrlariga ham eʻtibor bersak, u koʻproq sunʼiy umumiy intellekt (Artificial General Intelligence - AGI), yaʼni inson intellektini oʻrganib, oʻz-oʻzini boyitish, yangiliklarga moslashish qobiliyatiga ega boʻlgan intellekt yaratilishi va uni nazorat qilinishidan xavotirda ekanligini tushunish mumkin. Biroq Ilon Maskning oʻzi yaqinda sunʼiy intellekt sohasida faoliyat olib boruvchi yangi X.AI Corp. kompaniyasiga asos soldi. Bundan tashqari u OpenAI kompaniyasi asoschilaridan biri boʻlgan. Uning Tesla kompaniyasi va Neuralink loyihasida ham sunʼiy intellekt boʻyicha tadqiqotlar olib boriladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, men sunʼiy intellektni rivoji, sohadagi tajribalarni toʻxtatish toʻgʻri qaror emas deb hisoblayman. Chunki u hayotimizni yaxshilash, koʻplab murakkab muammolarni hal qilish uchun ulkan salohiyatga ega.

Yarim yoʻlda toʻxtab qolmasdan, potensial xavflarni anglagan holda, sunʼiy intellektni rivojlantirishni davom ettirishimiz hamda ushbu xavflarni yumshatish uchun choralar koʻrishimiz kerak. Misol uchun, sunʼiy ongdan foydalanishning salbiy oqibatlarini minimallashtirish uchun etika tamoyillari va standartlarni ishlab chiqishimiz mumkin. Bundan tashqari, kelajakda atrof-muhit, sogʻliqni saqlash, taʼlim kabi sohalar bilan bogʻliq murakkab muammolarni hal qilish uchun sunʼiy ongdan foydalanishimiz mumkin.

Masalan, Oʻzbekistonda ham 2025-yilga borib taʼlim sohasidagi muammolarni hal etishda sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan bir nechta yechimlarni joriy qilishni rejalashtirganmiz.

Ulardan biri Raqamli tyutor/murabbiy – bu sunʼiy intellektga asoslangan tizim boʻlib, u oʻquv jarayoni samaradorligini oshirishga yordam beradi. Bunday tizimni yaratish foydalanuvchilar va bilimlar haqidagi maʼlumotlarni tizimlashtirish, birlashtirish hamda normallashtirishni talab qiladi. Loyihaning asosiy qismlari bilimlar bazalari hisoblanib, u ilmiy jamoatchilik va metodistlar tomonidan ishlab chiqilgan oʻqitishning turli yoʻnalishlarini oʻz ichiga oladi.

Sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan surdo tarjima tizimi taʼlimda inklyuzivlikni taʼminlashdagi muhim qadam boʻladi. Surdo tarjima tizimlari tabiiy tildagi nutqni imo-ishora tiliga, matn yoki nutqqa aylantirishni oʻz ichiga oladi. Bu talabalar uchun taʼlim resurslaridan teng foydalanishni taʼminlaydi.

Bundan tashqari koʻrishda muammosi bor talabalar uchun matnli oʻquv materiallarini nutqqa oʻtkazish (text-to-spech) texnologiyalarini joriy qilish rejalashtirilgan.

Bunda biz Sunʼiy intellekt maslahat kengashi jamiyatimizda sunʼiy ongdan samarali va xavf-xatarlarni inobatga olgan holda foydalanishda muhim rol bajaradi. Mazkur kengash 2022-yil avgustda tashkil etilgan boʻlib, hozirda uning tarkibiga 8 nafar xorijiy ekspertlar (Hindiston, Xitoy, Eron, BAA, Rossiya, Janubiy Koreya, Tojikiston) va 44 nafar mahalliy mutaxassislar kiradi. Ular ichida vazirliklar, sanoat korxonalari, banklar, startaplar, ilmiy va ekspert doiralar, ommaviy axborot vositalari, jamoat tashkilotlari vakillari hamda taniqli jamoat arboblari mavjud. Kengashimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri jamiyatimizning oʻziga xos tomonlarini inobatga olgan holda Sunʼiy intellekt etikasi uchun takliflar ishlab chiqishdir. Shuning uchun biz sunʼiy intellektni tahdid sifatida koʻrish oʻrniga, uni jamiyatimiz uchun foydali vositaga aylantirish uchun xavfsiz hamda etika boʻyicha foydalanishga ishonch hosil qilishimiz kerak.

– Demak yaqin kelajakda sun'iy intellekt sohasidagi kadrlarga talab yuqori bo'ladi. Yosh avlodni bu sohasiga tayyorlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Tabiiyki, bilim va tajriba talab etiladi. Deylik, axborot texnologiyalar mutaxassislari bugungi kunning eng talab yuqori boʻlgan soha vakillari. Dunyo talabiga monand mutaxassislarni tayyorlashni maktabdan boshlash lozim.

Kengashimiz Sun’iy intellekt sohasida ta’limga alohida e’tibor qaratgan. Toshkentdagi Amity universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi davlat maktablarining informatika o'qituvchilari uchun Sun'iy intellekt va buyumlar interneti-IoT bo'yicha bepul o'quv kursi tashkil etildi.

Bundan tashqari 2021-yildan boshlab bakalavriatura, magistratura, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida sun'iy intellekt bo'yicha ta'lim olish hamda tadqiqot olib borish yo'lga qo'yilgan. Kvotalar yil sayin oshib bormoqda.

Shuningdek, yosh tadqiqotchilarni sun'iy intellekt yo'nalishida xorijda stajirovkalarni o'tashlari uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Mazkur yo'nalishda yoshlarimiz uchun doimiy ravishda startap loyihalari tanlovlari ham o'tkazilmoqda.

Bundan tashqari men oliygohlarga tashrif buyurib, talabalar tomonidan yaratilgan sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan yechimlar bilan tanishib, ularni rivojlantirish bo'yicha tavsiyalarimni berib kelmoqdaman. Shu kabi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Sun’iy intellekt maslahat kengashi ekspertlari va soha yoshlarini o’zaro bog’lashga yo’naltirilgan raqamli platforma yaratish rejalashtirilgan.