4-sentabr kuni Riga shahrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirokida “O‘zbekiston–Latviya birinchi ta’lim forumi” o‘tkazildi.
Mazkur nufuzli anjumanda ikki mamlakat Oliy ta’lim vazirliklari mas’ullari, shuningdek, 50 ga yaqin yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdilar.
Forum ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga qaratildi.
Tadbir davomida 20 dan ortiq yangi hamkorlik shartnomalari imzolanishi, ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy-tadqiqot va qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilishi, shuningdek transport, AKT, logistika, energetika, yashil iqtisodiyot, tibbiyot, mashinasozlik va turizm kabi dolzarb yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi belgilandi.
Hozirda Latviya oliy ta’lim muassasalarida 1300 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. So‘nggi yillarda esa 40 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilarimiz Latviya universitetlarida tajriba orttirgan.
O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida bugungi kunda 40 dan ortiq hamkorlik bitimlari mavjud bo‘lib, ularning asosida bir qator qo‘shma ta’lim dasturlari faoliyat yuritmoqda.