Mazkur muloqotda respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalaridan yoshlar yetakchilari, fakultet va yo‘nalish koordinatorlari, shuningdek, faol talabalardan iborat 700 dan ortiq yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov hamda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Xayrulla Sattarov so‘nggi yillarda yoshlarimiz uchun oliy ta’lim olish, kasb-hunar egallash va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan keng imkoniyat va shart-sharoitlar haqida so‘zlab berdilar.
Shuningdek, ular o‘z hayotiy tajribalari, erishgan muvaffaqiyat yo‘llari hamda yoshlar uchun ibratli bo‘ladigan shaxsiy saboqlari bilan o‘rtoqlashdilar. Tadbirning interfaol qismida esa yoshlarning fikr va takliflari tinglanib, ularning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Mutasaddi rahbarlar tomonidan yoshlarga amaliy maslahatlar berilib, kelgusidagi faoliyatlarida ularga zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanliklari ta’kidlandi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda yangi o‘quv yilida ta’lim sifatini yanada oshirish, talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish hamda boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan ustuvor maqsad va vazifalar belgilab olindi.