Yangilik 01.07.2021 160

Ilmiy loyihalari uchun grant mablag‘lari olgan olimlarga sertifikatlar topshirildi

Jumladan, 11 ta qishloq xo‘jaligi, 9 ta biotexnologiya va biologiya, 7 ta tibbiyot, 3 ta filologiya, psixologiya va pedagogika fanlari, 2 ta yer to‘g‘risidagi fanlar, 2 ta texnika, 1 ta farmakologiya va farmatsevtika, 1 ta tarix va arxeologiya, 1 ta kimyo fanlari va nanotexnologiyalar, 1 ta matematika fanlari yo‘nalishida amalga oshirilmoqda. Bajarilayotgan loyihalar yakuniy natijalari qishloq xo‘jaligi sohasida agrotexnologiyalar, tibbiyot sohasida davolash texnologiyalari, farmakologiya va farmatsevtika yo‘nalishida dori vositalari va substansiyalar, texnik qurilmalar, tajriba-konstruktorlik namunalari, dasturiy mahsulotlar olishga qaratilgan. 

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ilmiy loyihalari uchun grant g‘olibi bo‘lgan olimlarni qutlarkan, ularni o‘z ishlariga mas’uliyat bilan yondashishga, amalga oshirayotgan tadqiqotlari natijalari el-yurtga naf keltiradigan ishlanmalar, ixtirolar bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, vazir olimlarni mavjud iqtisodiy, ijtimoiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflarini muntazam ravishda berib borish, voqeliklarga fikr bildirish, hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lishga chaqirdi. 

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan fundamental, amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovi muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Xususan 2021 yilning birinchi yarim yilligida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida umumiy qiymati 44,8 mlrd so‘m bo‘lgan 86 ta ilmiy loyihalar moliyalashtirildi. 

Ta’kidlash joziki, joriy yilda umumiy qiymati 179,9 mlrd. so‘m bo‘lgan 158 ta tematik mavzu (48 ta innovatsion, 110 ta amaliy)lar e’lon qilindi. 

Hozirda 12 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha umumiy qiymati 59,2 mlrd so‘m bo‘lgan 49 ta tematik mavzular uchun tanlovlar davom etmoqda. 

Shuningdek, «O‘zbekiston-Belorus» xalqaro fundamental loyihalar tanlovi hamda “O‘zbekiston-Vengriya”, “O‘zbekiston-Rossiya” startap loyihalar tanlovi ham davom etmoqda.