Yangilik 10.09.2025 5

Oliy taʼlimda islohotlarni amalga oshirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi


10-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari Hilola Umarova Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida yigʻilish oʻtkazdi. 
Yigʻilishda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, vazirlik masʼul xodimlari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari va tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdilar.

Tadbirda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida kecha boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlarni samarali bajarish masalasi muhokama qilindi. Prezidentimiz taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga koʻtarish, talabalarni ish bilan taʼminlash, yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish yuzasidan muhim koʻrsatmalar bergan edilar.

Hilola Umarova ushbu vazifalar ijrosi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼkidladi. U taʼlim sifatini oshirish, bitiruvchilarning mehnat bozorida munosib oʻrin topishi va yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratishi zarurligini qayd etdi.

Shuningdek, u yigʻilish ishtirokchilariga davlat rahbarining tegishli qarorlari bilan tayinlangan masʼul rahbarlarni — Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov hamda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yoʻldoshevni tanishtirdi.

Yigʻilishda belgilangan vazifalar tizim rahbarlari zimmasiga aniq yoʻnalishlar asosida yuklandi va ularning ijrosi boʻyicha javobgarlik qatʼiy belgilandi.