Yangilik 25.09.2025 7

Buxoroda o‘tkazilgan “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasida 900 nafardan ortiq talaba uchun ish o‘rni aniq bo‘ldi

2025-yil 25-sentyabr kuni Buxoro Arkida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida “TalabaExpo–2025” kasb ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, “O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi, Buxoro viloyati hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi.

Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi — bitiruvchi talabalar va yosh mutaxassislarning bandligini ta’minlash, ishga joylashtirish, amaliyot va stajirovka o‘rinlariga yo‘naltirish, shuningdek, startap g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.

Tadbir doirasida 100 dan ortiq yirik ish beruvchilar 1 000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Dasturga muvofiq seminar va treninglar, biznes uchrashuvlari hamda startap loyihalari taqdimotlari tashkil etildi. Shuningdek, ishtirokchilar Buxoro erkin industrial-iqtisodiy zonasiga tashrif buyurib, Artel korxonasi faoliyati, jumladan ishlab chiqarish jarayonlari va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdilar.

Qayd etilganidek, bugungi kunda Buxoro davlat texnika universitetining 250 nafar talabasi Artel korxonasida dual ta’lim ishtirokchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Ekskursiya doirasida yana 250 nafar talaba dual tizimiga jalb etilib, Artel Group MCHJda tahsil olayotgan talabalar soni 500 nafarga yetdi.

Talabalar amaliyot davomida tushlik, maxsus ish kiyimlari bilan ta’minlanadi va oylik maosh oladilar.

Ko‘rgazmada 10 ta oliy ta’lim tashkiloti ishtirok etdi. Tadbirga 9 046 nafar talaba tashrif buyurib, ulardan 2 956 nafari ish beruvchilar bilan suhbat o‘tkazdi. Natijada 923 nafar talaba uchun ish joyi aniqlandi, 41 nafar talaba esa o‘z biznes loyihalarini taqdim etib, tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirildi.

“TalabaExpo–2025” doirasida yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash, mehnat bozoriga integratsiyasini jadallashtirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator amaliy ishlar amalga oshirildi.