Yangilik 20.06.2021 274

Uchtepa tumani hokimligi mutaxassislari ingliz tili kurslarida saboq oladilar

Ushbu hamkorlik doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi mahalliy va xorijiy yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda Oksford va Kembrij universitetlari dasturlari boʻyicha davlat organlari rahbarlari va xodimlari uchun ingliz tili kurslarini ishga tushiradi. Mazkur tashabbus Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar doirasida amalga oshirilmoqda. 

Til masalasi ijtimoiy omil boʻlgani uchun ushbu loyihaning asosiy maqsadi davlat boshqaruvi xodimlarining xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yana-da kuchaytirishlari va jamiyat ravnaqi uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilishlari, shuningdek xalqaro grantlar va loyihalarda faol ishtirok etish koʻnikmalarini oshirishlariga qaratilgan. Binobarin, Prezident Qarorining 7-bandiga koʻra, davlat xizmatchilari tomonidan xorijiy tillarni oʻzlashtirish darajasini oshirish hamda davlat organlarini yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar bilan toʻldirish maqsadida 2022-yil 1-yanvardan boshlab xorijiy tillardan milliy va xalqaro sertifikatga ega davlat boshqaruv idoralarining barcha boʻgʻinlari xodimlariga lavozim maoshiga nisbatan 20 foizgacha qoʻshimcha ustama toʻlash; 2022-yildan boshlab davlat organlariga ishga qabul qilish va yuqori lavozimga tayinlash uchun xorijiy tilni bilish talabgorga qoʻyiladigan majburiy malakaviy koʻnikma sifatida belgilangan. 

Eslatib oʻtamiz, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi oʻtgan yilning oktyabr oyidan boshlab mamlakatda ilk marotaba “English for Science” dasturini tashkil etdi. Bugungi kunda mazkur dasturning ikkinchi bosqichi davomida 200 nafar oʻzbekistonlik olimlar akademik ingliz tili oʻquv dasturlari asosida oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirmoqdalar. 

Ishonamizki, xorijiy tillarni chuqur bilishni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar davlatimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim omilga aylanadi.