Yangilik 07.09.2021 89

Elektr tarmoqlaridagi texnik yoʻqotishlarni kamaytirishga qaratilgan innovatsion pilot loyiha amalga oshiriladi

8-sentyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati hamkorlikda “Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarini raqamlashtirish sharoitida elektr tarmoqlari korxonalarini innovatsion rivojlantirish” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi. Tadbirda xalqaro va mahalliy ekspertlar, mutaxassislar, olimlar qatnashdilar. Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati oʻrtasida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, joriy etilishi katta iqtisodiy samara keltiradigan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, innovatsiyalarga asoslangan ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻygan. Ilmiy amaliy konferensiya hamkorlikda sohaga innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish, tadqiqotlar natijalarini muhokama qilish, elektr energiyasini yetkazib berishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish hamda energiya tejamkorlikni oshirish boʻyicha xorij tajribasini oʻrganish maqsadida tashkil etildi. 

Tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Tarmoq korxonalarida ilmiy tadqiqot va taraqqiyot tuzilmalarini rivojlantirish boshqarmasi va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari hamkorligida ishlab chiqilgan past kuchlanishli elektr tarmoqlaridagi texnik yoʻqotishlarni kamaytirishga qaratilgan innovatsion pilot loyihasini amalga oshirish hamda hududiy elektr tarmoqlari tizimida innovatsion ekotizimni shakllantirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Innovatsion pilot loyihasi natijalari elektr energiyasini isteʼmolchilarga yetkazib berishda foydalanilayotgan 10 kV/0,4 kV tarmogʻida yuzaga kelayotgan texnik yoʻqotishlarni tahlil qilish va kelgusida respublika miqyosida bartaraf etish boʻyicha namuna sifatida qoʻllaniladi. 

Hozirda, past kuchlanishli elektr tarmoqlarida asosan katta quvvatdagi pasaytiruvchi transformatorlar qoʻllaniladi va har bir transformator 50-100 nafar isteʼmolchini elektr energiya bilan taʼminlaydi. Bunda past kuchlanishli (0,4 kV) elektr tarmogʻi uzunligi bir necha yuz metrga, ayrim hollarda bir necha kilometrga choʻzilib, texnik yoʻqotishlar koʻpayishiga olib keladi – transformatordan uzoqroqda boʻlgan isteʼmolchilarda kuchlanish pasayib ketadi. 

Taklif etilayotgan loyihada kichik quvvatli pasaytiruvchi transformatordan isteʼmolchigacha boʻlgan masofa 40-50 metrdan oshmaydi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida past kuchlanishli elektr tarmoqlaridagi yoʻqotishlar hajmi kamaytiriladi, isteʼmolchilarga sifatli elektr energiyasi yetkazib beriladi hamda innovatsion pilot loyihasini amalga oshirish natijasida tanlangan hududdagi isteʼmolchilar soniga, uy xoʻjaliklarining va transformatorlarning oʻzaro joylashuviga qarab yiliga millionlab soʻm tejalishiga erishiladi. Hozirda respublikamiz elektr tarmoqlaridagi yoʻqotishlar 10 foizdan ortiqroqni tashkil etmoqda. Vazirlik tomonidan taklif etilgan loyihani amalga oshirish natijasida texnik yoʻqotishlarni 5 foizgacha kamaytirilishi kutilmoqda. Bunda, yil davomida iqtisod qilingan elektr energiyasi quvvati 400 MVt boʻlgan issiqlik elektr stansiyasining bir yilda ishlab chiqaradigan energiyasiga teng boʻladi. Respublikadagi elektr taqchilligi sharoitida bu loyihaning amalga oshirilishi mavjud muammoni amaliy yechimlaridan biri boʻlishi kutilmoqda.