Yangilik 28.09.2021 676

Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya» tanlovining yarimfinal bosqichi boʻlib oʻtmoqda

29-sentyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, IT-park va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 5 tashabbus loyihasi ofisi tomonidan tashkillashtirilgan Respublika boʻylab “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” tanlovining yarimfinal bosqichi boʻlib oʻtdi.
“Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” respublika tanlovi asta-sekinlik bilan finalga yaqinlashib bormoqda. U Oʻzbekistonni rivojlantirishga oid hamda turli sohalardagi muammolarga yechim boʻladigan gʻoya va takliflarga ega 14-30 yoshdagi yigit-qizlar uchun tashkil etilgan.


“Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 27-yanvaridagi videoselektor yigʻilishida ilgari surilgan tashabbus asosida amalga oshirilmoqda.
Loyihaning maqsadi iqtidorli yoshlarni izlash va ularning tashabbuslari hamda intilishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻlib, uning doirasida shahar va qishloqlardagi tashabbuskor yoshlarning iqtisodiyot, taʼlim, sport, sogʻliqni saqlash va axborot texnologiyalari singari sohalarga oid gʻoyalarini hayotga tatbiq qilish uchun sharoitlar yaratish koʻzda tutilgan.
Roʻyxatga olish mobaynida yigit va qizlar 25 mingga yaqin ariza berishdi va bu orqali yoshlarga oid yirik loyihaning bir qismiga aylanishdi.


Gʻoyalar quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha qabul qilindi:
Ilm-fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash; Madaniyat va sanʼat; Media;Sport va turizm;Davlat xizmatlarini rivojlantirish; Qurilish, arxitektura va transport;Tadbirkorlik va bandlik; Qishloq xoʻjaligi, irrigatsiya va agrotexnologiyalar; Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar; Ekologiya, qayta tiklanadigan energiya manbalari va kimyoviy texnologiyalar.
Bugungi kunda tanlovning hududiy bosqichi (yarimfinal) oʻtkazilmoqda, unda har bir hudud yoshlari hakamlar hayʼatiga 20tadan eng yaxshi gʻoyasini taqdim etadi (jami 280ta gʻoya). Hakamlar sifatida turli soha ekspertlari qatnashadilar.