Yangilik 07.10.2021 549

7-OKTYABR – XALQARO PAXTA KUNI

Har yili 7-oktyabr kunini Xalqaro paxta kuni sifatida keng nishonlash anʼanaga aylanib bormoqda. Shu kunda oʻtkaziladigan tadbirlar paxtachilikni, paxtani qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, sohada oʻtkaziladigan tadqiqotlar va ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlash, sohada xalqaro hamkorlikni takomillashtirish va boshqa amaliy choralarni belgilashga qaratilgan.

2019-yilning 7-oktyabrida Jahon savdo tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) kotibiyatlari bilan hamkorlikda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining savdo va taraqqiyot boʻyicha konferensiyasi (UNCTAD), xalqaro savdo markazi (ITC) va xalqaro paxta boʻyicha maslahat qoʻmitasi (ICAC) birinchi marta jahon paxta kunini eʼlon qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi joriy yilning 7-oktyabr kuni Xalqaro paxta kuniga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazdi. Vazirlik koʻrgazmalar zalida paxta navlari, sugʻorish uskunalari, oʻgʻit va urugʻlar, yengil va oziq-ovqat sanoatlari mahsulotlari koʻrgazmalari tashkil etildi. Vazirlik hovlisida esa paxtachilik mashinasozligi,, innovatsion texnika va texnologiyalari namoyish etildi.

Shuningdek, tadbir doirasida “Paxtachilikning innovatsion rivojlanishi: nazariya va amaliy tamoyillar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Konferensiyani Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Alisher Toʻrayev ochib berdilar.

– Paxta yetishtirish shu sohadagi olimlar, mutaxassislar, qishloq xoʻjaligi xodimlaridan murakkab va ogʻir mehnatni, chuqur bilim va tajribani, yerga mehrni va eng muhimi, katta fidoyilikni talab qilishini hammamiz yaxshi bilamiz, – dedi I.Abduraxmonov. – Bugungi kunda paxtachilikda keng qamrovli ishlar olib borilmoqda: 122 ta paxtachilik-toʻqimachilik klasterlarida, paxtachilik ilmiy markazlari va institutlarida paxtaning yangi serhosil navlarini yaratish ishlari olib borilmoqda, mashinasozlik korxonalarida paxtaga ishlov beradigan yangi innovatsion texnologiyalarga asoslangan texnikalar, uskuna va jihozlar ishlab chiqarilmoqda. Respublikamizda paxtachilik ilmi ham bugungi kunda katta ravon yoʻlda dadil rivojlanmoqda. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan paxtachilik sohasidagi umumiy qiymati 6,5 mlrd soʻmlik 11 ta innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ham qator loyihalar oʻrganilmoqda.

Bundan tashqari, Xalqaro paxta kuni munosabati bilan soha fahriylari yosh olimlar, talabalar va maktab oʻquvchilari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” oʻtkazildi.

Paxtachilik – Oʻzbekiston xalq xoʻjaligining muhim sohasi. Paxta xomashyosi, gʻoʻzaning barglari, poyalari, chanoqlari va chigitidan 100 dan ortiq mahsulotlar tayyorlanadi, yaʼni ushbu ekindan chiqitsiz toʻliq foydalaniladi. Jumladan, paxta insonni kiyintiradi, oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat uchun qimmatli xomashyolar olinadi, chorva ozuqasi tayyorlanadi, aholi ish joylari, valyuta tushumini taʼminlaydi hamda sanoatning boshqa koʻplab sohalari toʻqimachilik, oziq-ovqat, kimyo, avtomobilsozlik, samolyotsozlik, moy-boʻyoq, qogʻoz ishlab chiqarish, tibbiyot, qurilish, mebel sanoati va boshqa sohalar rivoji ham paxtachilik bilan bevosita bogʻliqdir. Oʻzbekistonda paxtachilik tarixi uzoq oʻtmishga ega boʻlib, bu hududida istiqomat qilgan xalqlarning qadim zamonlardan beri paxtachilik bilan shugʻullanganligi tarixiy maʼlumotlarda qayd etilgan.

Uning tarixi eramizdan oldingi IV asrga borib taqaladi. Respublikamiz hududida paxtachilikning keng miqyosda sanoat asosida rivojlanishi XIX asrning 60-70 yillaridan boshlangan. Hozirgi kunda Oʻzbekiston gʻoʻza ekin maydoni boʻyicha (1,0-1,1 mln. gektar) dunyo mamlakatlari orasida oltinchi oʻrinni, paxta tolasini yetishtirish boʻyicha boʻyicha (0,8-0,9 mln. tonna) beshinchi-oltinchi oʻrinni egallab kelmoqda.

Oʻzbek paxtasining shuhrati jahonda tobora yuksalib borayotgan ekan, buning zamirida mamlakatimizda paxtachilik tarmogʻini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, olimlar, soha mutasaddilari va fermer dehqonlarimiz mehnatining samaralari mujassamdir.