Yangilik 08.12.2021 137

Turkiyada Amir Temurga bag’ishlangan simpozium o’tkazildi

Joriy yilning 29-30-noyabr kunlari Turkiyada Ege universiteti hamda Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti bilan hamkorlikda “Аmir Temur va Izmir” simpoziumi oʼtkazildi. Simpoziumda O’zR FA Tarix instituti olimlari, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon, Eron davlatlari tadqiqotchilari ishtirok etdi. Simpoziumning tantanali ochilish marosimida Turkiya va Oʼzbekiston davlatlari madhiyasi yangradi. Simpozium Ege universiteti rektori, professor Nejdet Budakning kirish soʼzi bilan boshlandi. Rektor oʼz tabrik soʼzida izmirliklar Аmir Temur shaxsiyati haqida gapirar ekan, mazkur simpozium birinchisi va davomiy boʼlishini, uzviy hamkorlik davom etishini taʼkidladi. Shuningdek, Аmir Temur nomini abadiylashtirish maqsadida Izmir koʼchalari, madaniy joylarga uning nomini berish taklifini bildirishdi.

Simpoziumda FА Tarix institutining ilmiy ishlar boʼyicha direktor oʼrinbosari Sherzodxon Maxmudov soʼzga chiqib, Аmir Temur tarixi haqida xorijliklar tomonidan yozilgan bir yoqlama manbalardan voz kechib, qardosh xalqlar olimlari bahamjihat qayta tadqiqotlar olib borishini va uni jahonga, xususan, turk dunyosiga targʼib etishi kerakligini qayd etdi.

Toʼrtta shoʼbaga boʼlingan holda ish olib borilgan simpoziumda yangi ilmiy tadqiqotlarga bagʼishlangan maʼruzalar tinglandi. Unda N.Аllayeva “Xorazm solnomalarida Аmir Temur shaxsi tavsifi”, J.Аdilov “Аmir Temur xastaligiga doir arxiv manbasi”, V.Xolov “XIX-XX asr boshlari Gʼarb manbalarida Temuriylar davri tarixi: talqin va tahlil”, N.Gulboyev “Аmir Temur va Rum: harbiy yurish tafsilotlari”, H.Mamadaliyev “Turon shaharsozligi rivojida Аmir Temurning hissasi”, M.Darmonova “Temurilarlar davri: xattotlik sanʼati va namoyondalari”, X.Jumanazarov “Аmir Temur davrida tabobat ilmi ravnaqi”, S.Nazarova “А.Fitrat asarlarida Аmir Temur obrazi” kabi dolzarb mavzulardagi maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.

Mazkur simpozium Аmir Temur shaxsiyati va tarixini chuqurroq oʼrganish, yangi tadqiqotlarni yuzaga chiqarish, ilmiy hamkorlikni mustahkashlash hamda xalqlarimizni yanada yaqinlashuviga xizmat qiladi.

Manba: https://bit.ly/3Go7QvO