Yangilik 08.12.2021 635

Milliy seminar: “O‘zbekistonda texnik ta’limning rivojlanishi”

So‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida texnika va matematika ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda sohalardagi integratsiyalashuv jarayonining jadal kechishi texnik ta’lim yo‘nalishidagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni har qachongidan ham oshirmoqda.

Ayni shu o‘rinda, “Xalqaro rivojlantirish assotsiatsiyasi ishtirokida oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi doirasida “Radisson Blu” mehmonxonasida “O‘zbekistonda texnik ta’limning rivojlanishi” mavzusida milliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Jahon banki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “Artel Group”, “Real Tex Tashkent” kompaniyalari, IT-park vakillari va oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etdi.

Tadbirni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Raximjon Xakimov kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, keyingi yillarda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilishga, oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari kasbiy mahoratining mehnat bozori talablariga mos kelishini yaxshilashga qaratilgan bir qator loyihaviy tadbirlar amalga oshirib kelinayotgani, xususan, Jahon banki ishtirokidagi “Oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida aholi bilan ishlash va oliy ta’limni ommalashtirish borasida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.

Seminar davomida, shuningdek, tadqiqot natijalari to‘g‘risida oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va sanoat korxonalari xodimlarining xabardorligini oshirish, ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etishning mavjud tizimini muhokama qilish, ushbu tizimni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish, taklif va shikoyatlarni qabul qilish mexanizmini takomillashtirish uchun tavsiyalar olish bo‘yicha qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar mamlakatimizda STEM (science, technology, engineering and mathematics) texnologiya, muhandislik va matematika yo‘nalishlarida (ITMM) ta’lim berish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotganini bildirishdi. Bunda, qizlarni ommaviy tarzda ilm-fan, texnoloiya, muhandislik va matematika yo‘nalishlariga jalb qilish eng asosiy vazifalardani biri ekanligi alohida ta’kidlandi.

Jahon banki mablag‘lari hisobidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyurtmasiga asosan “Al Mar Consalting” kompaniyasi tomonidan o‘tgan bir yil davomida ITMM yo‘nalishiga o‘qishga kirishdagi mavjud muammolar ota-onalar, o‘quvchilar, maktablar va keng jamoatchilik o‘rtasida o‘rganilgani hamda bu muammolarning yechimi yuzasidan takliflar tayyorlangani ma’lum qilindi.

Shu o‘rinda Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, Oliy ta’limni boshqarishning axborotlashtirilgan tizimi (HEMIS) ishga tushirildi. Ushbu ishlarga loyiha doirasida jami 2,3 mln. dollar kredit mablag‘lari yo‘naltirildi hamda 78 ta oliy ta’lim muassasalari va oliy ta’lim tizimini boshqarish instansiyalariga 80 dona zamonaviy server qurilmalari o‘rnatildi. Tizim ma’lumotlarni jamlash va ishlov berish, statistik ma’lumotlarni shakllantirish, oliy ta’lim soahasi reestrlari va klassifikatorlarini yuritish hamda administrativ, akademik, ilmiy va moliyaviy hisobotlarni shakllantirish vazifasini bajaradi.

HEMIS tizimining ishga tushirilishi hozirgi kunda butun dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan va ko‘rsatayotgan COVID-19 pandemiyasi sababli sanitariya-epidemiologik cheklovlar vaqtida oliy ta’lim tizimidagi masofaviy ta’limni sifatli yo‘lga qo‘yish, o‘qishdan o‘qishga ko‘chirishga hujjat topshirish, QR-kod diplomlarini shakllantirish, oliy ta’lim muassasalari va vazirlik o‘rtasida axborot almashish kabi zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ham juda qulay sharoitlar yaratdi.

Shu bilan birga, 100 dan ortiq o‘quv laboratoriya jamlanmalari xarid qilindi, ya’ni 40 ta OTMga 36 yo‘nalish bo‘yicha o‘quv labaratoriyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Dunyoda yetakchi bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarning jihozlaridan iborat ushbu o‘quv laboratoriyalari uchun Jahon banki tomonidan 17,6 mln. dollar kredit mablag‘i yo‘naltirildi.

Zamonaviy muassasalararo ilmiy labaratoriyalar (O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston davlat texnika universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent davlat transport universiteti, Toshkent arxitektura va qurilish instituti) yaratish uchun vazirlik va xalqaro tender savdolari natijasida tanlab olingan xorijiy ilg‘or tashkilotlar bilan umumiy miqdori 11,0 mln dollar qiymatida bo‘lgan 6 ta shartnoma imzolandi. Yaqin kunlarda yana zamonaviy muassasalararo ilmiy tadqiqot laboratoriyalari (Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti) bo‘yicha dekabr oyida qayta xalqaro tender savdolari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Niderlandiyaning “Elsevier” kompaniyasi kompaniyasi bilan 1 mln. dollar qiymatida shartnoma imzolandi. Shartnomaga ko‘ra barcha oliy ta’lim muassasalari Scopus, Science direct kabi xalqaro ilmiy elektron bazasidan foydalanishi ta’minlandi. Hozirgi kunga qadar 100 dan ortiq OTMda foydalanuvchilar 10 mingdan ortiq onlayn kitoblardan va 750 mingdan ortiq onlayn jurnallardan foydalanib kelishmoqda. Tez orada yuqorida qayd etib utilgan XEMIS tizimi asosida elektron kutubxona uchun elektron tizim yaratilishi rejalashtirilgan.

Ta’lim sifatini ta’minlash tizimini takomillashtirish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarining “Shbeemann” konsalting kompaniyasi bilan 1,2 mln. dollarlik 3 yilga mo‘ljallangan shartnoma imzolandi. Shartnomadan kutilgan asosiy maqsad oliy ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha Ichki ta’lim sifatini ta’minlash hamda Tashqi ta’lim sifatini nazorat qilishni takomillashtirishga qaratilgan. Ushbu shartnoma natijasida 9 ta OTM 8 ta moduldan iborat bo‘lgan mexanizm orqali xalqaro sifat reytingida yuqori o‘rinlarni egallashi kutilmoqda.

Akademik innovatsiyalar fondi bo‘yicha barcha tanlov bosqichlari amalga oshirilgan. Natijaga ko‘ra 27 OTM bilan 32 loyiha bo‘yicha jami 4,0 mln. dollar miqdorida shartnomalar imzolandi va shundan 3,5 mln. dollar miqdorida mablag‘lar moliyalashtirildi. Xozirgi kungacha ushbu fond doirasida 65 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim va ilmiy markazlar bilan hamkorlik o‘rnatildi, 70 nafarga yaqin professor o‘qituvchilar hamkor xorijiy oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Tadbirda ishtirok etgan kompaniyalar vakillari tomonidan OTM texnik sohalarda oliy ma’lumotni targ‘ib qilish bo‘yicha va sanoat bilan hamkorlik haqida tavsiyalar berildi, ayniqsa, ayollar uchun oliy ta’lim muassasalariga kirishni kengaytirish variantlari keng muhokamada bo‘ldi.

Bugungi seminar aynan mana shu o‘tkzilgan so‘rovlar, mavjud muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Manba: http://edu.uz/uz/pages/axb