Yangilik 01.12.2021 101

Innovatsion rivojlanish vaziriga Obuda Universiteti Faxriy professori unvoni berildi

Innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Vengriyaning Obuda Universitetiga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovga Vengriyaning Obuda Universiteti Faxriy professori unvoni berildi. Unvon Vengriya Innovatsiyalar va texnologiyalar vaziri Lazlo Palkovich va Obuda universiteti rektori Levente Kovach tomonidan topshirildi.

Tantanali marosimdan soʻng Ibrohim Abdurahmonov Oʻzbekistonda genomika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha Obuda Universiteti professor-oʻqituvchilari, talabalari va tadqiqotchilarga maʼruza oʻqidi. Ishtirokchilar qurgʻoqchilik, shoʻrlanish va turli kasalliklarga chidamli biotexnologik gʻoʻza navlarini yaratish, genomlarni tahrir qilish vositalari va yangi avlod transgenomikasi boʻyicha oʻzbek olimlari tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar haqidagi maʼlumotlarni qiziqish bilan tingladilar. Shuningdek, vazir maʼruzada ushbu usullarni boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari va dorivor oʻsimliklarga qoʻllash amaliyoti, Oʻzbekiston uchun genom seleksiyasi dasturlarini yaratish va virtual seleksiya, biologik faol birikmalarni sintez qilish masalalariga toʻxtaldi.

Oʻz oʻrnida Lazlo Palkovich Vengriya innovatsion ekotizimi rivojlantirishda Vengriya tajribasi mavzusida taqdimot oʻtkazdi.