Yangilik 25.11.2021 171

Vodorod energetikasi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazildi

“InnoWeek.Uz-2021” Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida “Oʻzbekiston Respublikasida vodorod energetikasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda energiya samaradorlikni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

Unda  qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, “yashil” vodorod texnologiyalarini rivojlantirish sohalarida mahalliy va xalqaro darajadagi amaliyotchi-mutaxassislar va tadqiqotchi-olimlar oʻz maʼruza va taqdimotlari bilan ishtirok etdilar.

Xususan, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE), Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), USAIDning “Power the Future” mintaqaviy dasturi, Rossiyaning Energetika muammolari instituti, Fransiyaning Eks-Marsel universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti, Xitoy Fan va texnologiya universiteti olimlari va ekspertlari qatnashdilar.

Konferensiya davomida mamlakatda vodorod energetikasi texnologiyalarini rivojlantirishga oid bajarilayotgan tadqiqotlar natijalari va joriy ishlarga bagʻishlangan Oʻzbekiston Respublikasida vodorod energetikasining rivojlanishi holati boʻyicha yillik hisobot taqdimoti oʻtkazildi. taqdimotda vodorod texnologiyalarini rivojlantirishga oid bir qator tadqiqot rejalari haqida toʻxtalib oʻtildi. Jumladan,  vodorodni saqlash uchun moʻljallangan gʻovakli materiallarni, metalgidridlarni ishlab chiqarish, vodorod yoqilgʻi elementlarini takomillashtirish boʻyicha tadqiqotlar hamda vodorod texnologiyalari sohasiga oid laboratoriya uskunalarini xaridiga moliyaviy mablagʻ ajratilishi toʻgʻrisida maʼlumotlar berib oʻtildi.

Hozirda vodorod energetikasiga muqobil energiya manbasi sifatida rivojlangan mamlakatlarga tobora katta eʼtibor berila boshlandi. Xususan, Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan Vodorod strategiyasiga koʻra, 2024-yilgacha 6 GVt dan kam boʻlmagan vodoroddan energiya olish quvvatlarini ishga tushirish hamda 1 mln. tonna vodorod olish, 2030-yilga kelib, bu koʻrsatkichni 10 mln. tonnaga yetkazish maqsad qilib olingan.

Shuningdek, Bloomberg prognozlariga koʻra, 2045-yilga kelib butunjahon energetikasida vodorod yoqilgʻisining ulushi 24% ga yetadi, vodorod narxi tabiiy gazning bugungi narxigacha pasayadi, vodorod sohasiga kiritiladigan investitsiyalar miqdori 11 trln. AQSH dollariga yetadi, vodorod savdosining yillik hajmi 700 mlrd. AQSH dollarini tashkil etadi.

Taʼkidlash joizki,  yurtimizda quyosh va shamol energetikasi loyihalarini jadallik bilan amalga oshirish talab etiladi va 2030-yilga kelib ishlab chiqiladigan elektr energiyasining umumiy hajmidagi qayta tiklanuvchi energetikaning ulushini 13,8 % ga yetkazish belgilangan. Quyosh va shamol energiyasining asosiy kamchiligi – bu uning oʻzgaruvchanligi, yaʼni shamol toʻxtaganida yoki kun botganida energiya ishlab chiqarilishi keskin toʻxtaydi va energetika tizimda ushbu kamaygan miqdorni boshqa manbadan tezkor qoplash zarurati yuzaga keladi. Ushbu manba sifatida vodorod gazining istiqbollari yuqori baholanmoqda.

Shu munosabat bilan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ustuvor yoʻnalish sifatida “yashil” vodorod boʻyicha qator amaliy ishlar yoʻlga qoʻyildi. Umumiy qiymati 5,9 mlrd. soʻmlik sohaga oid 4 ta loyiha boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda.