Yangilik 16.01.2022 346

Sunʼiy yoʻldosh yaratish ishlari qanday ketyapti?

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi Milliy ofisi tomonidan aerokosmik tadqiqotlar olib borilmoqda. Hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida Aerokosmik oʻquv-tadqiqot laboratoriyasi faoliyat yuritadi. Mazkur laboratoriya Cube sunʼiy yoʻldoshini yigʻish orqali oʻquv-tadqiqot ishlarini amalga oshirishga moʻljallangan. Laboratoriya shuningdek, kosmik radio signallarini oʻrganish, quyosh tizimi va uzoq masofali obyektlardan radiouzatish uchun antenna texnikasidan amaliy foydalanish uchun moʻljallangan. Aerokosmik laboratoriyasiga qoʻyilgan asosiy vazifa telemetriya va yer yuzasini geodeziyasi hisoblanadi.

Barchaga maʼlumki, sunʼiy yoʻldoshni yaratish va uni kosmosga olib chiqish koʻp yillik tadqiqotlar va oʻrganishlarni talab etadi. Hozirda aynan shu rejaga koʻra Aerokosmik oʻquv-tadqiqot laboratoriyasining yosh xodimlari tomonidan kosmik maʼlumotlarni, jumladan havo harorati, bosimi, chang miqdori kabi koʻrsatkichlarni yerga uzatish imkonini beruvchi kichik sunʼiy yoʻldosh qurilmasi ishlab chiqildi hamda 2021-yilda atmosferaning stratosfera qatlamiga (50 ming metr) bir necha bor olib chiqildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan 2021-yil 21-avgust kuni kichik sunʼiy yoʻldosh hamda davlatimiz bayrogʻi stratosferaga uchirildi. Natijada, hozirda kichik sunʼiy yoʻldosh tomonidan qayd etilgan koʻrsatkichlar asosida aerokosmik laboratoriyada oʻquv-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, sunʼiy yoʻldosh yaratish, uni kosmosga olib chiqish va undan keyinchalik foydalanish uchun malakali kadrlar zarur. Aerokosmik oʻquv-tadqiqot laboratoriyasida iqtidorli talaba yoshlarni jalb etilgan holda oʻquv dasturlarii amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur dasturlarning natijasi oʻlaroq 4 nafar talabadan iborat jamoa AQSHning FIRST GLOBAL kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro musobaqada ishtirok etdi. FIRST GLOBAL – Ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika boʻyicha taʼlim berish orqali yetakchilik va innovatsiyalarni rivojlantirishga hissa qoʻshuvchi tashkilot. Musobaqa yakunida kichik sunʼiy yoʻldosh – Cube Sat ishlab chiqildi hamda stratosfera qatlamiga uchirildi. Aerokosmik oʻquv-tadqiqot laboratoriyasida ishlab chiqilgan Meteo Cube Sat kichik sunʼiy yoʻldosh (nano sputnik) bilan troposfera va stratosfera qatlamlaridan muayyan maʼlumotlar qoʻlga kiritildi. Bular keyingi parvozlar va tadqiqotlar uchun zarur maʼlumotlar hisoblanadi.

Oʻz navbatida Cube Sat-kichik sunʼiy yoʻldoshlarni dasturlash va texnik yordam bilan ishlash boʻyicha ham ulkan maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Ushbu maʼlumotlarga asoslangan holda endilikda boshqa yoʻnalishlar boʻyicha yangi kichik sunʼiy yoʻldoshlar ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Bundan tashqari, 2021-yilning 2-noyabridan UNICEF, Tech4Impact NNT va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida STEM sohalariga qiziquvchi qizlar uchun UniSat xalqaro taʼlim dasturi ishga tushirildi. Qizlarning kosmik tadqiqotlarga qiziqishini oshirishga qaratilgan ushbu dastur davomida Oʻzbekistonning barcha viloyatlaridan tanlovdan oʻtgan 15-24 yoshli qizlar nano sunʼiy yoʻldoshni loyihalashtirib, uni yigʻadilar hamda stratosferaga uchiradilar. Hozirda joriy yil fevral oyiga qadar ishtirokchilar onlayn va oflayn seminarlar, amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etmoqdalar. Mazkur seminarlar va mashgʻulotlarda eng yaxshi koʻrsatkichlarni namoyish etgan 20 nafar eng yaxshi ishtirokchi Olmaota shahrida nanoyoʻldoshni yigʻish boʻyicha amaliyot oʻtaydilar. 2022-yil 12-aprel kuni esa qizlar yiqqan nanoyoʻldosh stratosferaga uchiriladi.

 

Manba: https://mininnovation.uz/news/post-316