Yangilik 12.01.2022 476

Koronavirus bilan kasallangan bemorlar monitoringi boʻyicha maʼlumotlar

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida koronavirus infeksiyasi xususiyatlarining genomik, epidemiologik, immunologik va klinik tadqiqotlariga qaratilgan ilmiy loyihalarni tanlash boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi guruh tashkil etilgan.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan koronavirus infeksiyasi xususiyatlarini oʻrganishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi tassarufidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va ixtisoslashgan tibbiyot markazlari hamda klinikalari tomonidan bajarilmoqda. 


Mazkur tadqiqotlarning biri sifatida Zangiota va Toshkent Tibbiyot akademiyasi klinikasida davolangan 9500 nafar bemorlarning 2019-2021-yillar uchun anketalari raqamlashtirilib, maʼlumotlar bazasiga kiritildi. 2021-yilning fevral oyidan boshlab turli ogʻirlikdagi guruhlarda 1400 nafar bemorlarning klinik sinovlari boshlandi, ular keng koʻlamli tahlillar (har 5 kunda) va tuzalganidan keyingi monitoringni oʻz ichiga oladi.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, semizlik kabi xavf omillari koronavirus kasalligining ogʻir shakli boʻlgan bemorlarni gospitalizatsiya qilish xavfini oshiradi,  oʻlim xavfini esa 4,2 baravarga oshirgan. Anamnezida miokard infarkti boʻlgan bemorlarda anamnezida bunday kasallik boʻlmagan bemorlarga qaraganda 6 oy ichida ikkinchi marta yurak xurujiga duchor boʻlish ehtimoli 3,3 baravar yuqori. Chekish tufayli oʻlim xavfining ortishi esa 2,6 barobarga teng.

Koronavirus kasalligini oʻtkazgandan soʻng har qanday lokalizatsiyadagi trombozning yangi holatlari, umumiy aholi orasida kasallik kechishining ogʻirligidan qatʼi nazar, 5,2 baravarga koʻpayishi kuzatilmoqda. Biroq kovid kasalligini ogʻir oʻtkazgan bemorlarda bu xavf 12,5 baravarga oshgan. Oʻlimga olib keluvchi eng xavfli asoratlar bosh miya sinuslari trombozidir (tahlil qilingan anketalardan 22 ta holatda aniqlangan kavernoz sinus trombozi koviddan soʻnggi davrdan keyingi 6 oy ichida 15 ta oʻlimga olib keldi). 

Ogʻir boʻlmagan shakldagi COVID-19 bilan kasallangan bemorlarning 30% va ogʻir hamda oʻta ogʻir shakllari bilan kasallangan bemorlarning 45% dan ortigʻida “Antistreptolizin” test-analiz koʻrsatkichlari ikkilamchi infeksiya, sepsis, buyraklarning koviddan keyingi davrda yalligʻlanishi, LOR aʼzolarining yalligʻlanish asoratlari kuzatilgan boʻlib, kasallikning rivojlanish xavfini aniqlash va davolash taktikasini oʻzgartirish, xususan, antibiotiklardan foydalanish uchun kasalxonaga yotqizilgan barcha bemorlarga ushbu testni oʻtkazish tavsiya etiladi.


Manba: https://mininnovation.uz/news/post-305