Yangilik 09.01.2022 489

Tarjimashunoslik va lug'atshunoslik innovatsiya markazi binosi Navro'z arafasida ishga tushadi

«Tarjimashunoslik va lug'atshunoslik innovatsiya markazini tashkil etish asosida lug'at va matn tarjimoni intellektual platformasini yaratish» maqsadli amaliy loyihasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 6 mlrd.so'm mablag' bilan moliyalashtirilgan bo'lib, ushbu loyiha Andijon davlat universitetining chet tillar fakul`teti negizida amalga oshirilishi belgilangan.

Loyiha bilan yaqindan tanishish va uni o'z vaqtida belgilangan kalendar` grafik asosida bajarilishini nazoratga olish hamda monitoring qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish boshqarmasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tarjimashunoslik va lug'atshunoslik innovatsiya markaziga tashrif buyurdi Boshqarma mutaxassislari loyiha tashabbuskori va rahbari Muxtorxon Umarxo'jaev bilan uchrashib, loyihaning amaliy ahamiyati va keyingi istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Suhbat davomida ushbu markazda tashkil etishi rejalashtirilgan lug'at va matn tarjimoni intellektual platformasi, mobil ilova va tarjimon dasturi, sun'iy ong platformalari asosida elektron lug'atlar va yana bir qator loyihalar bilan yaqindan tanishdilar. Markaz faoliyatini yanada rivojlantirish, yaqin kelajakda amalga oshiriladigan maqsadli loyihalarni Innovatsion rivojlanish boshqarmasi bilan hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan qator kerakli tavsiya va maslahatlar berildi. Jumladan, ushbu innovatsion markazga yoshlarni yanada kengroq jalb qilish, jahondagi etakchi tarjimashunoslik va lug'atshunoslik markazlari bilan maqsadli ilmiy-amaliy hamkorlikni yo'lga qo'yish zarurligi ta'kidlab o'tildi.

Tashrif davomida ishchi guruh ushbu markazda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan ham tanishib, bunyodkorlik ishlarini ko'zdan kechirdilar. Tarjimashunoslik va lug'atshunoslik innovatsiya markazini joriy 2022-yil Navro'z bayrami arafasida tantanali ravishda ishga tushirish, ushbu jarayonlarga vazirlik va viloyat hokimligi mutasaddi rahbarlarini taklif etish, markaz faoliyatini keng jamoatchilikka etkazish uchun OAV vakillari bilan o'zaro hamkorlik qilish masalalari yuzasidan o'zaro fikr almashildi.

Manba: https://mininnovation.uz/news/post-131