Yangilik 14.02.2022 830

O'zbekistonda sun'iy qor va yomg'ir yog'diriladi

Bu yil ham qish biz kutgandek bo'lmadi. Bir qarasang, kuz havosi, bir qarasang bahoriy iliqlik. Dunyoda kechayotgan global isish, iqlim o'zgarishlari fasllarga tobora kuchliroq ta'sir ko'rsatmoqda. Yildan-yilga yog'in va qorning kamayishi kuzatilyapti. Natijada cho'llanish, qurg'oqchilik, changlanish kabi oqibatlar soni keskin oshmoqda.

Sayyoramiz aholisi masalaning yechimlaridan biri sifatida sun'iy usul orqali yomg'ir yog'dirish texnologiyasidan foydalanib turadi. Tajriba doim bahsli muzokalarni yuzaga keltirgani, qolaversa, anchagina qimmat texnologiya bo'lgani bois, jahonda keng qo'llanilganiga hadeb ham guvoh bo'lavermasdik. Ammo oxirgi yillardagi iqlim o'zgarishlari tufayli sun'iy tarzda yomg'ir yog'dirish amaliyoti qator davlatlarda ommalashib boryapti. Jahon meteorologik tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, hozirgi kunda 56 taga yaqin davlat, xususan, Xitoy, Indoneziya va AQSH kabi mamlakatlarda bu tajriba qurg'oqchilikka qarshi kurashishda keng qo'llanilmoqda. O'tgan yili Birlashgan Arab Amirligi va Saudiya Arabistonida atmosfera havosiga faol ta'sir qilish natijasida qor yog'dirildi.

Sun'iy tarzda yog'ingarchilikni hosil qilish amaliyotda bulut “ekish” texnologiyasi deb ham ataladi. Mazkur tajriba yurtimiz olimlari uchun ham begona emas. Bu yo'nalishdagi izlanishlar Gidrometeorologiya instituti bazasida 1963-yilda boshlangan. eng oxirgi ilmiy tadqiqot esa 1990-yillarda bo'lgan. Biroq o'tgan 30 yil davomida moliyaviy masalalar sabab ilm tashlab qo'yilgan edi. Kuni kecha institut jamoasining ma'lum qilishicha, olimlar qaytadan mazkur texnologiya ustida ishlarni boshlab yubordi. Ya'ni, endilikda, O'zbekistonda sun'iy tarzda qor va yomg'ir yog'dirish amaliyotda qo'llanila boshlaydi.

— Yaqin yillargacha loyihalar grantlari asosida kun ko'rgan institutning davlatimiz rahbari topshirig'i bilan doimiy moliyalashtirishga o'tkazib berilgani bu boradagi izlanishlarni faollashtirishga keng yo'l ochdi, — deydi O'zgidromet bosh direktori Sherzodho'ja Habibullayev. — Tajribani jadallashtirishimizdan ko'zlangan asosiy maqsad istalgan vaqt va joyda qor yoki yomg'ir yog'dirish emas, balki, avvalo, ilmni rivojlantirish, uzoq yillik tajribaga ega olimlarimiz salohiyati yordamida bu boradagi imkoniyatlarimizni ro'yobga chiqarishdan iborat. Qolaversa, global isish ko'rsatkichlari ortib borayotgan bugungi davrda ushbu texnologiyani amalga oshirishga ehtiyoj bor. Ayniqsa, bizning hududimiz issiq o'lkalar qatoriga kiradi. Agar raqamlarga qaraydigan bo'lsak, dunyoda bug'lanish ko'rsatkichi 1-1,5 daraja, O'zbekistonda esa 2-3 darajadan yuqori ekani ko'rinyapti. Bu, o'z-o'zidan qishda qor kamayib, yozda me'yoridan issiqroq bo'lishiga olib kelmoqda. Agar biz hozir sun'iy yomg'ir yog'dirish texnologiyasi bo'yicha ilmiy izlanishlarni rivojlantirmasak, bu yo'nalishda boshqa davlatlarga bog'liq bo'lib qolishimiz mumkin. Vaholanki, qo'shni diyorlarda ham bu borada hali tajriba yo'q. Bizning eng katta yutug'imiz, olimlarimizning texnologiya bo'yicha uzoq yillik ilmiy izlanishlari, tajribalari bor. Shu jihatdan, natijaga tezroq erishish imkoniyatimiz yuqori.

Dronlar missiyani bajara oladimi?

Tadqiqotni buyurtma asosida olib borish rejalashtirilgan. Hozirda ko'plab tashkilotlar, hatto, turk investorlari loyihaga qiziqish bildirmoqda. Ilk muzoqarachilar esa gidrogeologiya yo'nalishida ish olib boradigan respublikadagi eng katta tashkilotlardan biri ekani aytilmoqda. O'zaro hisob-kitob ishlari yakuniga etgach, texnologiyani qo'llash jarayonlari boshlanadi. Hozircha nomi ochiqlanmagan tashkilot faoliyati suv sohasi bilan bog'liq bo'lgani bois, institut ilk bosqichda texnologiyani daryo xavzasining yuqori tog'li qismida amalga oshiradi. Keyinchalik tog'li hudud, qishloq xo'jaligi erlarida sun'iy yomg'ir yog'dirish ko'zda tutilgan.

Xo'sh, amaliy jarayon qay tarzda amalga oshiriladi? Umuman, bolaligimizda sevib tomosha qilganimiz bir mul'tfil'mdagi kabi bulutdan har kim “o'z yomg'iri”ni yog'dirishi mumkinmikan. Gidrometeorologiya institutida uzoq yillardan buyon ishlab, mazkur texnologiya ustida olib borilgan ilk izlanishlarda qatnashgan, geografiya fanlari nomzodi Baxtiyor Qodirov bulutlarni boshqarish “siri”ni ochiqladi.

— Sun'iy tarzda yomg'ir yog'dirish uchun tanlangan bulutga kerakli dorilarni sepish talab etiladi, — deydi olim. — Hozirgi kunda bunday dorilar xilma-xil. Masalan, shulardan biri kumush yodid. U o'tgan asrning 30-yillarida topilgan. Muzlatish effekti juda yuqori. Ikkinchisi, xladoreagentlar, ya'ni muzlatuvchi, tabiatga mutlaqo zararsiz dori vositalari. Bundan tashqari, bulutga tuzga o'xshagan gidroskopik vositalar sepish ham ommalashgan. Shuningdek, sun'iy yomg'irni mexanik usulda yog'dirish mumkin. Bunda nam havo muzlab, bulutga aylanishi uchun balandlikka ko'tariladi. Katta turbina orqali atmosferaga ko'p miqdordagi issiq havo haydaladi. Bunda nam havo balandlikka ko'tariladi va u yerda harorat pasayish natijasida muzlash jarayonida bulutga aylanadi. Natijada, bulut hosil bo'lib, yomg'ir yog'adi. Mazkur usulni bundan 500 yil oldin Afrikadagi qabilalar ham qo'llagan ekan. Yomg'ir kerak bo'lganda, savanna degan o'tlar yoqilib, hosil bo'lgan katta yong'in havoga ko'tarilgan va osmonda bulutga aylanib, yomg'ir yoqqan.

Dorilarni belgilangan bulutlarga etkazib berish texnologiyaning eng qimmat qismi hisoblanadi. Boisi, jarayonda qo'llaniladigan texnikalar arzonga tushmaydi. Bulutlarga reagentlar — kumush yodid yoki quruq muzni sepishning bir qancha usullari bor. Birinchisi, samolyotlardan foydalanish. Ikkinchi yo'li, yerdan turib, dorilar raketada otiladi. Uchinchi usul esa, generatorlar yordamida yomg'ir yog'dirish deyiladi. Bunda ma'lum bir nuqtalarga generatorlar o'rnatilib, ular yordamida kimyoviy reagentlar atmocferaga purkaladi. Bu asosan, tog'li hududlarda qo'llaniladi. Bulutlarga dori sepishning eng so'nggi, zamonaviy usuli esa dronlardan foydalanish hisoblanadi. Ushbu texnologiya Buyuk Britaniyaning Reding va Bas universitetlari olimlari tomonidan yaratilgan bo'lib, hozirgi kunda Britaniya va BAAda sinalgan. Ammo olimlarimizning aytishicha, dronlar usuli bizning hududga unchalik to'g'ri kelmaydi. Boisi, ular bizning iqlim, ayniqsa, tog'li hudud sharoitida muz bilan qoplanib qolinishi mumkin. Muz qoplangan dron esa missiyasini yakunlamay turib, og'irlashib erga qulaydi.

Bulutlarning hammasi ham olimlar uchun manfaatdor bo'lmagani holda, ularga dori sepish samara bermaydi. Dori ish berishi uchun bulutning kerakli qatlamida muzlamagan suv zarrachasi bo'lishi shart. Shundagina dori sepish natija berib, yomg'ir yog'adi.

Yog'ingarchilik 15 foizga oshadi

Bolaligimizda yirik davlat tadbirlari oldidan to'p orqali bulutlar tarqatilib, kuchli yomg'ir va do'lning oldi olinishi haqida ko'p eshitardik. Olimlar chindan ham bulutlarni haydash borasida tajribaga ega ekanimizni ta'kidladi. Ammo sun'iy tarzda yomg'ir chaqirish yoki qor yog'dirish usullari ham institut mutaxassislari uchun yangilik emas. Ilmiy izlanishlar yillar davomida V.Kurbatkin, O.Jo'raev, X. Imomjonov, B.Qodirovlar tomonidan davom ettirilgan. Bugun ular o'z ishlarini shogirdlariga o'rgatmoqda.

—  Olimlar 1963-yilda Pskem daxasida tajribani ilk marta qo'llaganda, balandligi ikki kilometrgacha ko'tariladigan kichik raketalardan foydalangan, — deydi institut laboratoriyasi olimi Baxtiyor Qodirov. — O'shanda raketalar bulutlarga otilib, sun'iy yomg'ir yog'dirilgan. O'tgan asrning 90-yillarida Toshkent, Farg'ona vodiysi shimoli va Qashqadaryo tog' va tog'oldi hududlarida qator tajribalar o'tkazilgan. Jarayonda ta'sir zonalarida atrofga nisbatan 15 foiz ko'p yog'in bo'lgani ilmiy isbotini ham topgan. 2000-yilda esa shimoliy Qozog'istonning Kostanay viloyatida o'tkazilgan tajribalarda bir guruh o'zbek olimlari qatorida qatnashdim. Vazifamiz bug'doy maydonining ustida sun'iy yomg'ir yog'dirishdan iborat edi. Gap shundaki, qo'shni mamlakatda barcha texnikalar bor, ammo bu yo'nalishda mutaxassis yo'q bo'lgan. Shu bois, ular bizga murojaat qilishgan. Xullas, jamoa bilan yoz bo'yi o'sha erda ishlab, iyul`-avgust oyida sun'iy yomg'ir yog'dirib berganmiz. Natijasi kutganimizdek bo'lgan.

Baxtiyor akaning o'zi ilk tajribalarini Qashqadaryodagi 200 ming gektar lalmikor yerda bulutga raketa otish orqali yomg'ir yog'dirishdan boshlagan. Viloyat miqyosida qo'shimcha suv olish yo'llarini meteostantsiya, lokatorlar olgan ma'lumotlar asosida baholab bergan. Mazkur texnologiyani selga qarshi ishlatish bo'yicha ham hisoblash modellari bor. Olimning fikricha, bu tajribani selning oldini olish va uning salbiy okibatlariga qarshi ham qo'llash mumkin va bu kutilgan natijani beradi.

Nam oqim tutib qolinadi

Yomg'ir va qor ko'rinishidagi yog'ingarchilik miqdorini oshirish, do'lni bostirish, ob-havoni o'zgartirish, o'z-o'zidan, atmosferaga faol ta'sir etish hisoblanadi. Shu bois, sun'iy yomg'ir yog'dirish borasidagi bahslarda ko'proq ekologlar tomonidan tabiatning tizimiga aralashuviga oid e'tirozli savollar beriladi. Ammo mutaxassislarning aytishicha, tajribalarning bari atmosfera tsikliga emas, balki nam havo oqimlariga ta'sir etish evaziga amalga oshiriladi. Bunda BMT tomonidan 1977-yilda qabul qilingan Atmosfera muhitini o'zgartirish konventsiyasi standartlariga to'liq rioya etiladi.

Ish davomiyligida har bir jarayon, xususan, bulutlarning qalinligi, holati, yurishi va boshqa barcha ma'lumotlar maxsus radiolokatorlar orqali nazoratga olinadi. Muntazam ishlovchi lokatorlar kamida uch soat oldin bulut yomg'irli yoki yo'qligini ko'rsatib beradi. Hozirgi zamonaviy texnologiyalar esa barcha hisob-kitoblarni aniq amalga oshirish imkonini beradi. Ma'lumotlarga ko'ra, oxirgi vaqtlarda O'zbekistonda yil davomida atigi 200—240 soat, ya'ni 9-10 sutka yomg'ir yog'ar ekan. Ya'ni, tsikllilik, havo namligi o'tgan asrga nisbatan kamayib boryapti. Mutaxassislarning aytishicha, boshqa hududlardan kelayotgan nam havolar kamroq vaqt oralig'ida yurtimizdan o'tib ketmoqda. Masalan, bir hafta oldin mamlakatimizdagi sovuq iqlim qo'shni davlatga chiqib ketib, qorga aylangan. Agar shu qor bizda bo'lganida, qo'shimcha suv olishimiz mumkin edi. Sun'iy yomg'ir yog'dirish texnologiyasi shunday vaqtlardan unumli foydalanib qolishga ham yordam beradi.

Texnologiyaga qo'shni davlatlarda ham ehtiyoj katta. Ayni vaqtda Gidrometeorologiya xizmati markazida ishlayotgan “MODSNOW” dasturi masofadan turib, nafaqat O'zbekiston, balki O'rta Osiyo miqyosida ana shunday ma'lumotlarni olish imkonini bermoqda.

— Dastur hududlarning daryo havzalaridagi qor bilan qoplanish darajasini o'rganadi, — deydi Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti  kichik ilmiy xodimi Akmal G'ofurov. — Ayni paytda u markazning ikkita bo'limida ishlab turibdi. Dastur yordamida qor ko'chkilarini baholash, vegetatsiya davriga qancha suv kelishini bashorat qilish mumkin. U Modis kosmik kemasi ma'lumotlari asosida ishlaydi. Odatda, kosmik kema ma'lumotlarni ikki kun o'tib taqdim qiladi. Biroq kelishuv asosida markazga kosmik kema uchib o'tishi bilan, ma'lumotlar to'g'ridan-to'g'ri uzatiladi. Dasturdan olinadigan kunlik monitoring natijalari asosida sun'iy yomg'ir yog'dirish texnologiyasini samarali qo'llash mumkin. Masalan, daryo havzalarida qor normadan kamligi ko'rinsa, tog'larda sun'iy yomg'irni qor ko'rinishida yog'dirish orqali uni me'yorga yetkazish va kam suvli yil bo'lish ehtimolini bartaraf etish imkoniyati bo'ladi.  

Albatta, yangi texnologiyaning afzalliklari ko'p. Xususan, sun'iy yomg'ir yog'dirish qish kunlari yog'inni ko'paytirish, yoz faslida esa ayni suv kerak bo'ladigan vaqtda suv zaxirasi bilan ta'minlashda yordam beradi. Iqtisodiy samaradorligiga kelsak, suvni ko'paytirish orqali boshqa sohalar, jumladan, qishloq xo'jaligida hosildorlikni oshirish va suvdan elektr energiyasi olish hajmini kengaytirishga hissa qo'shiladi.

Loyihani amalga oshirish orqali yog'ingarchilik ko'rsatkichini 15—20 foizga oshirish mumkinligi aytilmoqda. Hozirda texnologiyaga qiziquvchilar soni ortib bormoqda. Ishlar esa buyurtmalar asosida olib borlishi rejalashtirilgan.