Yangilik 19.04.2022 571

Akademiyada yoshlar koʻpayishidan manfaatdormiz

Taraqqiyot shiddat bilan ilgarilab borayotgan bugungi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining zimmasida oʻzbek ilm-fanini yanada rivojlantirish, zamonaviy ixtiro va kashfiyotlar bilan xalqimiz turmush tarzini yaxshilash, jamiyatimiz aʼzolarining bilimi, saviyasini bundan-da oshirishdek yuksak vazifa turibdi.

Ayni paytda Fanlar akademiyasida faoliyat yuritayotgan olimlarning yosh koʻrsatkichi, davlatimiz tomonidan ilm-fan rivojiga qaratilayotgan eʼtibor va uning samarasi borasidagi savollarga javob olish maqsadida muassasaning masʼul rahbarlari bilan muloqotda boʻldik.

— Haqiqatan, soʻnggi yillarda Fanlar akademiyasiga eʼtibor tubdan oʻzgardi. Uning faoliyatini takomillashtirish va qoʻllab-quvvatlash, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash darajasi va sifatini oshirish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda ilm-fanning rolini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator muhim qonunlar, Prezidentimiz va hukumatning koʻplab farmon va qarorlari qabul qilingan, — deydi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Behzod Yoʻldoshev. — Ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirish borasida salmoqli ishlar bajarilyapti. Mazkur chora-tadbirlar akademik tadqiqotlarning kadrlar, moddiy-texnika hamda moliyaviy bazasini koʻp jihatdan mustahkamlash va ularni mamlakatdagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va muhim innovatsion ishlanmalarga yoʻnaltirish imkoniyatini bermoqda.

Bugun Fanlar akademiyasida faoliyat yuritayotgan olimlarning oʻrtacha yoshi ham ancha yashargan. 2016-yilda FA tizimidagi fan doktorlarining oʻrtacha yoshi 67, fan nomzodlari (PhD)niki 58 yoshni tashkil etgan. Oxirgi yillarda mamlakatimizda ilm-fanga eʼtibor, moddiy qoʻllab-quvvatlov natijasida yoshlarning ilmga kirib kelishi keskin ortdi. Natijada 2022-yil holatiga koʻra, FAda fan doktorlarining oʻrtacha yoshi 63, fan nomzodi, falsafa doktorlariniki 50, umumiy xodimlarning oʻrtacha yoshi esa 45 yoshni tashkil etmoqda.

2017-yilda oʻtgan yigirma ikki yilda birinchi marta Fanlar akademiyasi yangi aʼzolarining saylovi boʻlib oʻtdi. Unda Fanlar akademiyasining 32 nafar haqiqiy aʼzosi (akademiklar) saylandi. Dunyodagi nufuzli ilmiy hamjamiyatlarda mustahkam oʻringa ega zabardast olimlar akademiya aʼzoligiga Prezidentimiz tomonidan tasdiqlandi.

2012–2016-yillarda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda iqtisodiyot sohasiga berib yuborilgan qator muassasalarning soʻnggi besh yilda akademiya tizimiga qaytarilishi, yangi ilmiy dargohlar tashkil etilishi orqali Fanlar akademiyasining ilmiy muassasalari soni qariyb bir yarim mintaqaviy boʻlimlar mavjud. Mintaqaviy boʻlimlar Qoraqalpoq boʻlimi (tarkibiga ikkita ilmiy tashkilot kirgan), Navoiy boʻlimi va Xorazm Maʼmun akademiyasi, Botanika bogʻidan iborat. Shuningdek, tizimda “Fan” nashriyoti, asosiy kutubxona ham ishlayapti. Ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha yigirmadan ortiq mavzuli jurnal hamda “Fan va turmush” ilmiy-ommabop jurnali nashr etib kelinmoqda.

Yaratilgan imkoniyat, koʻrsatilayotgan eʼtibor ilm-fanda oʻz natijasini bera boshladi. 2017-yilda Navoiy konmetallurgiya kombinatining tashkiliy, moddiy-texnik va moliyaviy koʻmagida Fanlar akademiyasining innovatsion turdagi Navoiy filiali tashkil etildi. Akademiyaning qayta tiklangan Yadro fizikasi institutining ilmiytadqiqot yadro reaktori qayta ishga tushirildi. Bu uning “Tezlatkich” MCHJ va “Radiopreparat” DK ishlab chiqarish tashkilotlarida radioizotop mahsulotlar tayyorlash hajmini oshirdi. Natijada radioizotop mahsulotlarga mamlakatning ehtiyojini toʻliq qondirish, valyutani tejash va mahsulot eksportini yoʻlga qoʻyish imkoniyati paydo boʻldi.

Yurtimizda birinchi marta Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti huzurida GMP (Good management practice) xalqaro talablar asosida yangi dori substansiyalari ishlab chiqarish texnologiyasini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ilmiy-texnik markaz tashkil etilgani ham oʻziga xos yangilik boʻldi. Bu yerda import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltiriladigan qirqdan ortiq dori-darmon ishlab chiqarish texnologiyalari farmatsevtika korxonalariga beriladi.

Buning uchun mamlakatimiz olimlari fundamental tadqiqotlar asosida yangi innovatsion ishlanmalarni joriy etish, yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini ishlab chiqish, mahalliy farmatsevtika korxonalarini dori moddalari substansiyalari bilan taʼminlash, ishlab chiqarish quvvatini oshirish hamda ishlab chiqarishning xalqaro standartlariga muvofiqlashtirish ishlarini olib boradi. Bugun markazda hosildorlikni bir necha barobar, eksport hajmini ikki barobar oshirish, shuningdek, boshqa bozorlarga chiqish uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.

Yaqinda Oʻsimlik moddalari kimyosi institutida Klinikagacha boʻlgan tadqiqotlar ilmiy markazi ish boshladi. Unda GLP standartlari amal qiladigan mamlakatlar tomonidan mahalliy olimlar ilmiy natijalarining oʻzaro tan olinishini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Jarayonda xalqaro sifat standartlariga javob beradigan yangi avlod dori-darmonlar ishlab chiqariladi. Markaz ishlanmalarni Yevropa, MDH, Xitoy, Yaponiya va boshqa davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashadi. Bu mamlakat iqtisodiyoti, aholi talabi uchun ham manfaatli. Gap shundaki, ilmiy texnologiyalarning xalqaro miqyosda tan olinishi mahalliy dori-darmonlarning eksport bozorini kengaytirib, isteʼmolchilarni past sifatli va xavfli dori-darmonlardan himoya qiladi.

Umuman, bugun ilm qilaman, yangilik yarataman, degan olimlar uchun barcha sharoit yaratilyapti. Bu shunchaki gap emas. Masalan, bundan 6-7 yil oldin ilmiy tashkilotlarda olimlar arzimas maoshga ishlagani sababli ilmga yoshlarning kirib kelishi, uni davom ettirishi asosiy muammolardan edi. Bugun esa yoshlarning oʻzi ilm-fanga qiziqish bildirmoqda. Olimlarning oylik maoshi oshgan, ilmiy darajaga egalariga esa 30-60 foizli ustama toʻlanyapti.

— Fanlar akademiyasi aʼzolari yoshini yashartirish ishlari allaqachon boshlangan, — deydi FA bosh ilmiy kotibi, texnika fanlari doktori, professor Gʻayrat Bahodirov. — Bu borada qator tashabbuslar amalga oshirilyapti. Yigit-qizlarni ilmiy izlanishlarga qiziqtirish, kengroq jalb etish maqsadida chet eldan koʻplab zamonaviy uskunalar xarid qilindi. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi koʻmagida zamonaviy uskunalardan samarali foydalanishni oʻrganishi uchun yoshlar jahondagi ilgʻor ilmiy markazlarga malaka oshirishga yuborilyapti. Shu bilan birga, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan jahonning nufuzli ilmiy muassasalarida bakalavriat, magistratura, doktorantura amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Oliy taʼlim va undan keyingi taʼlim orasidagi stajyor-tadqiqotchilik instituti qayta tashkil etildi. Bugun Fanlar akademiyasida stajyor-tadqiqotchilarga 100 ta oʻrin berilgan boʻlib, yoshlarga kelgusi yili doktoranturaga kirish uchun ilmiy tadqiqot usullari, zamonaviy yutuqlar, chet tilni oʻrganish, axborot texnologiyalarini oʻzlashtirish va boshqa qoʻshimcha tayyorgarliklar koʻrish uchun sharoit yaratildi. Bu ham yoshlarni ilm-fanga jalb qilishning yana bir bosqichi boʻlib xizmat qilmoqda. Shu omillar sabab, soʻnggi besh yilda akademiya huzuridagi ilmiy markazlarda yoshlar soni ortdi. Ularni ilmga koʻproq jalb qilish maqsadida eng ilgʻor, iqtidorli yigit-qizlarga yuzdan ortiq xonadon imtiyozli asosda topshirildi. Shundan 25 ta uy intiluvchan, ilmiy salohiyati yuqori doktorantlarga bepul berildi. Joriy yil 3-mart kuni koʻp oʻrinli yotoqxona taʼmirdan chiqarilib, yosh oilali olimlar uchun foydalanishga topshirildi.

Bugun yurtimizda tom maʼnoda dunyoga mashhur allomalarning izdoshlari yetishib chiqmoqda. Xususan, ilm yoʻlida izlanayotgan yoshlarimizning bir qanchasi TWAS (Jahon fanlar akademiyasi) akademiyasining qator mukofotlarini qoʻlga kiritgan. Jumladan, oʻzbek matematiklaridan 4 nafari Jahon fanlar akademiyasi akademigi, 6 nafari TWASning yosh olimlar boʻlimi aʼzosi sanaladi. Safimizga bilimli, tirishqoq yoshlar qoʻshilishda davom etyapti. Ular oʻzbek ilm-fanining kelajagidir.

Bir vaqtlar yurtimizda ishlab, hozirda jahonning ilgʻor markazlarida faoliyat yuritayotgan olimlar bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz. Bu borada “El-yurt umidi” jamgʻarmasi muhim platforma boʻlib xizmat qilmoqda. Yoshlarning barcha xarajati, xususan, transport puli, turar joy masalasi, oʻqishi uchun shartnoma mablagʻi jamgʻarma tomonidan toʻlab beriladi. Ochigʻi, yoshlarga bunday gʻamxoʻrlik va eʼtibor 6 yil avval tushimizga ham kirmagan.

Bugun chet ellarda ishlayotgan mutaxassis vatandoshlarimizning toʻrt nafari Fanlar akademiyasi, V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutida oʻrindoshlik asosida faoliyat koʻrsatyapti.

Qolaversa, yoshlarimizning ilmiy tadqiqotini qoʻllab-quvvatlash, ularga koʻmaklashishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Ularning ilmiy izlanishi asosida mahalliy xomashyodan import oʻrnini bosuvchi, eksportbop koʻplab mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, olimlarimiz monosilan va polikristall kremniy olishning yangi texnologiyasini yaratishga muvaffaq boʻldi. Mazkur ishlanma Oʻzbekiston, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Tayvan va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida patent bilan himoyalangan.

2022-yilda ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida xalqaro “Web of Science”, “Scopus” bazasidagi nufuzli ilmiy jurnallarda 500 ga yaqin ilmiy maqola chop etildi. Yetmishga yaqin oʻquv qoʻllanma, 200 ga yaqin monografiya tayyorlanib, shundan 20 tasi xorijda nashr qilindi. 150 ta ilmiy ishlanmaga patentlar va dasturiy mahsulotlar uchun guvohnomalar olindi.

Akademiya olimlarining ilmiy ishlanmalari bugun barcha sohadagi ixtirolarga asos boʻlyapti. Birgina tibbiyotni oladigan boʻlsak, COVID-19, surunkali virusli V va S gepatitlari, bir qancha virusli infeksiyalar, kardiometabolik oʻzgarishlarda autoimmun yalligʻlanish holatlarini immuntashxislash usullari amaliyotga tatbiq etildi. Mahalliy oʻsimliklar asosida yaratilgan ellikka yaqin original dorining oʻndan ortigʻi hozir amaliyotda qoʻllanmoqda. Mahalliy mikroorganizmlar shtammlari asosida import oʻrnini bosuvchi qishloq xoʻjaligi va farmatsevtika biopreparatlarini tajriba tariqasida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy izlanishlar ham oʻz natijasini bermoqda. Xususan, tarmoqda zamonaviy molekulyar va gen muhandisligi texnologiyalari yordamida gʻoʻzaning “Porloq-7”, “Porloq-8”, “Ravnaq-1”, “Ravnaq-2”, “Baraka”, “Saxovat”, “Tafakkur”, “Bardosh” va “Zakovat”, kartoshkaning “Bisyor”, soyaning “Sochilmas” hamda bugʻdoyning “Barkamol” navlari yaratilib, tijoriylashtirishga yoʻnaltirildi. Elita urugʻni koʻpaytirish maqsadida yangi gʻoʻza navlari 30 ming gektardan ortiq, bugʻdoy navlari 1000 gektardan ortiq maydonlarga ekilmoqda.

Uzum va anor navlarining genetik pasporti yaratilib, in vitro usulida viruslardan xoli va sogʻlomlashtirilgan koʻchatlarni koʻpaytirish texnologiyasi yoʻlga qoʻyildi. Qirqdan ortiq yangi oʻsimlik turi kashf etildi. Gulli oʻsimliklarning zamonaviy filogenetik tizimiga asoslanib yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston florasi” kitobining 1-3-jildlari nashr etildi.

Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobining 5-nashri ham chop etildi. Dorivor oʻsimliklarning interaktiv atlasi yaratildi. DNK shtrix kodlash texnologiyasidan foydalangan holda, yurtimizning noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan 4 turkumga mansub 31 oʻsimlik turi 60 ta namunada barkodlandi.

Shuningdek, olimlar tomonidan hasharotlarga oid “Orthoptera Info” maʼlumotlar bazasi, “zoologiya kolleksiyasi”ning toʻliq elektron katalogi va Oʻzbekiston Milliy gerbariysining virtual koʻrinishi yaratildi. Seysmik faol hududlarda joylashgan bino va inshootlarning “Elektron texnik pasport” axborot tizimi ishga tushirildi.

Maydanak observatoriyasida oʻzbek astronom olimlari jahonda birinchi boʻlib Katta Ayiq yulduzlar turkumida yangi yulduzni roʻyxatga oldi. Samarqand viloyatining Kofirqalʼa, Namangan viloyatining Axsikent, Jizzax viloyatining Toshbuloq, Surxondaryo viloyatining qadimgi Termiz yodgorliklaridagi arxeologik tadqiqotlar xalqaro miqyosda eʼtirof etildi. Ular yurtimizga sayyohlar oqimini jalb etishga xizmat qilmoqda.

Soʻnggi yillarda Rossiya Fanlar akademiyasi, Belarus va Qirgʻiziston Milliy Fanlar akademiyalari, Xitoy Fanlar akademiyasi, Moʻgʻuliston, Tojikiston kabi davlatlarning yirik ilmiy muassasalari bilan xalqaro ilmiy-texnik aloqalarimiz sezilarli darajada mustahkamlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida xalqaro ilmiy tashkilotlar alyansining taʼsischilaridan biridir.

Xalqaro tadqiqot markazlari bilan ikki tomonlama aloqalar kengayishi natijasida Suffa yuqori togʻ platosidagi RT-70 radioteleskopi loyihasi qayta tiklandi. Dori-darmon ishlab chiqarish boʻyicha Oʻzbekiston — Xitoy markazi ochilib, qator institutlarda Oʻzbekiston — Xitoy ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda.

YUNESKO, MAGATE (Atom energiyasi xalqaro agentligi), MAAN (Fanlar akademiyalari xalqaro uyushmasi) va TWAS xalqaro tashkilotlari, Rossiya, Ukraina, Belarus, MDH davlatlari va boshqa mamlakatlar, Xitoy, Janubiy Koreya Fanlar akademiyalari bilan samarali ijodiy hamkorlik oʻrnatilgan. Turli mamlakatlardagi nufuzli ilmiy dargohlar bilan ikki tomonlama manfaatli bitimlar tuzilgan.

Jumladan, 2017-yilning noyabr oyida Rossiyaning “Rosatom” davlat atom energiyasi korporatsiyasi bilan yadro energiyasidan tinchlik yoʻlida foydalanish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Bir qator davlatlarning Fanlar akademiyalari bilan ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha bitim amalga oshirib kelinyapti. Jumladan, Janubiy Koreya bilan hamkorlik doirasida Maydanak observatoriyasida tarqoq yulduz gʻujlari va yaqin galaktikalardagi faol jarayonlarni kuzatish maqsadida ellikdan ortiq oqshom fotometrik kuzatuvlari olib borildi. Hamkorlikning muhim yutugʻi oʻlaroq, 2017-yilning may oyida yangi yulduz topilib, “SN 2017ein”, deb nomlandi.

2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi bioxilma-xillik boʻyicha Global axborot portali uyushmasi aʼzosi boʻldi. Shuningdek, Rossiyadagi Yadro tadqiqotlari birlashgan instituti aʼzoligini qayta tiklashga erishdi.

Eʼtiborlisi, mazkur jarayonlarda yoshlarning faolligi sezilyapti. Bugun oʻzbek ilm-fanining munosib vorislari, bilimga chanqoq yangi avlodi yetishib kelmoqda. Ularning jahon maydonida ham aytib kelayotgan oʻz soʻzi bor. Mana shunday yoshlar bugungi Oʻzbekistonning yorqin kelajagidir.