Yangilik 09.05.2022 581

Tinchlik, doʻstlik kuychisi Gʻafur Gʻulom ijodiga ehtirom

Gʻafur Gʻulom taxallusi boʻlib, asl nomi Gʻulomov Gʻafurdir. Gʻafur Gʻulom 1903-yilning 10-mayida Toshkent shahrining Qoʻrgʻontegi mahallasida tugʻilgan. 1963-yilda Oʻzbekiston xalq shoiri sifatida tanilgan. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi boʻlgan. Gʻafur Gʻulomning ijodiy tadriji 3 davrdan iborat. Birinchi davrida Gʻafur Gʻulom koʻplab sheʼr va maqola yozgan. Ikkinchi davri ikkinchi jahon urushi yillariga bagʻishlangan boʻlib, xalq va mamlakat hayoti aks etgan asarlarini qamrab olgan. Jumladan, urush yillarida ota-onasiz qolib, Oʻzbekistonga koʻchirib keltirilgan bolalar haqidagi “Sen yetim emassan” sheʼri yuksak insonparvarlik gʻoyasini ifoda etgan.

Mazkur gʻoyalarni yosh avlodga targʻib etish esa, yangi Oʻzbekistonda maʼrifatli jamiyat konsepsiyasini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunonchi, Toshkent davlat yuridik universiteti talaba yoshlari uchun Gʻafur Gʻulom nomidagi maxsus stipendiya hamda koʻkrak nishonini taʼsis etilgani, boʻlajak huquqshunoslarda Gʻafur Gʻulom ijodiga boʻlgan qiziqishni tobora oshirmoqda. Ayniqsa, huquqshunoslik bilan adabiyotning uygʻunligi talabalarga sheʼriyatga, adabiyotga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirmoqda.

Buning asosiy sabablaridan biri Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi “Atoqli adiblar va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini yoshlar oʻrtasida targʻib qilish hamda Adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda undagi vazifalar boʻldi. Jumladan, qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, universitetda Gʻafur Gʻulom ijodini keng targʻib qilish yoʻlga qoʻyildi. TDYUUda mutasaddi rahbarlar hamda professor-oʻqituvchilardan iborat ijodiy guruh tuzilgan.

Shu bois, talabalar oʻrtasida tez-tez akademik-shoir Gʻafur Gʻulom ijodini oʻrganish va tadqiq etishga oid tadbirlar oʻtkaziladi. Men ham, ana shu ilmiy-maʼnaviy yoʻnalishga qiziqdim hamda mustaqil Gʻafur Gʻulom ijodini oʻrganishga kirishdim. Quvonarli tomoni shundaki, akademik shoir Gʻafur Gʻulom sheʼriyati serqirraligi, rang-barangligi bilan ajralib turishiga amin boʻldim. Qaysi sohaga oid asarini oʻrgansam, yangilikka duch keldim. Mana joriy yilda 30-iyulda ilk bora “Xalqlar doʻstligi” kuni nishonlandi. Shu fursatdan foydalanib, xalqlar doʻstligiga oid sheʼrlarni oʻqiganimda Gʻafur Gʻulom oʻzbek va tojik xalqlarining doʻstligi va qardoshligi toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalarini koʻrdim. Masalan, juda koʻp oʻzbek oilalarida tojik kelinlar, tojik oilasidagi oʻzbek kuyovlar toʻgʻrisida shoirona fikrlarni bildirgan ekan:

“ Xalqlar doʻstligining gullar bogʻidek

Ardoqlab bitdingiz ashʼorlar bisyor.

Oʻzbek tojik qizin koʻz qarogʻidek

Kelinim deganda aytilar yor-yor». Qaranga, bugun Markaziy Osiyoda chegaralarimiz ochiq, quda-anda degan qadriyatlarimiz saqlanib kelmoqda. Turli millat vakili yagona oila bagʻrida tinch yashashi, kelin-kuyov munosabatlari oʻz davridayoq shoir Gʻafur Gʻulom tomonidan madh etilgan.

Ikkinchi holat esa, maʼlumki joriy yilning avgust oyida davlatimiz rahbari mehribonlik uylarida boʻlib, “Mehr” daftari haqida gapirar ekan, har bir tarbiyalanuvchiga alohida eʼtibor berilishini, ayniqsa, Milliy gvardiya tizimini mazkur mehribonlik uylarida masʼul etib belgilagani “Sen yetim emassan” sheʼrining mantiqiy amaliy ifodasi deb bildim. Oʻz davrining dolzarb asari yosh avlodni tarbiyalashdagi qudratli kuch haqida soʻzlovchi “Yoʻldosh” dostoni boʻlgan. Fuqarolik urushida yaqinlari Yoʻldoshdan ayriladi. Boshqa yetim boʻlib qarovsiz qolgan bolalar kabi, bu bolakayga ham davlat gʻamxoʻrlik qiladi — ular uchun boshpana boʻlgan internatlar va bolalar uylari yaratishadi. Bolalar uyi tarbiyalanuvchilari oʻz Vatani mustaqilligi himoyasi uchun doim tayyor turishadi.

Dostonda katta mahorat va iliqlik ila Yoʻldoshning otasi bilan uchrashuvi aks etilgan, oʻz qarziga vafoli insonlar siymosi chuqur va keng ochib berilgan. Vatan himoyachisi mavzusi Gʻofur Gʻulomning 1941 – 1945-yillardagi keyingi ijodida yanada rivojlandi va chuqurlashdi. U odamlarni “bor sabri, bor iqtidori”ni fashistlar ustidan gʻalabaga qaratishga chorlaydi. Shoir urushdan keyingi davrlardagi mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida oʻzbek ayolining oʻrnini tarannum etadi.

Uchinchi holat esa, Gʻafur Gʻulomning (1941 y. 26-iyun) yozilgan “Men yahudiyman” sheʼri oʻsha davrdayoq jahonshumul sheʼr boʻlgani meni hayratga soldi. Bu ikkinchi jahon urushi avj olgan fursatda gitlerchilar yahudiy xalqini butunlay qirib yoʻq qilib tashlamoqchi boʻlib oʻz vahshiyliklarini kuchaytirgan paytida yozilgan boʻlib, butun dunyo ahlini fashizmga qarshi koʻtargan gʻoya va kuch boʻlganiga ishonaman. Hozir ikkinchi jahon urushi tugaganiga, fashizm illatining yoʻq qilib tashlanganiga yetmish besh yil toʻlgan vaqtda ham Gʻafur Gʻulomga hurmat va ehtirom bilan Isroil davlatining shahrida unga haykal oʻrnatilgani shoirning fashizmga qarshi jangovar kurashchi boʻlgani avlodlar xotirasida saqlanayotganidan darak beradi. Gʻafur Gʻulomning asarlaridagi inson taqdiri, inson manfaati insonparvarlik tamoyili asosida yoritilgani boʻlajak huquqshunoslar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Zero, Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, fuqaro va davlat bir-biriga nisbatan mavjud boʻlgan huquqlari va burchlari bilan oʻzaro bogʻliqdir. Fuqarolarning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʻyilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir.Bu tamoyilning maʼnaviy asosi Gʻafur Gʻulom sheʼriyatidir. Oʻzbekiston Respublikasida odamlarning millatiga, diniga, ijtimoiy ahvoliga, siyosiy va boshqa eʼtiqodiga qarab cheklashlar yoʻq. Chunonchi, Konstitutsiyaning eng muhim qismlaridan boʻlgan ikkinchi boʻlimi inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bagʻishlangan. Davlatimiz Asosiy qonunining yana oʻziga xos jihatlaridan biri shundaki, u faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, balki Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi barcha insonlarning muqaddas va daxlsiz huquqlarini kafolatlaydi. Qarangki, bugun “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” tashkil etib, har bir inson shaʼni, qadr-qimmati ulugʻlanmoqda. Bu holat ham Gʻafur Gʻulom ijodida oʻz ifodasini topgan. Jumladan, “Mening oʻgʻrigina bolam” nomi ostida jamlangan qissalar va hikoyalar oʻzbekona hayot tarzi, insonlardagi mehr-oqibat kabilarning qimmatli neʼmat ekanligini anglatadi. Taqdir boshlagan koʻchalarning soʻqmoqlaridan bir-bir oʻtib, unda oʻz yaqinlarini koʻrgandek boʻladi. Oʻzbek xalqining necha asrlardan beri meros boʻlib kelayotgan urf-odatlari ichidan eng qadrlisi-mehmondoʻst xalqni koʻrish mumkin. Yana bir serqirra ijod namunasi sifatida Gʻafur Gʻulom, Pushkin, Lermontov, Griboyedov, Mayakovskiy, Nozim Hikmat, Rustaveli, Nizomiy, Shekspir, Dante, Bomarshe va boshqalarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgani tahsinga loyiqdir. Tariximiz bilan asari Netay» qissasi — keng ijtimoiy umumlashmalarga boy ajoyib asar. Asarda haqiqiy milliy davlatchilikka xos voqea qoʻyilgan. Soʻnggi Buxoro amiri Peterburgga safari chogʻi Toshkentda toʻxtaydi. Amir mamnun va xursand boʻlishi uchun boylar hamma narsa qiladi. Uning huzuriga ermak uchun Netay ismli qizni keltirishadi. Oddiy ishchilar timsoli yoqimli tarzda ifodalangan – urugʻlar va ularning ayollari hayotning qiyinchiliklariga qaramay, maʼnan boy va juda taʼsirchan boʻlgan Netay ismli oʻn yashar qizni boqib olishadi. Qissada Gʻafur Gʻulomning oʻta serqirraligi va iqtidorining moslashuvchanligi va nasr texnikasidan mohirona foydalana olishi namoyon boʻlgan. Darhaqiqat, Konstitutsiyamizning 18-moddasida Respublikamizdagi barcha fuqarolarning tengligi eʼtirof etilib shunday deyilgan: “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklara ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qatʼiy nazar, qonun oldida tengdirlar”. Aynan shu norma Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 2-moddasida belgilanib qoʻyilgan. Shu bilan birga, OʻzbekistonRespubilkasi Konstitutsiyasining 25-moddasiga muvofiq “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega” deyiladi. Ayni ushbu normaning ham fundamental asosi biz yuqorida toʻxtalib oʻtgan muhim xalqaro huquqiy hujjat – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida oʻz ifodasini topgan. Insonning erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati oliy qadriyatdir. Hech kim qullikka yoki asoratga solinishi, sudning hukmisiz yoki ruxsatisiz oʻzboshimchalik bilan qamoqqa olinishi mumkin emas. Har bir inson erkin boʻlib tugʻiladi, shuningdek inson xohlagan joyida istiqomat qilish huquqiga ega. Lekin har doim ham shuni nazarda tutish kerakki, inson qayerda yashamasin, oʻsha yerda amal qiluvchi davlatning qonunlariga itoat etishga majbur. Shu bois, Gʻafur Gʻulomning “Sen yetim emassan”, “Men yahudiyman” kabi asarlari jahonning juda koʻp tillariga tarjima qilingan, ular fashist bosqinchilarini tor-mor keltirishda 2-jahon urushida gʻalabaga erishish uchun kuch, ishonch, gʻurur va mardlik timsoli boʻlib xizmat qilgan.

Tinchlik, doʻstlik va xalq baxtini oʻz ijodida kuylagan Gʻafur Gʻulom asarlari maʼnaviy dunyoqarashimizning beshigi boʻlib qolaveradi.2023-yilda 120-yilligini nishonlaymiz, bizdan keyingi avlod ham atoqli shoirimizning hayoti va ijodini asrlar osha oʻrganadi, ilhomlanadi va gʻururlanadi. YANGI OʻZBEKISTON tarixiy sahifasida Gʻafur Gʻulom oʻzbek xalqining joʻshqin kurashchisi boʻlib muhrlanadi.