Yangilik 28.09.2022 460

O'zbekiston Global Innovatsion indeksda 82-o'rinni egalladi

29 sentyabr kuni  2022 yil uchun  Xalqaro Global innovatsion indeks reytingi natijalari e'lon qilindi. O'zbekiston Global innovatsion indeks reytingida o'tgan yilgidan 4 pog'ona yuqorilab, 132 davlat orasida 82-o'rinni egalladi.

Bu yilgi hisobot “Innovatsion rivojlanishning kelajagi”ga bag'ishlangan bo'lib, u innovatsiyalarning kelgusi o'n yillikda mehnat unumdorligi va jamiyatning farovonligiga ta'sirini baholaydi.

O'zbekiston 2015 yilda 141 ta davlat orasidan 122-o'rinni, uzoq tanaffusdan keyin, 2020 yilda 131 ta davlat orasida 29 pog'onaga yuqorilab, 93-o'rin bilan ushbu reytingga qaytgan edi.

Joriy yilda esa, bu reytingda umumiy 4 pog'onaga ko'tarilib, “innovatsiyalarni joriy etish uchun mavjud resurslar va sharoitlar” (Innovation Input – Kirish indeksi) bo'yicha 7 pog'ona ko'tarilgani – 68-o'rin, “innovatsiyalarni joriy etishda erishilgan amaliy natijalar” (Innovation output – Chiqish indeksi) bo'yicha 9 pog'onaga yuqorilagani – 91-o'rin qayd etilmoqda.

Indeksda mamlakatlar 4 ta daromad guruhiga bo'lingan (yuqori daromad, yuqori o'rta daromad, quyi daromad va past daromad), O'zbekiston o'z guruhida (quyi o'rta daromad) 36 ta davlat ichida 10-o'rinni egallaydi.

Shuningdek, mamlakatimiz Markaziy va Janubiy Osiyo mamalakatlari orasida Xindiston va erondan keyin 3-o'rinni egalladi.

Markaziy va Janubiy Osiyo mamalakatlari orasida O'zbekiston institutlar, inson kapitali va tadqiqotlar, infratuzilma va ichki bozorning rivojlanish darajasi yo'nalishlarida etakchi o'rinlarni egallagan.

Reyting ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekistonning dunyo miqyosida kuchli ko'rsatkichlari: “Ilm-fan va muhandislik sohasida bitiruvchilar soni” – 6-o'rin, “Kapitalni yalpi tarzda to'plash” – 6-o'rin, “Mehnat unumdorligini o'sishi” – 7-o'rin, “Tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash siyosati” – 22-o'rin, “Klasterlarning rivojlanganligi” – 27-o'rin.

Shuningdek, “Oliy ma'lumotli ayollarning ish bilan ta'minlanganligi” ko'rsatkichi bo'yicha mamlakatimiz ilk bor 56-o'rinni egalladi.

Global innovatsion indeks (The Global Innovation Index) – AQShning Kornel universiteti, Frantsiyaning Insead biznes maktabi va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan davlatlarning innovatsion rivojlanishi darajasini baholovchi tadqiqotdir.

Global innovatsion indeks 81 ta ko'rsatkichdan iborat bo'lib, iqtisodiy rivojlanishning turli darajalarida bo'lgan mamlakatlarning innovatsion rivojlanishini tavsiflaydi. Mazkur indeks ikki guruh ko'rsatkichlarining o'rtacha qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi. Birinchi guruhga innovatsiyalarni joriy etish uchun mavjud resurslar va sharoitlar (Innovation Input) – institutlar, inson kapitali va tadqiqotlar, infratuzilma, ichki bozor va biznesning rivojlanish darajasi kiradi. Ikkinchi guruh esa innovatsiyalarni joriy etishda erishilgan amaliy natijalar (Innovation Output) – texnologiyalar va bilimlar iqtisodiyotining rivojlanishi hamda ijodiy faoliyat natijalarini o'z ichiga oladi.

Respublikada innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida innovatsiyalar va texnologiyalarni keng tatbiq qilish, inson kapitalini, ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirish maqsadida 2022–2026 yillarda O'zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi qabul qilingan. Bunda 2026 yilga kelib mamlakatimiz Global innovatsion indeks reytingi bo'yicha jahonning 56 ta ilg'or mamlakati qatoriga kirishiga erishishni bosh maqsad qilib berilgan.